13:38 / 14.10.2018
5 991

Imomning maniken qizi (14-qism)

Imomning maniken qizi (14-qism)
– Bu yerdan ham ketaman.

Nozli xonimning ko‘ngli xotirjam bo‘lgan edi. Eri bilan oralarida hech narsa yo‘qligini bilib chuqur nafas oldi.

Bechora ayol bilmas ediki, Allohga xiyonat qilganlarning ko‘pi ayollariga ham xiyonat qilishadi.

“Bir dona qum zarrasining sirini topganimizda edi, butun yer yuzining sirini topgan bo‘lar edik”

Eynshteyn

Laylo kasalxonadan giyohvandlikka qarshi davolanib chiqib, yana o‘sha uyga, dugonalarining oldiga qaytib keldi.

Imkon topildi deganda Fotima bilan suhbatlashar edi. Layloni Fotimaning so‘zlaridan boshqa hech qanday narsa davolay olmas edi.

Fotima ham shunaqangi go‘zal suhbat qurar ediki... Islomga amal qilinib yashalgan uydagi ilmiy suhbatlar bolalarga juda qattiq ta’sir qilar ekan. Fotima Layloga diniy bilimlar o‘rgatar ekan, o‘zini ham tarbiyalanayotganini sezib hayratlanar edi.

Ertasiga Fotima ish xonada yana falsafashunos Salim bilan uchrashdi. Salim Fotimani ko‘rishi bilan dedi:

– Siz bilan falsafa haqida tortishish juda maroqli-da, Demet xonim. Yana bir tortishmaymizmi?

– Men bilan suhbatlashishning nimasi maroqli ekan, axir men falsafani umuman tushunmasligimni aytgandim-ku sizga.

– Shunisi qiziq-da, ham falsafani tushunmaysiz, ammo tushunmasligingizni ham bilasiz. Bu yaxshi fazilat, ba’zilar bor, hech narsa tushunmasa ham o‘zini bilag‘on qilib ko‘rsatadi. Bilasizmi bugun sizga nima o‘qib bermoqchiman?

– Avval sizdan bir narsa so‘ramoqchi edim, haligi esini yegan faylasuflaring bor edi-ku. O‘shaning oti nima edi?

– Qaysi birining?

– Ha aytgancha, falsafashunoslarning orasida esi pastlari bitta emaski, darrov tushunib olsangiz. Haligi modda aslida yo‘q degani-chi?

– Berkeley, lekin u odam juda hurmatli kishilardan bo‘lgan. Keling u haqda bir narsa o‘qib beray.

– “...Quyoshga qaraganimizda u bizga dumaloq va qizil shaklda ko‘rinadi. Ammo ilm esa quyoshning dumaloq va qizil emasligini isbotlaydi. Shuning uchun ilmga asoslanib, quyoshning ba’zi xususiyatlarini chetlab o‘tishimiz lozim bo‘ladi. Lekin quyoshning ba’zi bir xususiyatlarini chetlab o‘tgan paytimizda, quyoshni umuman yo‘qqa chiqara olmaymiz. Berkeley esa bunday xulosaga kelishda monelik ko‘rmagan...”

Fotima hech narsani tushuna olmagan edi:

– Oxirgi gapni tushuna olmadim. Nima demoqchi u yerda?

– Ya’ni Berkeley Quyoshnining mavjud emasligini uqtirmoqda.

– Aqlini yeb qo‘yibdi, fan bilan isbotlangan butun boshli ko‘rinib turgan Quyoshni yo‘q deya olsa, demak qolgan axmoqlarning ko‘rinmaydigan Allohni yo‘q deyishlariga hayratlanmasa ham bo‘lar ekan-da.

– Kechirasiz, Demet xonim. Axmoq deyayotgan bu odamining fikrini materialist falsafashunoslar rad etgan bo‘lsa ham, qolgan hamma fikrlaridan barcha faylasuflar foydalanishgan.

– Bunday axmoqning fikrlaridan qanday foydalanishdi ekan? Axmoq odamdan fikr olishlari ularning ojiz ekanliklarini bildirmaydimi? Bundan tashqari o‘qigan gaplaringizga qaraganda quyosh yassi va qizil ko‘rinar emish-ku, ilm-fan bunday emasligini isbotlaganmish. Bunga dinimizning nima aloqasi bor? Nima quyoshning yassi va qizil ekanligini dinimiz uqtirgan ekanmi?

– Hamma narsani o‘zingizga olaverasiz-a, din aytgan deyilmagan-ku.

– Deyilgan, ilm-fan kashf qilgan hamma narsaning aksini din aytganidek urg‘u berilgan-ku. Quyoshning dumaloqligiga kelsak, uni yillar o‘tib ham dumaloq deyishimiz mumkin. Rangini esa kim qizil ko‘rgan ekan, menga doim sariq ko‘ringan yoki sizga ham qizil ko‘rinadimi

Salim uni hayrat ichida tinglayotgan edi.

– Bir og‘iz gapimga shunchalikmi? Sal o‘zingizni bosing.

– Aybga buyurmang, mavjudligi aniq ko‘rinib turgan quyoshni yo‘q degan faylasuf meni hayron qoldirdi. Bundan keyin biror faylasufga duch kelib qolsam, sizlar ko‘rinmagan Alloh tugul ko‘rinib turgan quyoshni ham inkor qilasiz-ku, deyman. Ustiga ustak, bu faylasuf deganlari, nega nuqul eski fikrlarni namoyon qilishadi, nega yangi faylasuflar chiqmaydi? Nega ikki ming, besh yuz yil avval yashab o‘tgan kishilarning fikrlarini qadrlashadi-ku, ammo so‘zi har zamonga to‘g‘ri keladigan Muhammad sollallohu alayhi va sallamning so‘zlarini tinglamaydilar. Sababi g‘oyatda oddiy. Dinsizlik...

Salim juda asabiylashib ketganidan endi o‘zini tutib tura olmadi.

– Siz ham juda qiziq ekansiz, xuddi o‘zingiz dinni tushunadiganday.

Fotima qattiq ranjisa ham sezdirmaslikka harakat qildi:

– Albatta tushunaman. Amal qilmasam ham, ishonchim bor.

– O‘zingizni aldab nima qilasiz, Demet xonim. Mayli shunday ham deylik, lekin ishonchingizdan kelib chiqib qanday yashagan bo‘lardingiz?

– Shundoq ham baxtli emasman. Dadam doim Allohga ishonishning foydasi bo‘ladi, der edilar. Islom shunday der emish. Agar siz dinsizlikka ishonganchalik dinga ishongangingizda edi, qachonlardir aytilgan gaplar bilan vaqtingizni zoye etmagan bo‘lar edingiz.

Keyin yana ovozini pasaytirib gapida davom etdi:

– Menga kelsak, men ham adashgan dindorlar bilan iymonsizlarning qurboni bo‘lganman. Meni aslo bu yurishidan mamnun deb o‘ylamang. Yo‘q, men aslida juda juda baxtsiz insonman.

Salim Fotimaning ko‘nglini og‘ritib qo‘yganini faxmladi:

– Sizni xafa qilib qo‘ydim. Aslida savollarimning barchasiga falsafa javob bermagan. Tolstoy aytganidek, “bilim na savollarimga javob bera oldi, na javob bera olmasligini tan oldi. Faqat mazax qilib turdi.”

– Unda nimani tortishib o‘tiribmiz? Din taraf bo‘lsam, dinga amal qilmayotganim uchun ayblanyapman. Agar din aralashmasa falsafa qanday o‘lchovlarni o‘rtaga qo‘yadi?

Bu orada Nedim bey ham kelib qoldi.

– Salom, iyeye, bu nimasi haliyam tortishyapsizlarmi?

Fotima oldin javob berdi:

– Asti so‘ramang, ukangizga hecham aql kirmayapti. Ko‘rib turgan quyoshini yo‘q degan axmoqlarni haliyam inkor qilgani yo‘q. Falsafani ilohiylashtirib olgan, uni aybsiz deb biladi.

Nedim bey tabassum bilan dedi:

– Ha, u o‘zi shunaqa. Allohda ayb topsa topadiki, falsafada ayb topmaydi.

– Yanglishyapsiz, falsafaning kamchiliklarini tan olaman. Biroq yorqin tushunchali falsafashunoslar ham bor. Masalan, Eynshteyn “bir dona qum zarrasining sirini ocha olganimizda edi, butun dunyoning sirini anglar edik” – degan.

Fotima bu gapni ilk marotaba eshitgan bo‘lgani uchun dedi:

– Demak, hali ham qum zarrasining sirini topa olishmagan ekan-da. Albatta, topa olishmaydi. Moddani Alloh yaratdi, degan tushunchani singdira olmas ekanlar, hech bir sirni anglay olishmaydi.

Salim ming‘irlagancha o‘rnidan turdi:

– Siz ham hamma narsaga bir javob topib turasiz, ayb o‘zimda falsafani tushunmaydigan odamlar bilan gaplashib o‘tiribman, - deya xonadan chiqib ketdi.

Shunday qilib Nedim bey uchun ham Fotima bilan gaplashib olishga imkon tug‘ilgan edi.

– Demet, ikkita choy aytib yubor, sen bilan gaplashadigan gapim bor.

Fotimaning yuragi tez ura boshladi:

– Qulog‘im sizda, Nedim bey, eshitaman, – dedi.

Nedim Fotimaning yuziga ma’noli qarab turib keyin so‘radi:

– Demet, isming chindan ham Demetmi?

Fotima bu savolni hecham kutmagan edi:

– Yo‘q, asl ismim Fotima, – dedi.

Birdan ko‘ngli taskin topganini his etdi. Begona ism odamga qanchalik og‘ir yuk bo‘lar ekan-a, deb xayolidan o‘tkazib davom etdi. – Ismimni o‘zim o‘zgartirganman.

– Nega, isming eskicha tuyuladimi senga?

– Yo‘q, boshqa sababi bor.

– Xo‘sh, qanday sabab ekan, menga ayta olasanmi?

– Yo‘q, aytolmayman.

– Quloq sol, bir kuni bir xaridorimiz bu yerga keldi. Seni ilgarigi ish joyingdan bilar ekan, “ismini nega o‘zgartirdi?” – deb so‘radi. Ertaga yana boshqasi kelib sen haqingda boshqa narsa desa, aralashmayman.

Fotima “Nedim bey nega bu ishlarga qiziqib qoldi ekan?” – deb o‘ylanib qolgan edi, Nedim beyning ovozi bilan yana o‘ziga keldi.

– Menga qara, Fotima. Menga to‘g‘risini aytgin, xo‘pmi?

– Bu narsa qanday savol berishingizga bog‘liq, Nedim bey.

– Nima, menga yolg‘on gapirmoqchimisan?

– Yo‘q, balki. Ha. Javob berishni istamasligimni ham aytishim mumkin. Alloh xohlasa, meni xafa qiladigan gap aytmassiz.

– Sen uyingdan qochganmisan?

Fotima boshidan muzdek suv quyib yuborishganday his qildi o‘zini. Bu odam qayerdan bilib qoldi ekan. Endi nima qiladi, nima deydi?

– Mendan yashirma, gapir.

– Ha, afsuski shunday bo‘ldi.

– Nega qochding?

– Shoshib qoldim, o‘ylamasdanmi, axmoqligimdanmi? Qochib ketdim-da. Yoshlar uylaridan qochib ketishlari uchun shunaqangi sabablarni to‘qib tashaydilar-ki... Men ham aynan nima sababli qochib ketganimni ayta olmayman.

– Pushaymonmisan?

Fotimaning ko‘zlari yoshga to‘ldi.

– Juda ham. Ta’riflay olmayman. Bu shunaqangi hiski, boshidan o‘tkazmagan tushuna olmaydi.

– Unda nega qochding?

– Otamdan yashirincha hijobimni yechib, maniken bo‘lgan edim. Dadam ish joyimni topib borib, hammasidan xabar topgach, uyga qaytib bora olmadim.

– Kim seni bu yo‘lga boshladi?

– Otam ishxonamdagi qizlar deb o‘ylaydi, lekin aslida mahallamizdagi qizlarni sotish bilan shug‘ullanadigan Betush xola. Meni rosa avradi. Uning qizlarni oldiniga maniken qilib, keyin sotishini keyin bildim. O‘zi ham ilk manikenlardan bo‘lgan ekan. Ilgari o‘zining manikenlar agentligi bo‘lib, u qizlarni erkaklarning qarshisida yarim yalang‘och yurishga o‘rgatib, keyin o‘sha olamga olib kirar ekan. Meni ham shu niyat bilan necha yillar avval qo‘lga ola boshlagan ekan. Ochiq yurishga bo‘lgan ishtiyoqimni bilgan shekilli menga doim “qomating juda chiroyli, ko‘p pul topishing mumkin” – derdi. Manikenlik kursiga ketadigan xarajatlarimni ham u to‘lagan edi. Hatto bo‘yoq anjomlari-yu berkitib kiyadigan kiyimimgacha u sotib olar edi. Avvaliga men haqimda qayg‘uradi, der edim. Keyin bilsam imom otamdan ham dindorlik qasosini olar, ham o‘ziga sarmoya tayyorlar ekan. O‘yinchog‘i bo‘ldim-ku, biroq sarmoyasi bo‘lmadim u ilonning.

– Odamlarga ham ishonch qolmadi, degin.

– Aslida shuning uchun hayvonlar yanayam ardoqlanadigan bo‘lib qolgan.

– Gapni juda topib gapirasan-da, Demet. Kechirasan Fotima. Juda madaniyatlisan. Buning boisi nimada?

– Dadam bo‘lsalar kerak. Juda madaniyatli emasman-ku, biroq juda ko‘p diniy romanlar o‘qir edim. O‘zim bilmagan holda foydasi eks etyapti.

– Yaxshiyam rostini ayting. Yolg‘on gapirganingda juda ranjigan bo‘lar edim. Sen o‘zi durustgina qizsan. Bu hayot seni buzmasdan oilangga qaytishingni maslahat beraman, biroq qayta olmasang, shu yerda qol. Faqat dugonalaringdan xavotirdaman. Giyohvandlar, jinsini o‘zgartirganlar... Ularning orasida buzilmagin.

– Ularning menga hech qanday zarari yo‘q. Ishoning, ularni eng tozalaridan tanlaganman. Yigiting yo‘q, deb ustimdan kuladiganlar bor. Har oyda bir erkak almashtiradiganlar, menga ham topish niyatida yurishgan. Lekin bular unaqa qizlardan emas. Nejlaning o‘zidan boshqa birovga zarari yo‘q. Bonu jinsini almashtirgan bo‘lishiga qaramay, bir nechta nomuslidan yaxshiroq. U bechorani to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan birortasi bo‘lsa, ja oldingi holatiga qayta olmas-ku, ammo o‘zini yomon ishdan tiyib yuradi.

– Yaxshi, mana sen uning qo‘lidan tut.

– Men o‘zimni qutqara olmayotgan bir inson bo‘lsam, uni qanday qutqaraman?

Suhbat davom etar ekan. Nedim Fotimaga hayrati oshaverdi. Qanchalik aqlli qiz edi-ya, u. Bir marta adashgan bo‘lishiga qaramay ko‘rgan qizlari ichida eng tozasi edi.

Fotima yana bir chuqur nafas olib, xotirjam bo‘lgan edi. Nedim bey haqida xato o‘ylagan ekanman, dedi. So‘ngra o‘zining xonasiga o‘tib, stolda Gunesh gazetasini olib o‘qiy boshladi. Sahifalarni ochar ekan, gazeta e’lon qilgan go‘zallik tanloviga qatnashgan qizlar rasmlarini ko‘rib chiqdi. Yuzlab go‘zal qizlar orasidan tanlangan o‘nta qiz finalga chiqqan edi. Bir sahifa finalga chiqqan qizlarning boshdan oyoq tushgan rasmlariga ajratilgan bo‘lib, ular orasida O‘zlem Susler ham o‘rin olgan.

Qizlarning yarim yalang‘och rasmiga qarab qolgach, dadasining gaplari yana yodiga tushdi. Rostdan ham qizlar ich kiyimda xalqning qarshisiga chiqqan, bunga o‘zgacha nom berishgan edi. Darrov gazetani qo‘liga olib, sotish bo‘limiga, dugonasi Sherminning yoniga bordi. Dugonasi bir xaridorga yangi modelni kiyib ko‘rsatayotgan ekan. Fotima ham yumshoq kursilarning biriga o‘tirib ishining tugashini kutdi.

Xaridor Sherminni har holga solib ko‘rar, aylantirib ko‘rardi. “Yana o‘ngga buriling, endi orqaga o‘girilib yurib ko‘rsating”.

Hali turmush qurmay turib, eriga rad etishni o‘rganayotgan bu qizlar, boshqa erkaklarning har bir so‘zini bekamu ko‘st bajarishar edi. Bu ham oila muhitini yo‘q qilishga bo‘lgan harakat natijasi edi.

Xaridor Sherminni ancha charchatgach, bir qarorga keldi:

– Kiyim juda chiroyli, lekin ichidagi undan ham chiroyli. Qaysi birini olsam ekan?

Xaridor hazili edi bu. Hammalari kulishishdi. So‘ngra buyurtmani qabul qildilar:

– Yuzta 38, yuzta 40, yuzta 42 o‘lchamdagilaridan bo‘lsin. Bu model ingichka qomatli ayollarga yoqadi deb o‘ylayman.

Fotima ularni tomosha qilib o‘tirar edi. Xaridor ketgach gazetani Sherminga ko‘rsatdi.

– Ko‘rdingmi, O‘zlem finalga chiqibdi.

Shermin aslida O‘zlemga juda xasad qilar edi, labini burib javob berdi:

– Himm... Men ham qatnashganimda finalga chiqqan bo‘lardim. Hatto birinchi bo‘lardim.

– Unda nega qatnashmading?

– Bilmadim, balki musobaqalarda kiyiladigan kiyimlarni bilganim uchunmi?

Fotima bu gaplarga ishonmas edi. Chunki O‘zlemga xasad qilishini juda yaxshi bilar edi. Aslida bu olamda bir biriga xasad qiladiganlar shunchalik ko‘p ediki, xatto xasad qilmaydigan manikenlarning o‘zi juda kam edi. Oralarida shunaqangilari bor ediki, xasadlari tufayli mazasi qochganlarini ham ko‘rgan edi. Kim qayerda nima kiyim kiygan, sochini qanday turmaklatgan, deya bir birlarini kuzatadiganlarni ko‘rib, o‘zlarini baxtsiz qilishlarini tomosha qilardi.

Qo‘lidagi gazetaga takror qarab, unga ham “musobaqaga qatnash” deganlarini esladi. Birdan o‘zini o‘ylab qoldi. U ham ich kiyimda gazeta sahifasidan joy olgan bo‘lar edi. Allohim, o‘zingga shukur, shaytonga bo‘ysundirmading, dedi. Bo‘ysunganimda-chi. Otajonim rasmni ko‘rib qolganida-chi? Bir marta adashib chiqib qolganida ham necha kunlab dadam ko‘rib qoladi, deb uxlay olmagan edi. O‘shanda ukasi ko‘rib qolgan edi.

Finalning birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblarini aniqlash uchun jyuri a’zolari to‘plangan kuni Fotima ham bordi.

O‘zlem Suslerning onasini ham u yerda uchratdi. U ham hayajon bilan musobaqani kuzatar edi. Orada fikrini bildirib qo‘yar:

– Qizim hammasidan go‘zal... Qizim g‘olib bo‘lishi aniq. Qarang, eng chiroylisi O‘zlem, – der edi.

O‘zlemning onasi Semra esa hamma qizlardan ham go‘zalroq ko‘rinar edi. Uni ko‘rganlar, “u ham qatnashsa bo‘larkan” – deyotgan edi.

Alloh bergan go‘zallik Semra xonimga o‘zgacha kayfiyat berar edi-ku, biroq u baxtlimidi? Tashqi ko‘rinishidan ichki olami bilinmaydigan boshqalar kabi uning baxtli yoki baxtsizligi bilinmas edi.

Hali musobaqa boshlanmasidan avval g‘olib aniq bo‘lib bo‘lgan, shivir-shivirlar quloqqa chalinar edi.

Semra xonim “bo‘lishi mumkin emas” der edi. “Jyuri ko‘r emas-ku, qizim g‘olib bo‘ladi mana ko‘rasizlar”.

Ammo qizi g‘olib bo‘lmadi. Fotima qiziqib Semra xonimni kuzatar edi. Semra xonim qizining mag‘lubiyatidan ko‘z yoshlarini tuta olmay, yig‘lab yuborgan edi.

– Qizimning xaqqini yeyishdi. Nohaqlik qilindi. Nohaqlik...

Semra xonim o‘sha onlarda asl xaqsizliklarni ko‘ra olmas edi. Oh, Semra xonim-yey. Nimalar uchun ko‘z yosh to‘kib o‘tiribdi-ya. Xalqning xabari bo‘lmagan qancha narsalar bor yig‘lashga arzigulik...
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (14-qism)