
Butparastlarning yangi tangrisi Falsafa bo‘ldimi?
Oradan bir necha oy o‘tgan, Fotima hali ham o‘sha joyda ishlar edi. Salim yana Fotimani tutib olib, unga falsafaning ba’zi qoidalarini o‘rgatar edi.
– Qarang, Demet xonim, materialist faylasuflar 3 qismga ajralishadi. Bir qismi yuzaki, laboratoriyadagina faylasuflar bo‘lib, amalda idealistdirlar. Bularni qo‘rqoq faylasuflar deb ataymiz. Bir qismi esa haqiqiy materialistlar bo‘lib, ular hech qachon idealist....
Fotima gapini bo‘ldi:
– Siz menga nega bularni tushuntiryapsiz? Men falsafaga qiziqmasam.
– Siz qanchalik aqlli ekanligingizni o‘zingiz sezmaymiz.
Fotima uni aqlli deganlarga doim bir xil javob berar edi:
– Qo‘ysangizchi, oshirib yuboryapsiz. Aqlim bo‘lsa o‘zimga ham foydasi tegar edi. Nima bo‘lganda ham maqtovingiz uchun sizga rahmat. Obbo, yana miyamga savol tashlab qo‘ydingiz. Nega ba’zilar laboratoriyada materialist bo‘lib, aslida idealist bo‘lar ekan?
– Chunki laboratoriyada moddaning shakli bilan tanishadilar.
– Mayliku-ya, lekin inson aqliga moddaning shaklini kashf qiladigan darajada aql bergan. Bilimni ham, dinni ham qabul qilishsa nimani yutqazishadi? Kishi bir go‘zal uyni ko‘rsa, buning ajoyib me’mori bor ekan, deydi-yu, uy ichiga kirsa me’morni rad etadimi? Yo‘q, unday bo‘lishi kerak emas. Qaytaga me’morni yanayam ko‘proq tahsinga loyiq ko‘rishi kerak. Tushunishimcha materialist falsafa moddaning ichini ko‘rgach, uning o‘z-o‘zidan yuzaga kelgan degan qarorga keladi, shekilli. Idealist falsafa esa ham moddani, hamda me’morini anglaydi. Mukammal darajada ishlangan dizaynni tasodif deb baholamaydi. Menga materialistik falsafa hecham yoqmadi. O‘tgan yili bir gap o‘qib qolgan edim:
Bir aqldan ozgan kishi: “Kim onasi bilan jinsiy munosabatga kirisha olmas ekan, demak yuragida hamon Tangriga ishonchi bor ekan ” – deydi. Naqadar dahshat!!! Naqadar vahshiylik, tubanlik. O‘zlari bu ishni qilmaganlarida bunday gapni aytmagan bo‘lar edi.
Bu gap Salimning g‘ashini keltirdi:
– To‘g‘ri, ba’zilari oddiy haqiqatlardan, chegaralardan oshib o‘tishni istaydilar. Men unaqalarga qo‘shilmayman.
– Demak, sizda ham biroz idealistik ruh bor degani emasmi bu?
– Yo‘-g‘e. Siz noto‘g‘ri tushundingiz. Materialistik falsafa jamiyat psixologiyasi, urf-odatlariga asoslanadi.
Fotima endi savolini juda makkorona berdi:
– Xo‘sh, deylik, jamiyat psixologiyasida bir kun kelib, yaqinlar, oila a’zolar bilan turmush qurilish va jinsiy munosabatda bo‘lish haqida qaror qabul qilinsa, u holda materialistik falsafaning bularga qarshi javobi qanday bo‘ladi? Masalan, hozirda lo‘ttibozlarga oila qurishga izn bergan dinsiz mamlakatlar mavjud. Dinsizlik oila muhitida ham davom etyapti. Jamiyatni bulg‘ayotgan tushunchalar hozirda har yerda turli manzaralar aks etgan. Bir kishi aytgan ekan: “Alloh bor bo‘lsa haromlar chegarasi bordir va tabiiydir, Alloh yo‘q bo‘lsa hamma narsa erkindir..” Bu nima degani?
– Tushunmadim, nima siz materialistlarning bunday razillikka qo‘l urganliklarini uqtirmoqchimisiz?
– Yo‘q. Chunki bu mamlakatda materialist faylasuflarga ham singgan axloq bor. Men esa materialist falsafaning o‘zi haqida so‘zlamoqdaman. Materialist falsafada nomus tushunchasi bormi? E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, idealist falsafaga e’tirozim yo‘q. Takroran aytyapman, bir shaxs ham bilimga tayanib, ham Allohga ishonib dindor bo‘lishi mumkin. Muhimi moddaning kelib chiqishini Allohga yo‘naltira olishsin. Hozirda olimlar ham dunyoning keyinroq, vaqt o‘tishi bilan vujudga kelganini isbotladilar. Faqatgina yillarda kelishmovchiliklarga duch keladilar. Kimdir o‘n million yil avval desa, kimlardir o‘n ikki million yil avval deydi. Ya’ni, dunyo azaldan bor bo‘lmagan. Faqat Allohgina azaliydir. Biroq sizlar dunyoning avvalini anglay olmasdan materialist falsafaga asoslanib barcha narsalarning kelib chiqishini moddaga taqayapsizlar.
– E’tibor bering-a, hozirgi gaplaringizning o‘zi ham bir falsafa.
Birdan Nedim beyning ovozi eshitildi-yu, ular bahslarini yakunlashga majbur bo‘lishdi. Nedim Fotimaga o‘girilib dedi:
– Demet, uzr Fotima, voze modelini kiyib chiq. Ikkita xaridorimiz ko‘rmoqchi edi.
Fotima negadir taraddudlanib qoldi:
– Haligi, o‘sha modelni men kiymasam...
– Unda kim kiyadi, menmi? Qani bo‘l, o‘zingni taroziga solma.
– U model...
Nedim Fotimaga hayron bo‘lib qaradi:
– Xo‘sh, nima qilibdi u modelga?
– Uni kiyishni xohlamayman. Haddan tashqari kalta bo‘lib ketibdi.
– Nima qilibdi? Sen avvallari hecham mini kiymaganmisan?
– Kiyganman-ku, biroq miniga hecham o‘rganib keta olmadim. Ruhan ezilib ketaman. Bu narsani atayin qilmayman, qo‘limda emas...
Nedim bey sekin-asta qizarib, jahli chiqayotgani sezila boshladi.
– Demet xonim, ishlasang ishla... Axir men senga cho‘milish kiyimini kiydirayotganim yo‘q-ku. Qo‘lingdan kelmasa, borib boshqa joyda xizmatkorlik qil.
Fotima ichida “rostdan ham, shunday qilsam-chi” deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Nedim asabiylashib dedi:
– Qani, bo‘laqol, kiyin. Ularni kuttirishimiz yaxshi emas. Shermil kelsa sen shanellarni kiyasan.
Fotima ko‘ylakni bazo‘r qo‘liga olib, kiyim almashtirish xonasiga o‘tdi. Istamagan holda ko‘zidan ikki tomchi yosh to‘kildi. Nega bu safar mini kiyish unga bunchalik og‘ir bo‘layotgan edi?
Kechki payt bo‘lib o‘tgan voqealarni Bonuga gapirib berar edi:
– Bilasanmi Bonu, o‘zimni bozorga solayotgan qizday his qildim. Xaridorlarning oldiga chiqayotganimda qalbimdan kechayotganlarni bilganingda edi, holimga achinib yig‘lagan bo‘lar eding. O‘z yog‘imga o‘zim qovurildim.
Bonu Fotimaning holini yaxshi tushunar edi:
– Seni tushunaman. Men ham bu azoblarni chekkanman. Ayniqsa ilk marotaba sotilgan kunimni hecham unuta olmayman.
Bonu davom eta olmay qoldi. Bir on jimjitlik hukm surdi. Fotima tushundi. Bonu o‘zi sezmagan holda bilmay gapirib yuborgan edi.
– Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?
– Yo‘q, bu xaqda gapira olmayman.
– Gapir, gapir. Ko‘ngling yoziladi.
– So‘ramagin, baribir gapirmayman.
– Mayli, o‘zing bilasan... Nejla bilan Laylo shu paytgacha qayerda qolib ketishdi ekan?
– Nejla qo‘ng‘iroq qildi. Bugun kechasi klubga borisharmish. Laylo kelib qolsa kerak.
– Sen o‘zing uyda nima qilding? Ishga bormading shekilli.
– Ha, bormadim. Bir haftaga ruxsat so‘ragandim.
– Tinchlikmi, biror nima bo‘ldimi?
– Mazam yo‘q. Shunga ruxsat so‘radim...
Bonuning chindan ham mazasi yo‘q edi. Uyda qolib Fotimaning kitoblarini o‘qir edi. Bir-birlariga qarama-qarshi kursilarda o‘tirishar ekan, Bonu Fotimaga qarab dedi:
– Bilasanmi, Demet. Kasal bo‘lganimda onamni rosa sog‘inaman. Kechgacha uyda yotdim. Hech kim hol-ahvol so‘ramadi. Onam yonimda bo‘lganida bunday bo‘lmas edi. Sho‘rva pishirib berar, limon choy va boshqa damlamalar tayyorlab, majburlab bo‘lsa ham ichirar edi. Hozir esa hech kimga keragim yo‘q.
Fotima sassiz yig‘lar edi:
– Men o‘zim senga damlama tayyorlab beraman, – deya oshxona tarafga o‘tib ketdi. Bonu esa orqasidan:
– Ovora bo‘lma, baribir ichmayman, – deb qoldi.
– Yo‘q, majburan bo‘lsa ham ichasan.
– Yo‘q, ichmayman.
– Ichasan.
Bonu yig‘lar edi. Sas-sadosiz tomchilardi ko‘z yoshlari. Fotima damlamani qaynatib Bonuga berganida uning yig‘laganini payqadi.
– Nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsan, Bonu?
– Hech nima bo‘lgani yo‘q.
– Hech nima uchun yig‘lashmaydi. Nima bo‘ldi? Aytaqolgin.
Bonu battar yig‘lay boshladi:
– Nimaga bo‘lardi Demet. Ayol bo‘lganimdan beri biror kishi sen kabi mehribonchilik ko‘rsatib odam o‘rnida ko‘rmagan edi. Yoki shunchaki o‘zlarini mehribon qilib ko‘rsatishardi. Ayniqsa dindor kishilar yuzimga ham qarashmas edi. Sen esa onamdan keyin men bilan dildan yaqin bo‘lgan odamsan.
– Lekin sening bir xususiyating bor. Sen u yo‘ldan qaytgansan.
– Ha, odamlardan jirkanganim uchun qaytdim. Odamlar, jamiyat meni yoqdi, Demet, yoqdi. Keyin esa yuzimga ham qarashmadi. Har bir musulmon boshqalarni Allohga qaytishga chorlaydi-yu, bizdaylarga esa... Odam o‘rnida ko‘rishmaydi-ku, nega ham chorlashsin.
Fotima damlamani Bonuga berib kursiga o‘tirdi. Bonuning gaplari uni ta’sirlantirdi. Qarshisidagi insonning holi nima bo‘lar edi? Chin dildan tavba qilsa ham endi erkak bo‘la olmas, ayol bo‘lib oila ham qura olmas edi. Bir umr tubanlikda qolib ketadimi? Islom har bir tavba qilgan odamga chora taqdim etadi. Qiziq, endi Bonuga hech bir chora topilmaydimi?
Bir necha daqiqa fikrini bir joyga to‘plab, otasi bu haqda biror narsa degan demaganini eslashga urindi. Hech narsa eslay olmadi. Yana Bonuga qaradi. Bonu tirnoqlarini yeb tashlaydigan darajada tishlar, yuzida esa o‘tmish aks etar edi. Fotima mavzuni o‘zgartirishni istar, ammo Bonuning gapi quloqlari ostida jaranglar edi: “Boshimdan o‘tganlarni televizorga chiqib gapirsam, dunyo ostin-ustun bo‘lib ketardi”. Endi esa “sotilgan kunimni unuta olmayman”, deya gapida davom eta olmagan edi.
“Keyin bilib olarman”, deya Bonuga qaradi:
– Haliyam ichmadingmi? – deb so‘radi.
– Xo‘p, mayli. Onamga o‘xshamagin, – javob berdi u.
Fotima chuqur o‘yga tolgach:
– Xavotir olma. Hech kim onang o‘rnini bosa olmaydi, – dedi-yu, oshxonaga kirdi. Ko‘chada ovqatlanishmaganida uyda taom pishirilar edi. Bugun navbat Fotimaga kelgan edi. Piyoz archir ekan, qo‘shiq tinglar edi. Go‘yo hamma qo‘shiqlar unga atalgan edi. Parishon bo‘lib, derazadan tashqariga qaraganida qizil ko‘ylakli yigitchani ko‘rib qoldi: “Tasodifmikan?” deya o‘ylanib qoldi. Qayerga borsa shu yigitni ko‘rayotgan edi. Uni ta’qib qilib yurganmikin? Yoki Fotima u yigitchani yoqtirgani uchun unga shunday tuyulyaptimikan?
Birdan yigitning derazaga qarayotganini payqadi. Bosh ilg‘ab Fotimaga salom berdi. Fotima ham javob berdi.
Ertasiga ishga ketayotganida yigitning uni kutib turganini ko‘rdi. Yigit sal xijolat tortib Fotimaning yoniga yaqinlashib, salom bergach:
– Salom, Demet xonim. Yaxshimisiz? – dedi.
Fotima hayron bo‘lib qoldi. Ismimni qayerdan bilib oldi ekan, – deya:
– Salom, – javob berdi u ham.
– Gaplashib ketsak, yo‘q demaysizmi?
– Ishxonam bu yerdan uzoq emas.
– Bilaman. Bir necha oylardan beri sizni kuzatib yuraman. Siz haqingizda hamma narsani bilaman.
Fotima birdan hurkib ketdi:
– Nimamni bilasiz?
– Hamma narsangizni.
– Hech kim hech kimning hamma narsasini bila olmaydi. Ustiga ustak siz bilan biror marotaba gaplashmagan bo‘lsak.
Yigit qat’iy edi:
– Men qilaman degan ishimni bajaraman. Sizni juda yoqtiraman. Shuning uchun siz bilan do‘st tutinsak, degandim.
– Yo‘q, bu taklifingizni qabul qila olmayman. Qiz bilan yigit o‘rtasidagi do‘stlikdan yaxshilik chiqadi deb o‘ylamayman.
– Uylanmoq-chi bo‘lsam-chi.
– Ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan qizingizga uylanib ketaverasizmi?
– Nimaga endi? Undan keyin men sizni ko‘chada emas, ish joyingizda ko‘rib qolganman. Men uchun namoyish ham qilgan edingiz.
– Siz butikchi yoki modachimisiz?
– Yo‘q, lekin sizni yaqinroq tanish maqsadida o‘zimni shunday ko‘rsatgan edim.
– Demak, yolg‘on gapiribsiz-da.
– Majburan yolg‘on gapirdim. Ishoning niyatim jiddiy. Roppa-rosa olti oydan beri sizni kuzatib kelaman, siz esa mana yaqindan beri meni payqay boshladingiz.
Fotima nima deb javob berishni ham bilmay qoldi:
– Ishxonamga ham yaqinlashib qoldik. Ruxsatingiz bilan...
U yigitga nisbatan iliq tuyg‘ulari bo‘lsa ham qo‘rqar edi. Hozirda bu kabi yigitlar qizlarga o‘zlarini risoladagidek qilib ko‘rsatib, qizlarni ilintirishadi–da, keyin ularni sotishadi. Bu yigitni ham o‘shandaylardan emas, deb kim kafolat bera oladi?
Miyasi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ishxonasiga yetib keldi.
Har kungiday ish kuni tugab, uyga qaytar ekan, yo‘lda kutilmaganda ukasi Usomaning kelayotganini ko‘rib qoldi. Kap-katta yigit bo‘lib qolgan edi. Usoma ham uni ko‘rdi. Opasiga o‘xshagan bu qizga hayrat bilan yaqinlasha boshladi.
Fotimaning yuragi to‘xtab qolay dedi. Mana, ukasini ko‘rmaganiga ham bir necha yil bo‘libdi. Qanchalik o‘zgarib ketibdi-ya. O‘sha onlardagina uni qanchalik qattiq sog‘inganini his qildi.
Litsey ro‘parasiga kelishganida yuzma-yuz kelishdi. Sal qolsa Fotima ukasini quchoqlab “Jonim ukajonim”, – deya ko‘z yosh to‘kar edi. Usoma Fotimaning yonidan o‘tayotganida unga pinhona nazar tashlab, keyin o‘tib ketdi.
Fotima orqasiga o‘girilib baland bo‘yli ukasining ortidan bo‘lsa ham qarashni istar edi. Lekin “u ham qarasa, unda men ekanligimni bilib qoladi”, deb o‘yladi. Ko‘z yoshlarini tuta olmadi. Na ko‘chada ekanligi unga halal bera oldi, na odamlarning nigohi.
“Ukajonim! Opangni begona deb o‘ylading-a? Opangni sog‘ingan eding, shundaymi? Bu Allohni balosi bo‘lgan opangni sog‘inganmiding?”
Ham yig‘lar ham ukasi bilan o‘zicha suhbat qurar edi:
– Seni men ham juda qattiq sog‘indim, qaniydi, seni quchoqlab, to‘yib-to‘yib o‘pa olsam. Ukajonim, yagonam... Meni kechirma xo‘pmi ukajonim? O‘zimni ham, sizlarni ham o‘tga soldim. Bu hayot sizlarni sog‘inib yashashimga arzirmidi?
Litseydan qayrilar ekan, o‘zini tutib tura olmadi, ortiga o‘girilib qaradi. Ukasi Usoma sal narida turib, yelkalari cho‘kkan holda, parishon holda opasiga qarab turar edi. Qanchalar ezilarli bir holat edi. Bu qarashlar Fotimani ezayotgan edi. Borib quchoqlasammikan? – deb o‘yladi. Bunga jasorati yetmas edi. Opasini bu shaklda hecham ko‘rmagan iymonli uka uchun bu holat og‘ir bo‘lar edi. Uni yanayam ko‘proq qiynagan bo‘lar edim. Hozir-ku, qayerdaligi, kimligi noaniq edi, agar bilsa xiyonat alangasida kuyar edi.
Hamma unga qarar, u esa ko‘z yoshlarini to‘kkancha uyiga ravona bo‘ldi. Endi ilgarigiday odamlarga parvo qilmas edi. Shu odamlarga go‘zal va jozibali ko‘rinish uchun oilasini fido qilmaganmidi?
Uyga kelganida hamma jamuljam edi. Bundan tashqari Burchin va Sema ham shu yerda edi. Fotimani ko‘rgan zaxotlari uning yig‘laganini anglab, oyoqqa turib, barchalari savol ustidan savol yog‘dira boshlashdi:
– Demet, senga nima bo‘ldi?
– Nima bo‘ldi, nega yig‘lading?
– Gapirsang-chi, Demet.
Fotima birdan:
– Meni Demet demanglar, Mening ismim Demet emas, Fotima... Fotima... Tushunyapsizmi, mening ismim Fotima, – dedi.
Bonu hayratlanib so‘radi:
– Bir kunda Demet qayerga ketdi? Sening isming Demet emasmidi?
– U soxta ism edi. Xuddi insoniyligim kabi. Endi bilib oldingiz, men imomning qizi Fotimaman.
Burchin birdan o‘rnidan turib ketdi:
– Buncha yaxshi. Rostdan ham imomning qizimisan?
– Ha... ha, ming marotaba ha. Imomning qiziman.
– Voy, buncha omadlisan-a. Bu gapni jurnalistlar eshitsa bormi, bir zumda mashhur bo‘lib ketasan. Bir paytlar imomning xotini bo‘lar edi. Jurnalistlar unga shunaqangi katta e’tibor ko‘rsatishdi-ki, birpasta mashhur bo‘lib ketdi.
Fotima sumkasini kursiga otib javob berdi:
– Ha, katta e’tibor berishadi-da, chunki imomning xotini universitetga emas, kazinoga borar edi. Ochilib-sochilgan edi. Shu shaklda imomlaru, xotinlaridan qasdlarini olar edilar. Aslida mening ham imom qizi ekanligimni bilishsa bir kunda bo‘lmasa ham uzog‘i bir haftada ko‘kka ko‘tarishar edi. Ustiga ustak “jasur qiz ekan, imom otasiga quloq solmadi” yoki “ dindorlikdan siqilib ketgan qiz maniken bo‘ldi” – deya jar solishar edi. Burnimni artganimni ham yozishar edi. Shu shaklda xalqqa imomlarning qay darajada zerikarli ekanligini ko‘rsatishar edi. Lekin men otam bilan u surgundan bu surgunga qiynalib ko‘chib yurar ekanman, bu haqda bitta harf ham yozishmadi. To‘kilib yotgan vayrona uylarda yashayotganimda “bular ham inson-ku” deyishmadi. Faqatgina imomning qizi yoki xotini biror joyini ochsa yoki balchiqqa bulg‘ansa qiziqib qolishadi. Lekin men ularga bunday fursatni bermayman.
Burchin sevinib ketib dedi:
– Men darrov ularga yetkazaman.
Fotimaning birdan rangi o‘chib, ko‘zlarida nafrat o‘ti chaqnab ketdi. Burchinning ko‘zlariga ko‘zlarini tikib dedi:
– Shunday qiladigan bo‘lsang, seni o‘ldiraman. Qasam ichaman, seni o‘ldiraman.
Burchin dovdirab qoldi:
– Bu qiz esini yeb qo‘yibdi. Birortasidan eshitib baribir yozishmaydimi?
– Yo‘q, shuncha yil o‘tdi, hech kim bilmadi. Bugundan keyin kimdir eshitsa ham buning sababi faqat va faqat sen bo‘lasan. Shunday qilsang, hayotingni jahannamga aylantiraman.
– Tushunarli, tushunarli. Bu mavzuda qaroring qat’iy ekan. Lekin Bonuga ishonch yo‘q. Bunaqalarning og‘zi bo‘sh bo‘ladi.
Birdan Fotima va Bonuning ko‘zlari to‘qnash keldi. Bonu qattiq ranjiganidan, boshini yerga egib oldi.
Fotima Burchinga o‘girilib qat’iy ohangda dedi:
– Yo‘q! U sen bilgan insonlar toifasidan emas. U jinsini o‘zgartirgan bo‘lsa, sen diningni o‘zgartirgansan.
Burchin bu gapga qattiq achchiqlanib ketdi:
– O‘zing kimsan? Oilangdan qochib, botqoqliklarga botib yurmayapsanmi?
– Hecham-da. Men hecham botqoqqa tushganim yo‘q.
– Bugun tushmagan bo‘lsang, ertaga tushasan. O‘ttizdan o‘tganingdan keyin kim seni manikenlikka ishga olar ekan? Hech kim! O‘shanda manikenlar axlatiga otishganda ko‘ramiz ahvolingni. O‘sha axlatxonaga otilganlar ichida qutulib chiqqanlar, shunchalik ozchilikki ularni sanash umuman qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Fotima u yoqdan bu yoqqa yurgancha:
– Men u axlatga tushmayman, – dedi.
– Sendakalarning ko‘pini ko‘rganmiz.
– Sen o‘zing qayerga tushasan?
– Menga farqi yo‘q. Hozir ham kimning cho‘ntagi qappaygan bo‘lsa o‘shanikiman.
Laylo o‘zini tutib tura olmadi:
– Haliginaqaliging bilan maqtanyapsanmi?
– Nima qilibdi?
– O‘zi aslida sizdaka manikenlarni deb, nomimiz yomon otliq bo‘lgan.
– Unda nomingizni o‘zingiz tozalab oling... Men ketyapman.
Fotima eshik qarshisiga turib dedi:
– Yo‘q, hozir ketmaysan. O‘tir gaplashib olamiz. Bu ketishing bo‘lsa, meni jurnalistlarga sotib berasan-da, ikkalamizning hayotimizni ham zindonga aylantirasan.
Bonu o‘rnidan turdi:
– Sizlarga choy olib kelaman. Har holda uyning eng kichik qizi menman.
Fotima Bonuga achinib qarab, “Sening hayotingni barbod qilganlarni O‘zi jazolasin” deyishdan boshqa narsa deya olmas edi.
Hamma biroz bo‘lsa ham tinchlandi.
Nejla so‘radi:
– Bugun senga nima bo‘ldi, Demet?
– Demet emas, Fotima.
– Xo‘p, Fotima. Senga nima qildi bugun?
Fotimaning ko‘zlari yana to‘lib kela boshladi:
– Bugun jonimni ko‘rdim. Yagona ukajonim, Usomani ko‘rib qoldim. Eh, qaniydi, bir qarorga kela olsaydim. Tez orada oilamga, dadajonimga, onajonimga, eski taxtali uyimga yetisha olsam. Bo‘lmayapti, bo‘lmayapti. Ilojini topa olmayapman. Ikki xil ruh bir badanda yashay olmayapti. Ularni juda sog‘inyapman. Iltimos, meni ayblamanglar. Qo‘limda emas, menga bog‘liq emas, ularni qattiq sog‘inyapman. Men qanday qilib aldanib qoldim, bilmayapman. Aldanib qoldim, do‘stlarim.
Laylo boshini ko‘tarib javob berdi:
– Qay birimiz aldanmadik? Qay birimiz yig‘lamadik? Biroq hali ham aqlimizni yig‘ib ololmayapmiz.
Burchin siqilib ketgan edi:
– Albatta, yig‘laysizlar-da. Bir “donishmand” aytgan ekan: “dindorlar oxiratni o‘ylaganlari uchun istaganlarini qila olishmaydi, natijada esa baxtsiz bo‘lishadi”. Hammangiz narigi dunyoga ishonganingiz uchun baxtsizsiz.
Nejla birdan dedi:
– Mening unaqangi tushunchalarim yo‘q.
Fotima o‘zini tutib tura olmadi:
– Qaniydi, o‘sha kishidan “rafiqangni bittasi sevib qolib uni yo‘ldan ursa yaxshi bo‘larmidi yoki oxiratni o‘ylab rafiqang bu istagidan voz kechsa yaxshi bo‘larmidi?” – deb so‘rashganda edi. Bundan tashqari oxiratga ishonmaydiganlar baxtliroqmi? Javob bering, oxiratga ishonmaydiganlar yig‘lamaydimi? Ularning dardi bo‘lmaydimi? Qaytaga...
Nejla mavzuni o‘zgartirdi:
– Donishmand deganda nega xayolingga darrov erkak kishi keldi?
– Ayol mutafakkirlar yo‘q bo‘lgani uchun. Ayollarga imkon berilmagani uchun, “ayollarning fikri nima bo‘lardi?” – deya ayollar yerga urilgani uchun, ularning fikrlariga ahamiyat berilmagani uchun. Dadam shunday der edilar. Shuning uchun nuqul erkak kishi xayolimga keladi.
– Demak, ayollar ham arziydigan narsa qilishmagan.
– Qilishgan bo‘lsa ham tarixga kiritilmagan. Dinsiz ayollarning xatti-harakatlari katta e’tibor torta boshladi. Buning sababi ham dingga qarshi chiqishlari bo‘ldi. Biz mavzumizga qaytaylik. O‘sha donishmandning fikriga. Oxirat qo‘rquvini his qilmaydiganlar, deylik bu dunyoda baxtli yashaydilar. Bir insonning oxirat yo‘q, deb bu dunyoda baxtli yashashi foydaliroqmi yoki oxirat bor, deya qisman bu dunyoda va to‘liq u dunyoda baxtli yashashimi? Insonlarni dindan ayirishning nima foydasi bor? Takroran so‘rayman, dindan chiqqanlar shunchalik baxtli yashaydilarmi? Ha, mayli, men xonamga kettim. Ovqat tayyor bo‘lsa meni chaqirarsizlar.
Xonasiga ketar ekan, ortiga qaytib, gapirish ohangini tuzatish kerakligini sezib:
– Chaqirib yuboring, iltimos – demoqchi edim.
Nejlaning ovozi bilan yana ortiga qaytdi:
– Uyga shunaqangi tarzda kirib kelding-ki, gapimni unutib qo‘ydim. O‘zlem Suslerden senga xat keldi. Stolning ustiga qo‘ydim.
Fotima xonasiga sevinch bilan kirar ekan dedi:
– Haqiqiy do‘st ekan. Bizni unutmabdi.
– Bizni emas, seni unutmabdi.
Davomi bor...
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing