Rossiya Federatsiyasi Eron bilan barcha sohalarda strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi. Unga ko‘ra, Moskva va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar barqaror va izchil ravishda rivojlanmoqda.
“Rossiya Eron bilan barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirishga, albatta, tayyor. Eron – bizning muhim hamkorimiz va bu munosabatlar dinamik tarzda rivojlanib bormoqda”, — dedi Peskov jurnalistlar bilan suhbatda.
U, shuningdek, Yevropa davlatlarining Eronga qarshi bosimlarini qoralab, bu harakatlar xalqaro diplomatik normalarga zid ekanligini ta’kidladi.
Rossiya va Eron so‘nggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, energetika, mudofaa va transport yo‘nalishlarida yaqinlashib borayotgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni damda, ikki tomon savdo aylanmasini oshirish, xalqaro logistik yo‘llar qurish va texnologik almashinuv bo‘yicha ham faol muzokaralar olib bormoqda.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu hamkorlik Yevropa va AQSh sanktsiyalari fonida ikki davlatning o‘zaro qaramlikni kuchaytirayotganini anglatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!