date
views 4 051

BMT Xavfsizlik kengashi Venesueladagi vaziyatni muhokama qildi: Maduroni nima kutmoqda?

BMT Xavfsizlik kengashi Venesueladagi vaziyatni muhokama qildi: Maduroni nima kutmoqda?
26 yanvar kuni BMT Xavfsizlik kengashi Venesueladagi vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.
Kutilganidek, yig‘ilishda davlatlar ikki pozitsiyaga ajraldi: G‘arb davlatlari Venesuelada muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi, Rossiya va Xitoy esa vaziyatga aralashish uchun asos yo‘qligini iddao qildi.

BMT XK yig‘ilishida so‘z olgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo barcha tomonlarni Maduroning «mafiya rejimi»ni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirgan.

Foto: Mayk Pompeo
«Kim qaysi tomondaligini tanlash vaqti keldi. O‘yin tugadi, endi hech qanday kechiktirish yo‘q», degan Pompeo.
AQSh Davlat departamenti rahbari aynan Maduro Venesuelani og‘ir ahvolga keltirib qo‘yganini aytib o‘tgan. Unga javoban Rossiya vakili bu mamlakatning ichki ishlariga aralashish, vaziyatni yanada izdan chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Venesuela dunyodagi tinchlikka va xavfsizlikka tahdid solayotgani yo‘q. Agar shunday vaziyat yuzaga kelsa ham, bu Qo‘shma shtatlar va uning ittifoqchilarining bu mamlakatning qonuniy prezidentini (Nikolas Maduro) ag‘darishga qaratilgan harakatlari oqibati bo‘ladi», degan RFning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.

Foto: Nikolay Nebenzya
BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga Yevropa Ittifoqi davlatlarining Maduroga ultimatumi ifodalangan bayonot ham taqdim etildi. Unda yaqin haftalar ichida Venesuelada muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilmasa, Yevropa davlatlari muxolifatchi Xuan Guaydoni qonuniy prezident sifatida tan olishi bildirilgan.

BMT XKning favqulodda yig‘ilishidan bir necha soat oldin Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya hukumati vakili Martin Fuls hamda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeremi Hant tomonidan 8 kun ichida Venesuelada «adolatli, erkin va shaffof» saylovlar o‘tkazilmasa, Xuan Guaydo mamlakatning yangi prezidenti sifatida tan olishi ma’lum qilingandi.

«Ispaniyaning Lotin Amerikasi oldida o‘ziga xos mas’uliyati bor... biz qaysidir hukumatni o‘zgartirish yoki ag‘darish niyatida emasmiz, faqat Venesuelada erkin saylovlar bo‘lib o‘tishi va demokratiya o‘rnatilishini istaymiz», deyilgan Ispaniya bosh vaziri bayonotida.

Fransiya va Germaniya ham shu kabi bayonotlar bilan chiqib, Venesuelada saylovlar o‘tkazilishi talab qilishdi.
Buyuk Britaniya bayonotida esa «Vensuelada may oyida o‘tgan saylovlarda jiddiy muammolar kuzatilgani», «Maduro qonuniy prezident emasligi» qayd etilgan.

Xuddi shu vaqtda Yevropa diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini ham Yevroittifoq Guaydo hukumatini tan olishga tayyorligini bildirdi.
«O‘tgan yil may oyida Venesuelada bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarini erkin, adolatli va ishonchga loyiq deb hisoblab bo‘lmaydi. Mamlakatga zudlik bilan haqiqatan ham Venesuela aholisi irodasini ifoda etadigan hukumat kerak», deyiladi uning bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning yanvar oyi boshida Nikolas Maduro ikkinchi muddatga Venesuela prezidenti bo‘lganini e’lon qildi. Unga qarshi namoyishlar vaqtida muxolifatchi siyosatchi, parlament rahbari bo‘lgan 35 yoshli Xuan Guaydo o‘zini muvaqqat hukumat prezidenti sifatida e’lon qildi. Uni o‘sha zahoti AQSh prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatladi va uni mamlakatning yangi prezidenti sifatida tan oldi.

Foto: Xuan Guaydo
Yosh siyosatchini ko‘chalarga chiqqan minglab namoyishchilar qo‘llab-quvvatlamoqda. Maduro esa hozircha armiya ustidan nazoratni qo‘lida saqlab qolgan, ammo Guaydo harbiylarni «Venesuela xalqi tomoniga o‘tishga» chaqirmoqda. U Maduroga xizmat qilgan harbiylarni amnistiya qilishga va’da bergan.

Ayni paytgacha AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Braziliya, Kanada, Argentina, Chili, Kolumbiya, Ekvador, Kosta-Rika, Gvatemala, Honduras, Panama, Paragvay, Peru, Gruziya, Ukraina, Albaniya va boshqa qator davlatlar Guaydoni vaqtinchalik davlat rahbari deb tan oldi.
Rossiya, Xitoy, Eron, Meksika, Kuba, Nikaragua, Salvador, Boliviya, Urugvay, Suriya, Gretsiya, Belarus va Turkiya kabi davlatlar Maduro rejimini qo‘llab-quvvatlamoqda.

BMT XKning shanba kungi yig‘ilishi vaqtida AQSh Guaydoni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan rezolyutsiya qabul qilinishiga umid qilgandi, ammo Rossiya unga veto qo‘ydi. Shu tariqa, 5 soatga yaqin davom etgan yig‘ilishda tomonlar yakdil qarorga kela olishmadi.

Foto: Nikolas Maduro
Yig‘ilishdan keyin Nikolas Maduro «Venesuela ushbu yig‘ilishdan g‘olib sifatida chiqqani»ni e’lon qildi.

«Tashqi ishlar vaziri Xorxe Arreazaga qarsaklaringiz bo‘lsin. Biz BMTda g‘alaba qildik, katta davlatlar bizni qo‘llab-quvvatlashdi. Mayk Pompeo yig‘ilish yakunlanmasidan zalni tark etdi», dedi u venesuelalik yoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida.
Bundan avvalroq, AQSh rasmiylari bir necha marta agar zarurat bo‘lsa, Venesuelaga qo‘shin kiritilishi mumkinligini istisno qilishmagandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » BMT Xavfsizlik kengashi Venesueladagi vaziyatni muhokama qildi: Maduroni nima kutmoqda?