17:40 / 13.10.2019
7 630

Hindistonda Islom qanday tarqalgan edi?

Hindistonda Islom qanday tarqalgan edi?
Ayni vaqtda hind subqit’asida – Hindiston, Pokiston va Bangladeshda 500 milliondan ortiq musulmon istiqomat qiladi. Bu esa mazkur mintaqaning dunyo bo‘yicha eng ko‘p musulmon yashaydigan joy ekanini anglatadi. Islom dini ilk bor Hindistonga kirib kelganidan beri uning zamini va xalqiga ulkan hissa qo‘shdi.

Hindiston qanday qilib bunchalar katta musulmon zaminiga aylanib qolgani borasida ko‘plab nazariyalar mavjud. Ayrim siyosatchilar va ularni qo‘llab-quvvatlovchilar (masalan, millatchi hindlarning hindutva harakati tarafdorlari) Islom dini Hindistonga begona ekanini, bu diyorda Islom arab va fors musulmonlari bostirib kelgani uchungina mavjudligini ta’kidlashdan charchashmaydi. Haqiqat esa tamomila o‘zgacha.

Hindistonning ilk musulmonlari
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning 600-yillardagi hayotlaridan avval ham arab savdogarlarining Hindiston bilan aloqalari bor edi. Savdogarlar ziravor, oltin va Afrika mahsulotlarini sotish uchun Hindistonning g‘arbiy sohillariga muntazam ravishda borib turishgan. Tabiiyki, arablar Islomni qabul qilgach, o‘zlarining yangi dinini Hindiston sohillariga ham olib kelishdi. Hindistondagi birinchi masjid – “Chereman” masjidi 629 yilda, ya’ni Payg‘ambarimiz alayhissalom hali hayotlik paytlaridayoq barpo Keralada etilgan. Uni Hindistonning ilk musulmon kishisi Cheraman Perumal Bxaskala Ravi Varma qurdirgan. Arablar va hindlar o‘rtasida oldi-sotdi ishlari davom etgani sayin Hindistonning sohil bo‘ylaridagi shahar va qishloqlarida Islom dini keng yoyila boshladi.

Muhammad ibn Qosim
Hindistonda odamlarning ommaviy ravishda Islomni qabul qilishi Damashqni o‘ziga poytaxt qilib olgan umaviylar davrida yuz berdi. 711 yilda toiflik 17 yashar Muhammad ibn Qosimga Sind diyorini fath etish vazifasi yuklatildi. Sind – bu subqit’aning shimoli-g‘arbi, hozirgi Pokistondagi Hind daryosining atrofidagi yerlar hisoblanadi.

Muhammad ibn Qosim bu yerga o‘zining 6 ming askardan iborat qo‘shinini olib keldi.

U Hindistonga kelganida ozroq qarshilikka duch keldi. Hind daryosi yoqasidagi Nerun shahrida esa uni shahar boshqaruvini qo‘lga olgan buddaviy rohiblar qarshi oldi. Shunday qilib, Hind daryosi bo‘yidagi shaharlarning ko‘pi hech qanday jangsiz musulmonlarning nazoratiga o‘tdi. Ba’zi hollarda esa hind hukmdorlardan bezor bo‘lgan buddaviylar musulmonlardan yordam so‘radi.

Aksar aholi musulmonlardan rozi ekaniga qaramay, Sind hukmdori Daxir musulmonlarga qarshi chiqdi. 712 yilda bo‘lib o‘tgan jang musulmonlarning g‘alabasi bilan tugadi va Sind tamomila ularning nazoratiga o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, Sind aholisi Islomni qabul qilishga majburlanmagan. Insonlarning kundalik hayotida hech narsa o‘zgarmagan. Muhammad ibn Qosim barcha hindlar va buddaviylarga xavfsizlik va din erkinligini va’da qildi. Masalan, brahmanlar soliq yig‘ishni, buddaviylar esa o‘z ibodatxonalarida ibodat qilishni davom ettirgan. Diniy bag‘rikenglik va adolat tufayli Muhammad ibn Qosim va uning armiyasini aksar shaharlarda odamlar raqs va musiqa bilan kutib olgan.

Buddaviylik o‘rniga – Islom
Musulmonlar qo‘shinlarining Hindistonga keyingi yurishlari ham shu taxlit davom etdi. Masalan, Mahmud G‘aznaviy va Muhammad Tug‘luq singari yetakchilar hind jamiyatning diniy va ijtimoiy tuzilmasini o‘zgartirmagan holda musulmonlarning siyosiy doirasini kengaytirdi.

Islomdan avval Hindistonda kasta, ya’ni tabaqa tizimi hukmron bo‘lgani sababli odamlarning Islomga o‘tishi bosqichma-bosqich amalga oshdi. Ba’zan butun boshli kastalar musulmonlikni qabul qilar edi. Chunki Islomdagi tenglik insonlarni ochiq-oydin kamsitishga asoslangan kasta tizimidan jozibaliroq ko‘rina boshlagan edi. Odamlar Islomni qabul qilgan holda jamiyatda rivojlanish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi va brahmanlar kastasiga itoat etmay qo‘yishdi.

Bir paytlar mintaqada mashhur bo‘lgan buddizmning yulduzi Islom kelganidan keyin so‘na boshladi. Avvallari kasta tizimidan qochishni istaganlar yirik shaharlarga ko‘chib o‘tar va buddaviylikni qabul qilardi. Islom kelgach esa ham buddizmdan, ham kasta tizimidan voz kechishga o‘tishdi. Musulmonlar buddizmni zo‘ravonlik bilan yo‘q qilgani haqidagi gap-so‘zlar yolg‘ondan boshqa narsa emas. Buddaviylar musulmon boshqaruvchilarga nisbatan toqatli bo‘lgan, ularning majburan Islomga o‘tkazilgani haqida dalil-isbot yo‘q.

Islom dinining ommalashishiga sayyor ustozlar ham katta hissa qo‘shdi. Musulmon olimlar odamlarga Islomni o‘rgatish uchun Hindiston bo‘ylab sayohat qilishgan.

Majburlash bo‘lganmi?
Ayrimlar Hindistonda musulmonlarning ko‘pligi zo‘ravonlik va majburlashning oqibati ekanini ta’kidlasa-da, dalillar buning aksini ko‘rsatadi. Hind hukmdorlari o‘rnini musulmon rahbarlar egallagan bo‘lsa-da, jamiyat o‘zgartirilmagan. Islomga o‘tishni majburlash hollari kamdan-kamdir va ilmiy munozara o‘tkazish uchun arzimaydi.

Agar Islom urushlar va zo‘ravonlik orqali tarqatilganida edi, hozir hindistonlik musulmonlarni Islom dunyosining qolgan qismiga yaqin hududlarda ko‘rardik, musulmonlar subqit’aning faqatgina g‘arbiy qismlarida yashagan bo‘lardi. Holbuki, hozir musulmonlar subqit’aning har tomoniga tarqalganini ko‘rib turibmiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda Islom qanday tarqalgan edi?