20:20 / 28.03.2020
2 346

«Sirli dushman kimning ichiga yashiringanini bilmaymiz»: Italiyadagi hayot haqida hikoya

«Sirli dushman kimning ichiga yashiringanini bilmaymiz»: Italiyadagi hayot haqida hikoya
Foto: Fabrizio Villa / Getty Images
Sitsiliyadagi plyajda joylashgan bar egasi Katya Afonina qat’iy karantin sharoitida Italiyaning eng yirik orolidagi hayot haqida hikoya qildi.

Italiya hukumati epidemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlarni yopib, olomon Lombardiyadan uyiga, janubga qaytish uchun poyezdlarni ishg‘ol qila boshlaganida meni birinchi marta korona-vahima bosgandi. Kimdir chipta bilan, kimdir chiptasiz, kimdir koronavirus bilan, yana kimdir sog‘-salomat. Agar bilmasangiz, aytib o‘taman: Italiya janubida yashovchilar keyingi bir yarim asr davomida nafaqat Amerika bilan Germaniyaga, balki mamlakat shimoliga ham ommaviy ravishda ishlash uchun ketishadi. U yerda pul va zavodlar, yaylov va bog‘lar ham o‘sha yerda.

Kimdir boy Italiyadan kambag‘al Italiyaga olib kelgan virusli zotiljam bois qishloq kasalxonasiga tushib qolishdan avvaliga qo‘rqmadim. Men bankrot bo‘lishdan qo‘rqardim. Fevral oyi boshlarida menga rieltor qo‘ng‘iroq qilib, lidoni (Adriatikani Venetsiya lagunasidan ajratib turuvchi qumli orollar zanjiri) 45 000 yevroga taklif qildi. Aftidan, bu qutulish uchun oxirgi imkon edi, biroq men buni bilmagandim.

10 mart kuni oxirgi marta qishloqda joylashgan uchta bardan biriga oxirgi marta kirdim. Choy bilan chizkeyk sotib oldim va o‘zimni hammasi joyidadek ko‘rsatishga urindim. Unchalik o‘xshamadi. Chunki barda bir o‘zim edim. Men bar egalarining minnatdorona nigohlari ostida mardlarcha tort yeb, choy ho‘playotganimda Italiya hukumati yangi dekret chiqardi. Ertasiga Italiyadagi barcha bar va restoranlar yopildi.

Endilikda uydan faqatgina supermarketga va ishga - agar o‘sha ish qolgan bo‘lsa - chiqamiz. Kecha gaz sotuvchi Antonio menga uchta ballon keltirib berdi. Uning asosiy biznesi mebel do‘koni, uning aytishicha, hozirda aholining mebelga bo‘lgan ehtiyoji nolga teng. So‘nggi ikki hafta davomida uyimga yaqinlashgan ikkinchi odam - qo‘shnim Karmelo. U har kuni cho‘chqa boqish uchun keladi. U shuningdek, aluminiy romlar ishlab chiqaradi va sotadi... Uzr, sotardi. Yaqin kelajakda odamlarga romlar mebeldan ham kamroq kerak bo‘ladi.

Savdo hali uni to‘xtatish to‘g‘risida farmon chiqmasdan turib to‘xtagandi. Faqat dorixona va oziq-ovqat do‘konlarigina tirik qoldi. Endi Karmeloning bor umidi mana shu cho‘chqasidan. Bu ofat tugaganida na u va na boshqasi barda kun bo‘yi o‘tiradi. Shunchaki hech narsaga pul qolmaydi.

Uyda o‘n kun havo-tomchi tahdididan yashirinib o‘tirdim. Nihoyat, supermarketga borishni cho‘zmaslik kerakligini tushundim. Hozirda uchta qishloqda atigi ikkita ijobiy test chiqqan, ammo doim shundayligicha qolmaydi. O‘zimga niqob tikdim, internet maslahat berganidek ichiga mato joyladim, yuzimga taqdim. Sog‘liqni saqlash vazirligi saytidan ruxsat qog‘ozini printerda chiqarib oldim (bu qog‘ozsiz 206 yevro jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi) va oziq-ovqat sotib olishga chiqdim.

Do‘kon oldidagi navbat mashinalar turadigan ulkan turargohni aylanib o‘tgandi. Odam ko‘pligi uchun emas, balki sitsiliyaliklar endi g‘uj bo‘lib to‘planmay qo‘yganliklari uchun. Deyarli hamma niqobda, garchi eshikka niqobni faqat bemorlar va ular bilan muloqotda bo‘lganlar taqishi kerakligi to‘g‘risida eslatma yopishtirilgan bo‘lsa ham. Ichkariga kirar ekansan, bu yerda ana shu bemor o‘zing ekanligingni tushunasan, chunki sen bilan muloqot qilayotgan sotuvchilar kosmonavtlarga o‘xshab qolishgan. Niqob, qo‘lqop va qandaydir shubhali yangi kiyimdan tashqari, ularning har biri bejirim plastik to‘siq ichida. Bir-birimiz bilan baqirib gaplashishimizga to‘g‘ri keladi.

Radiodagi e’lon esa vaziyatni yanada keskinlashtiradi: «Tez-tez xarid qiling, tayyor ro‘yxat bilan keling, ko‘chada turganlarni kuttirmang». Ko‘chadagi aravachalar xuddi uyga yangi ko‘chib kelganlarning yuk mashinasini eslatsa-da, nimagadir peshtaxtalarda hamma narsa bor. Men ham ana shunday aravacha bilan chiqarkanman, chekdagi raqamga hayrat bilan boqdim: 168,24 yevro. Shunaqa bo‘ladimi? Ha, mayli. Bo‘tqa bilan yong‘oqlarim hech qachon tugab qolmaydi.

Kasallik yuqtirishdan qo‘rqish — niqoblar ortidagi yuzlarda qolgan yagona narsa. Bu – hali o‘rganilmagan, ko‘rinmas va inson kuchi bilan boshqarilmaydigan nimadandir qo‘rqish. Biz hammamiz dahshat iskanjasida qoldik. Bizga hamla qiladigan sirli dushman kimning ichiga yashiringanini bilmaymiz. Bizga yaqin kelganlardan qochamiz: balki udir? «Sinora, xavfsiz masofani saqlang!.. Oh, u bizga quloq solmayapti! Qochdik!» Sodir bo‘layotgan voqealardan goh kulging keladi, goh g‘azabing. Ammo g‘aroyib tarzda hammani birlashtiradi.

Millatni birlashtiradigan yana bir narsa — bu, albatta, italyan televizori. Men televizor ko‘rishni bu yil boshladim, o‘tgan besh yilim esa o‘zimni Rossiya televideniyesidan tozalashga ketdi. Rostini aytsam, epidemiyadan oldin televizor asabimni buzardi. Chunki bizning davrimizda har qanday televizor asabni buzadi. Ammo butun Italiyada karantin e’lon qilingach, kutilmaganda RAI-1 davlat telekanalini hurmat qila boshladim. Men har kuni ko‘radigan ikkita ertalabki shou endilikda faqat virus haqida. Uning tabiati va ko‘rinishi, mamlakatda va dunyoda tarqalishi, virus to‘g‘risidagi feyk xabarlarni fosh etish, virus to‘g‘risidagi hazillar, bemorlar va tuzalib ketganlar bilan intervyular. Hattoki italyan tilining murakkabligini tushuntiradigan professor ham endilikda epidemiyani yoritish bilan bog‘liq xatolarni to‘g‘rilamoqda.

Agarda karantin ishlayotgan bo‘lsa, u ham televizor tufayli. U to‘lib ketgan kasalxonalarni, odamlardan uyda o‘tirishni so‘rab yig‘layotgan shifokorlarni ko‘rsatadi. Karantinning birinchi kunlari studiyalardan barcha tomoshabin va mehmonlar g‘oyib bo‘ldi, ular endi skayp orqali muloqot qilishyapti. Kimdir yo‘taladi, kimdir qo‘shiq aytadi, yana kimdir uyidan turib qanday o‘qiyotgani yoki ishlayotgani haqida hikoya qiladi. Kecha YouTube’da ko‘rgan narsangni ertalab markaziy telekanal orqali ko‘rsatishadi. Bari shahri meri parklarda uyida o‘tirmayotgan o‘smirlarni izlab yuradi: «Bolalar, uyga boringlar, bunday o‘tirish mumkinmas! Biz boshqa joylarda ko‘rayotgan narsa tez orada bizda ham bo‘lishi mumkin! Hamma uyiga!» Aytgancha, ko‘plab merlar (va albatta, shifokorlar) bu virus bilan og‘rimoqda, Yaratgan ularga shifo bersin.

Uy qamog‘i sharoitida bu xabarlar bilan tanishar ekansan, bankrot bo‘lish haqidagi qo‘rquv qaygadir g‘oyib bo‘ladi. Sitsiliyadan Alpgacha butun boshli mamlakat tanazzulga qanday yuz tutayotganini ko‘rib turganing uchundir, balki.

Ammo garchi yangi hayotda bar va restoranlarga faqatgina dorixonachilar, superkat xodimlari va shifokorlargina bora oladigan bo‘lib qolsa ham – bu noyob mijozlarni ko‘rishni istardim. Hech qanday to‘siqlarsiz, sakafandr va niqoblarsiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Sirli dushman kimning ichiga yashiringanini bilmaymiz»: Italiyadagi hayot haqida hikoya