date

Tailanddagi “Miss Universe” marosimi mojaroga aylandi

Tailanddagi “Miss Universe” marosimi mojaroga aylandi

Dunyo miqyosidagi eng nufuzli go‘zallik tanlovlaridan biri — “Miss Universe 2025” ayni damda Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Biroq tanlovning birinchi kunlaridanoq u nafaqat go‘zallar paradi, balki katta shov-shuv bilan ham yodda qoldi, deb xabar berdi “International Business Times”.

Ma’lum bo‘lishicha, 5-noyabr kuni o‘tkazilgan tantanali kutib olish marosimi paytida voqea kutilmagan yo‘nalishda rivojlandi. Tanlovning vitse-prezidenti Navat Itsaragrisil xomiylik fotosessiyasida ishtirok etmagan “Miss Mexico” — Melisse Flores Boshni omma oldida tanqid qilib, uni “ahmoq” deb atagan. Bu so‘zdan keyin zaldagi muhit keskin o‘zgargan, ko‘plab ishtirokchilar esa norozilik belgisi sifatida tadbirni tark etgan.

Kuzatuvchilarning guvohlik berishicha, voqea jonli efir vaqtida sodir bo‘lgan. Hatto xavfsizlik xodimlariga Meksika vakilini chiqarib yuborish buyrug‘i ham berilgan. Bosh esa bunga javoban sahnadan chiqib ketgan va o‘z munosabatini ochiq bayonot bilan bildirgan:

“Men XXI asrda yashayapman, va hech kim menga qo‘g‘irchoqdek munosabatda bo‘lishga haqli emas. Bu tanlov faqat go‘zallik haqida emas — bu ayollarning ovozini eshittirish haqida”, — degan u.

Shu paytda 2024 yilgi “Miss Universe” g‘olibi Viktoriya Ker Teylvig ham Melissega hamdardlik bildirib, tadbirni tark etganini e’lon qilgan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yildagi “Miss Universe” tanlovi 74-marta o‘tkazilmoqda va unda 79 mamlakat go‘zallari ishtirok etmoqda. Chexiyalik model Natali Pushkinova 2025 yilgi “Dunyo go‘zali” tanlovida mutloq g‘olib deb topilgan. Kolumbiya va Kuba vakillari esa maxsus sovrinlarga sazovor bo‘lgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tailanddagi “Miss Universe” marosimi mojaroga aylandi