13:38 / 01.05.2020
2 650

Koronavirus va fitna nazariyalari. Odamlar nega konspiratsiyaga ishonadi?

Koronavirus va fitna nazariyalari. Odamlar nega konspiratsiyaga ishonadi?
Foto: REUTERS/Aly Song
Koronavirus butun dunyoga yoyilishi ortidan u haqidagi fitna nazariyalari, propaganda va misinformatsiya ham tezlik bilan urchiy boshladi.
Vatandoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu turdagi nazariyalar haqida yozayotganiga tez-tez duch kelyapmiz. Ayrimlar: «Bu virus – Eron va Xitoyni kuchsizlantirish uchun AQSH o‘ylab topgan qurol» deb taxmin qilishsa, boshqalar: «Yo‘q, virus bu Xitoyning o‘sib borayotgan aholi sonini keskin kamaytirish borasidagi chorasi bo‘lsa kerak», deyishmoqda.

Yana boshqa skeptiklar esa: «Shubhasiz, bu – Rossiyaning o‘z xalqini saylovlardan chalg‘itish vositasi», deyish bilan ovora.
«Nega shunaqa ekan-a? — Karantin paytida uyda o‘tirgan xonadoshlarimga savol tashladim. — Nega har doim qandaydir musibatli hodisa sodir bo‘lsa, xayolimizga dastlab buni qanday tushunishimiz mumkin, degan emas, balki buni aniq kimdir qilgan degan savol kelar ekan-a?»

Fitna nazariyalari nega tez tarqaladi?
Inson tabiatan atrofidagi unga ta’sir o‘tkazadigan voqea-hodisalarni bilishga juda ishtiyoqmand. Biz atrofimizdagi voqealar sodir bo‘lish sababini turli kuzatish, ishonchli ma’lumot to‘plash va ularni ilmiy tahlil qilish orqali tushuntirib kelamiz. Lekin ba’zan ma’lum voqea-hodisalar tabiatan noaniq, tushuntirilishi murakkab va u haqida ilm hosil qilish biroz vaqt talab qiladi. Aynan shunday noaniq vaziyatlar fitna nazariyalari vujudga kelishi uchun dastlabki zaminni tayyorlaydi.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bunday nazariyalar 2 xil holatda tez tarqaladi: voqea-hodisa jamiyatda inqirozli vaziyat va insonlarda ma’lum qo‘rquv hosil qilganida (masalan terrorchilik xurujlari yoki tezkor siyosiy o‘zgarishlar) va yuzaga kelgan murakkab vaziyat haqida aniq ma’lumot yetishmasdan noaniqlik paydo bo‘lganida.

Ba’zida davlatlar ma’lumotni xalqdan yashirishi noaniq vaziyatni yanada chigallashtirib, insonlardagi shubha kayfiyatini yanada kuchayadi (shuning uchun ham fitna nazariyalari odatda ma’lumotlar nisbatan yopiq davlatlarda vujudga keladi).

Va nihoyat, bunday noaniq va tahdidli vaziyatda aniq ma’lumot yetishmasligidan shubhada turgan odamlar ongi ma’lum bir siyosiy-iqtisodiy agendaga xizmat qiladigan fikr bilan manipulyatsiya qilinishi orqali fitna nazariyasiga aylanadi. Turli-tuman «dalillar» bilan «qadoqlangan» bu nazariyalar endi oddiy xalq iste’moli uchun axborot o‘ta tezlik bilan tarqaladigan media-makonga chiqariladi.

Inson fikrlashining psixologik tuzilmasi bu kabi nazariyalar iste’molining kengayishiga yordam beradi. Murakkab hodisalarga oddiy izoh qidiradigan inson psixologiyasi uchun bu kabi nazariyalar juda qo‘l keladi.

«Bu voqealar rivojini kimdir boshqaryapti», degan nazariya qo‘rquvda qolgan inson miyasiga «hammasining ortida biz bilmaydigan va boshqara olmaydigan noaniqlik va tartibsizlik turibdi» degan qarashga nisbatan ko‘proq taskin beradi.

Ba’zida esa, bu nazariyalarga moyillik his qilib, ularni tarqatishimiz orqali xuddi hech nimani bilmaydigan boshqalar qarshisida o‘zimizni aqlli his etamiz, bu – ego hissimizni oziqlantiradi.

Lekin qalbimizga taskin beruvchi bu nazariy izohlari aldovi natijasida, afsuski, asl haqiqatni ko‘ra olmayotganligimizni his qilmaymiz.
O‘zimizniki deb o‘ylagan bu qarashlar aslida bizga tegishli emasligini, balki biz chiroyli qadoq ostida boshqa narsalar yashirilgan propagandaga xizmat qilayotganimizni tushunib yetmaymiz.

Fikrlarimizni manipulyatsiya qilayotgan bu nazariyalar bizga «hech narsa o‘z o‘zidan sodir bo‘lmaydi, buning ortida nimadir bor» degan xato xulosani singdirib qo‘yganini anglamaymiz.

Bunday nazariyalar tarqalishi, albatta, kimlarningdir siyosiy, iqtisodiy va boshqa maqsadlariga xizmat qilishi tayin. Agar virus tarqalishidan oldingi AQSH va Xitoy bilan bog‘liq tarang geosiyosiy vaziyat e’tiborga olinsa, virus bilan bog‘liq nazariyalar ma’lum maqsadni ko‘zlashiga unchalik shubha ham qolmaydi. Xo‘sh, bular nimalar bo‘lishi mumkin?

Ba’zida bu fikrlarning tarqalishi ayrim hokimiyat mas’ullariga odamlarni asl muammodan chalg‘itib, tanqiddan qochish uchun qo‘l kelsa, boshqa paytlarda hamma aybni dushmanga ag‘darish va jamiyatda turli firqalanish yaratish orqali ularni ruhiy kuchsizlantirishga hizmat qiladi.

Bu kabi inson fikrini manipulyatsiya qiluvchi misollar virus o‘chog‘iga aylangan Xitoy, AQSH va Eron kabi ba’zi davlatlarda allaqachon kuzatila boshladi.

Misol sifatida, Eron virus tarqalishini AQSHning davlatni kuchsizlantirishga qaratilgan quroli degan bo‘lsa, Xitoy insonlarni asl muammodan chalg‘itish uchun mamlakatda millatchilik ruhini uyg‘otib, aybni AQSHga to‘nkab qo‘ydi.

Rossiyadagi trollar esa paydo bo‘lgan noaniq vaziyatni informatsion kurash muhitiga aylantirib yubordi. Rossiyaning hukumatparast ayrim nashrlari AQSH bu virusni Xitoy iqtisodiyotini cho‘ktirish uchun o‘ylab topgan, degan fikrni ilgari surgan.

Bu fikrga Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qo‘shiladi: uning fikricha, koronavirus – Amerikaning Xitoyga qarshi qo‘llagan biologik quroli.

Konspiratsiyadan ilmiy qarashga
Xo‘sh, unda voqeaning ortida haqiqatan ham fitna nazariyasi turibdimi yoki haqiqat boshqa joydami, qayerdan bilamiz? Balki rostdan ham virusni qaysidir davlat ataydan tarqatgandir?
Ma’lum bir voqea haqida aniq ilm hosil qilish uchun ishni eng avvalo mish-mish bilan aniq ilmiy izoh farqini tushunishdan boshlashimiz kerak.

Fitna nazariyasi bilan ilmiy izohning asosiy farqi – bu muammoga qarashdagi nuqtayi nazarning turlichaligida. Asl ilmiy tahlil muammo haqida qayta tekshirilishi mumkin bo‘lgan gipotezadan boshlansa, fitnachilar bu muammo mohiyatini o‘zgarmas haqiqat deb qarashadi.

Fitnachilar haqiqat deb qabul qiladigan qarashni boshqa bir dalil xatoga chiqarishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Demak, haqiqatni bilish uchun ishni eng avvalo muammoga betaraf nuqtadan, ya’ni «bundan kim manfaat oladi» degan savoldan emas, balki «bu voqeani qanday izohlash mumkin» degan savoldan boshlash kerak.

Undan keyingi bosqich esa oddiy – hodisa haqidagi izohlarni dastavval mantiq, keyin esa empirik tahlil tarozisida tortish kerak.

Aslida, aql taskini uchun eng yaxshi yondashuv ko‘z bilan kuzatish. Lekin voqealarni kuzatish imkoniyatimiz cheklangani bois, odatda mantiqiy tafakkurni ishlatamiz. Bu yerda fitna nazariyalarning mantiqiyligini anglash uchun «bu hodisa sodir bo‘lishini kim hohladi», degan savol emas, balki «nega bu hodisa uni qilishi mumkin bo‘lgan insonlar xohlaganidek bo‘lmadi» degan savolni o‘zimizga berishimiz kerak.

Chunki oldindan puxta o‘ylangan va bir nechta insonlar ishtirokini taqozo qiladigan ishlar hech qachon rejadagidek ishlamaydi. Boshqacha aytganga, agar virusni AQSH o‘ylab topgan, degan nazariya bor bo‘lsa, «unda AQSHning o‘zi virus ta’siridan eng kam zarar ko‘rishi kerak edi, nima uchun unday bo‘lmadi?» degan savolni o‘zimizga berishimiz kerak.

Lekin ba’zida murakkab hodisalar borasida mantiqiy usul ishlamasligi mumkin. Bundan holatda, ikkinchi usulni, ya’ni hodisa haqida ilmiy dalil izlashni boshlashimiz kerak. Buning uchun, albatta, qabul qilinadigan manbalarning aniqligi tekshirilishi va iddaolar tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Misol sifatida, agar bir nechta ishonchli ilmiy tahlillar virusning biologik strukturasi uni inson muhandisligi emas, balki tabiiy vujudga kelganini ko‘rsatsa, bu ilmiy dalil sifatida qabul qilinadi va butun fitna nazariyalar chippakga chiqadi (bugungi kunda deyarli barcha olimlar virusning tabiiy ravishda tarqalgani haqida bir fikrda)

Agarda ilmiy dalil topishning iloji bo‘lmasa-chi? Bunday paytda boshlang‘ich nuqtamiz – mavjud nazariyalarga, fitnalar bilan birga, xato emas, balki isbotlanmagan taxmin sifatida qarashimiz kerak. Masalan, virus Xitoyning Uhandagi virusologiya laboratoriyasidan inson xatosi natijasida tarqagan bo‘lishi mumkin, toki bu fikrga qarshi dalil topilgunga qadar.

Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, qachon o‘zimiz ma’lum taxminlarga dalil qidirishga kirishsak, «tasdiqlashda og‘ish»ga (confirmation bias) tushib qolmaslik kerak. Ya’ni oldindan shu to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, degan gipotezaga moslab, dalil yig‘maslik kerak. Masalan, Xitoy qilgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin to‘g‘riligini isbotlash uchun Uhanda katta biologik institut borligini dalil keltirmasligimiz kerak.

Nega konspiratsiyalarga ishonmasligimiz kerak
Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ba’zi noto‘g‘ri va zararli nazariyalarning ta’sir doirasiga tushib qolish nafaqat individual shaxslarning hayotlariga, balki jamiyatlarning kelajagi uchun ham salbiy natijalar olib keladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, bunday nazariyalarga ishonadigan shaxslarning manipulyativ o‘yinlar qurboni bo‘lishi osonlashadi va bu ularda ekspertlar fikriga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otadi.

Jamiyat sifatida esa, murakkab hodisalarni bunday asossiz fikrlar orqali izohlashga o‘tish bizni nafaqat haqiqatga ilmiy yondashish va undan kerakli xulosalar chiqarishdan to‘sib qo‘yadi, balki kelajagimizni tadbirsiz ahvolga keltiradi.

Katta muammolarga yechimni oson izohlardan izlagan jamiyatlarning ilmiy yuksalishi albatta qiyin bo‘ladi. Va nihoyat, bunday assosiz fikrlar ba’zi mas’ul kishilarning ular oldidagi mas’uliyatlaridan qochishi va aybni osonlikcha boshqalarga yuklab qo‘yishga yo‘l ochadi.

Bekzod Zokirov
Tokio universiteti doktoranti

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus va fitna nazariyalari. Odamlar nega konspiratsiyaga ishonadi?