Buyuk Britaniyadagi Uorik universiteti olimlari tibbiyot sohasida inqilobiy yangilik yaratdi. Ular olmos asosidagi portativ va ixcham sensor yordamida saraton metastazlarini aniqlashning yangi usulini ishlab chiqdi. Bu haqdagi tadqiqot “Physical Review Applied” jurnalida e’lon qilindi.
Saraton hujayralari faqat asosiy o‘smani zararlashi bilan cheklanmaydi. Ular limfa tizimi orqali boshqa a’zolarga ham tarqalishi mumkin. Shu sababli limfa tugunlarining holatini aniqlash muhim hisoblanadi: bu shifokorlarga davolash strategiyasini to‘g‘ri belgilashda katta yordam beradi. Hozirgi kunda radioaktiv markerlar yoki maxsus ko‘k bo‘yoqlardan foydalaniladi. Ammo radiofarmatsevtik moddalar har bir klinikada mavjud emas, bo‘yoq esa ba’zi bemorlarda allergik reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin.
Uorik universiteti fiziklarining yangi qurilmasi esa butunlay boshqacha yo‘lni taklif qiladi. Sensor NV-markazlar asosida ishlaydi – bu azot atomlari va kristall panjaradagi bo‘shliqlardan hosil bo‘lgan nuqsonlar bo‘lib, eng kichik magnit maydon o‘zgarishini ham sezishi mumkin. Sensor temir oksidi nanopartikullari bo‘lgan maxsus magnit suyuqlikka reaksiya ko‘rsatadi. Ushbu texnologiya orqali o‘sma limfa tugunlariga tarqalganini aniqlash va jarrohlik paytida shu tugunlarni mahkam va aniq olib tashlash mumkin.
“Biz sensorga ulangan bosh qismini faqat 10 mm gacha ixchamlashtirdik – bu endoskopiya va laparoskopiyada qo‘llash uchun juda qulay. Bu olmosli qurilmaning birinchi namunasi hisoblanadi,” – deydi tadqiqot muallifi Aleks Nyuman.
Qurilmada 0,5 mm kub hajmdagi mikro-olmos va kichik doimiy magnitdan foydalaniladi, shu bois qo‘shimcha katta elektronika talab qilinmaydi. Shu sababli shifokorlar bu yangilikni yuqori baholashmoqda.
Koventri va Uorik shifoxonasi jarrohi Styuart Robertson ta’kidlaganidek: “Men ko‘krak bezi saraton davosida muntazam ravishda magnitli navigatsiyadan foydalanaman. Bu an’anaviy usullarga nisbatan ustunlik beradi. Shu bois Uorik universiteti bilan hamkorlik va texnologiyani yanada takomillashtirish juda muhim.”
Mutaxassislar fikricha, kelajakda ushbu sensor o‘pka, jigar, ichak va qizilo‘ngachdagi turli o‘smalarni aniqlashda ham qo‘llanilishi mumkin. Bu esa saraton diagnostikasi va davolashda yangi davrni boshlashga imkon beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!