date

“Qo‘qon-1912” ustozi alamli mag‘lubiyatdan keyin nimalar dedi?

“Qo‘qon-1912” ustozi alamli mag‘lubiyatdan keyin nimalar dedi?

Superliga 20-turidan o‘rin olgan “Buxoro” – “Qo‘qon-1912” bahsi ortidan maydon tashqarisida ham qizg‘in fikrlar bildirildi. Mehmonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘yin haqida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, jamoasi bu mag‘lubiyatga munosib emas edi, ammo omad va vaziyatlardan foydalanishdagi samarasizlik natijaga ta’sir ko‘rsatdi.

“Avvalo, 'Buxoro'ni g‘alaba bilan tabriklayman. Lekin biz mag‘lubiyatga haqli emasdik. Rejamiz bo‘yicha ikkinchi bo‘limda raqibga bosim o‘tkazish lozim edi va biz buni bajardik. Safarda o‘ynayotganda imkoniyatlardan unumli foydalanish juda muhim. O‘yin teng kechdi, ko‘plab imkoniyatlar yaratdik. Kam deganda durangga haqli edik, lekin alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradik. Nima deyishni ham bilmayman,” – dedi Haydarov.

Murabbiy gol epizodi haqida ham to‘xtaldi: “Hujumdan himoyaga qaytishda bir oz sustkashlikka yo‘l qo‘ydik. Raqib tezkor hujumga o‘tdi va biz zarbaga yo‘l berib qo‘ydik. Aslida, Shohruh Gadoyev Aziz Amonov yonida bo‘lishi, unga zarba berish imkonini bermasligi kerak edi. Rikoshetdan keyin esa darvozabonimiz ishonchsiz harakat qildi. Buni olib chiqish mumkin edi. Darvozamiz oldida xavfli vaziyatlar ko‘zga tashlanmadi, ammo omad raqib tomonida bo‘ldi. Darvozabonimiz to‘p chiziqdan o‘tmadi deb aytdi, lekin bu mutlaqo boshqa holat. Birinchi navbatda himoyaga tezroq qaytish lozim edi.”

Haydarov Shohruh Gadoyevning almashtirilishi haqida ham izoh berdi. Uning aytishicha, futbolchi to‘liq o‘ynashga hali tayyor emas edi. “Gadoyev birinchi davrada kam o‘ynadi, shuning uchun to‘liq holatga kelmagan. Ushbu epizod bilan bog‘liq emas, balki charchoqni his qilgani uchun almashtirildi. Futbol jamoaviy o‘yin, bir futbolchi xatoga yo‘l qo‘ysa, boshqalar uni to‘g‘rilashi kerak. Biz epizodlarni tahlil qilamiz va yigitlarga ko‘rsatamiz, shunday xatolar takrorlanmasligi uchun harakat qilamiz,” – dedi u.

Jurnalistlar jamoaning kam gol urgani haqida savol berishdi. Haydarov bu borada tanqidiy fikr bildirdi: “Albatta, bu juda kam. Ikkinchi davrada yangi hujumchilarni olib, raqobatni kuchaytirdik. Birinchi davrada 10ta gol urgandik, bu ham kam. Bugun ikkinchi bo‘limning o‘zida 4ta toza vaziyat bo‘ldi – Abror Karimov, Abdug‘ofur Haydarov va Javohir Husanov ham imkoniyatga ega bo‘lishdi. Kam deganda yarmini golga aylantirish lozim edi. Gol ura olmasak, bu keyinchalik turnir jadvalida pastlab qolishimizga olib kelishi mumkin. Bu narsa jamoa kayfiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.”

U xulosa qilib, jamoa o‘yini ko‘rsatkichlariga qaraganda, ular pastki o‘rinda bo‘lishiga munosib emasligini va yuqoriga ko‘tarilish uchun harakat qilishini ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Qo‘qon-1912” ustozi alamli mag‘lubiyatdan keyin nimalar dedi?