Superliganing 20-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Mash’al” bahsi yakunlangach, mehmon jamoa bosh murabbiyi Otabek Narzullayev matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘yin borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Murabbiyning aytishicha, jamoa bahsni yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, xatolar qimmatga tushgan:
– Bellashuvni samarali boshladik, lekin o‘zimizdan chiqqan xatolar natijani hal qildi. Buni hech qachon bahona sifatida ko‘rsatmaymiz. Keyingi safarda “Andijon”ga qarshi safardan qaytgandan so‘ng futbolchilarni tiklashga ulgurmadik. Yo‘l azobi, uzoq safar va kuchli raqiblarga qarshi muntazam o‘ynash futbolchilarni charchatdi, – dedi u.
Undan “Andijon”ga qarshi g‘alabadan keyin jamoaga nimadir yetishmadimi, degan savolga Narzullayev shunday javob berdi:
– Asosiy sabab — charchoq. Chunki “Andijon”ga qarshi o‘yinda katta kuch sarfladik. Keyin yana yo‘l, avval Toshkent, keyin Farg‘ona. Futbolchi xohlagani bilan organizm charchoqqa beriladi. O‘yinni yaxshi boshladik, ammo 15–20-daqiqadan keyin xatolar ko‘paydi. Konsentratsiya yo‘qoldi va natijada gollar o‘tkazib yubordik. Bu ham charchoqning oqibati, – dedi murabbiy.
Darvozabon xatosi haqida savol berilganda esa Narzullayev o‘ta ehtiyotkorona munosabat bildirdi:
– Bu futbol. Balki darvozabon xatoga yo‘l qo‘ygandir, balki yo‘q. O‘yinni ko‘rib tahlil qilgandan keyin aniq ayta olamiz. Ammo bir narsani qayd etaman: xato faqat bir odamniki emas. Bu – murabbiylar, futbolchilar va butun klubniki. Biz ishlashda davom etamiz va xatolarni kamaytirishga harakat qilamiz, – dedi u.
Murabbiy shuningdek, “Mash’al”ning yoshlarga qaratayotgan e’tibori haqida ham to‘xtaldi:
– Yoshlarimiz ishtirok etayotgan har bir bahsni kuzatib boramiz. Agar asosiy jamoa o‘yinlari bilan to‘qnash kelmasa, albatta borib ko‘raman. Yoshlarni ko‘proq sinab ko‘rish niyatimiz bor. Masalan, yaqinda “Paxtakor”ga qarshi kubok o‘yinida bir nechta yoshlarni maydonga tushirishni rejalashtirganmiz. Bugun Farruh Toshpo‘latov debyut qildi va “Neftchi”dek kuchli raqibga qarshi 10 daqiqa harakat qilib, yomon taassurot qoldirmadi. Bizning U21 va U19 tarkibimizda shunday iste’dodli futbolchilar juda ko‘p. Faqat asosiy tarkibda ham raqobat katta. Shu bois har doim imkoniyat berish oson emas. Biroq ochkolar yig‘ib olganimizdan keyin asosiy tarkib futbolchilarining o‘rniga yoshlarga maydon berish rejamiz bor, – deya ta’kidladi u.
Anjumandagi so‘zlardan ma’lum bo‘ldiki, Narzullayev ham jamoaning bugungi mag‘lubiyatiga xolis baho berdi, ham kelajakda yoshlarga ko‘proq yo‘l ochish niyati borligini bildirdi.
“Mash’al” murabbiyi Narzullayev mag‘lubiyat va yoshlar haqida gapirdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar