date

Viktor Karpenko: “Buxoro” g‘alabasiga ishonch va sabr orqali erishdi

Viktor Karpenko: “Buxoro” g‘alabasiga ishonch va sabr orqali erishdi

Superliganing 20-turidan o‘rin olgan “Buxoro” – “Qo‘qon-1912” uchrashuvi yakunlangach, mezbonlar vaqtinchalik bosh murabbiyi Viktor Karpenko matbuot anjumanida ishtirok etdi. U o‘z so‘zlarida futbolchilarning harakatini alohida ta’kidlab, ularni g‘alaba uchun borini bergani uchun qo‘llab-quvvatladi.

Karpenko avvalambor jamoaga minnatdorchilik bildirdi: “Yigitlarga katta rahmat aytaman. Ular bugun o‘zini butunlay o‘yinga bag‘ishlashdi, g‘alabaga bo‘lgan xohish va intilish juda yuqori edi. 'Bunyodkor'ga qarshi bahsdan so‘ng Buxoroga qaytdik, keyin Qarshiga kelishimiz kerak bo‘ldi. Ikki kun ichida jamoani to‘liq tayyorlab bo‘lmasdi, asosiy maqsad futbolchilarni tiklash edi. Shuning uchun bugun ularning ko‘rsatgan xarakteri bizga g‘alaba olib keldi. Bu natija barcha buxorolik muxlislarga va klub rahbariyatiga munosib tuhfa bo‘ldi. Jamoa to‘g‘ri yo‘nalishda ketyapti, hali oldimizda katta yo‘l bor. Tarkibda yaxshi saviyadagi futbolchilar bor, ularga ishonch bildirilsa, natijalar albatta keladi”.

Murabbiy o‘yin haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, birinchi bo‘limda “Buxoro” tashabbusni qo‘lga oldi va bir qator xavfli vaziyatlar yaratdi. Ikkinchi bo‘limda esa charchoq tufayli ko‘proq himoyalanishga to‘g‘ri keldi, ammo shunga qaramasdan hisobni ochib g‘alabani saqlab qolishdi: “Sabr qildik va oxirida uch ochkoni ilib ketdik”.

Anjumanda hakamlik masalasi ham ko‘tarildi. Karpenko shunday dedi: “Hakamlarga jiddiy e’tiroz yo‘q. Faqat ayrim mayda follarga hushtak chalindi, shunday bo‘lsa-da, ularning ishini yaxshi baholayman. Biz o‘yin jarayonida hissiyotga berilib ketdik, lekin umumiy hisobda hakamlar adolatli ishlashdi. Raqiblar ham buni tasdiqlay oladi deb o‘ylayman, chunki bahs teng o‘tdi”.

Tajribali murabbiy Jo‘rabekovning maydonga tushirilishi haqida ham izoh berdi: “Shahboz universal futbolchi. U himoyada raqibni nazorat qilishi ham mumkin, hujumda agressiv harakatlari bilan kerakli yordamni ko‘rsatishi mumkin. Bugun u himoyadan ko‘ra ko‘proq hujumda faol bo‘ldi. Biz ikkinchi golni urmoqchi edik, ammo bitta gol ham g‘alabaga yetarli bo‘ldi. Uning kirishi jamoaga kuch qo‘shdi”.

Shuningdek, murabbiydan qaysi futbolchi — Hayrullayev yoki Amonov g‘alabaga ko‘proq hissa qo‘shgani haqida so‘rashdi. Karpenko bu savolga jamoaviy ruhni ustuvor qo‘ygan holda javob qaytardi: “Biron futbolchini ajratib ko‘rsatmayman. Chunki g‘alabani butun jamoa ta’minladi. Bugun Ravshan Hayrullayevning tug‘ilgan kuni edi, yigitlar g‘alabani unga bag‘ishlashdi. Bir kishining o‘yini emas, balki barcha futbolchilarning birgalikdagi harakati g‘alabani olib keldi”.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Viktor Karpenko: “Buxoro” g‘alabasiga ishonch va sabr orqali erishdi