Xitoy va amerikalik olimlar qurilish sohasida haqiqiy inqilob yaratdi. Ular shunday maxsus sement ishlab chiqishdiki, u oddiy beton va an’anaviy sementdan farqli ravishda binolarda issiqlik to‘planishini oldini oladi va ularni samarali ravishda sovutadi. Bu yangilik qurilish materiallari texnologiyasidagi eng so‘nggi yutuqlardan biri sifatida ilmiy jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Tadqiqot natijalari Cciyence Advances jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, yangi aralashma bino ichi haroratini kunduzgi issiq paytlarda taxminan 5 daraja Selsiyga pasaytirish imkonini beradi. “Sement qotganda uning yuzasida tabiiy ettringit mineralining kristallariga o‘xshash maxsus tuzilma paydo bo‘ladi. Bu tuzilma ko‘rinadigan yorug‘likni yuqori darajada aks ettiradi va o‘rta infraqizil nurlanishni deyarli to‘liq o‘tkazadi. Shunday qilib, binolarning ichi kunduzgi jazirama paytlarda ham salqin saqlanadi”, – deydi tadqiqotchilar.
Ushbu innovatsion material “foton-strukturalangan sement” deb nomlanadi va Xitoy Xalq Respublikasining Janubi-Sharqiy universiteti professori Miao Chanven rahbarligidagi xitoylik va amerikalik materialshunoslar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. Uning asosiy vazifasi klassik sementning asosiy kamchiliklarini bartaraf etishdan iborat: an’anaviy sement tropik va issiq mintaqalarda qo‘llanganda faqat quyosh nurining va issiqlikning 30 foizini aks ettiradi, bu esa binolarning yuqori haroratgacha qizishini kamaytiradi.
Olimlar yangi materialdan uyning kichik modellarini yasab, ularning quyosh nuri va issiqlikka reaksiyasini sinovdan o‘tkazishdi. Ta’limiy va laborator tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, kunning eng issiq soatlarida bino devorlarining harorati an’anaviy sementda 60-70 daraja Selsiy bo‘lsa, foton-strukturalangan sementda bu ko‘rsatkich 30-35 darajaga tushgan. Bu esa bino ichi haroratini taxminan 5 darajaga pasaytirish imkonini berdi.
“Bu texnologiya kelajakda binolarni sovitish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi”, – deyiladi maqolada. Olimlar fikricha, yangi sement nafaqat tropik va issiq hududlarda, balki har qanday issiqlikka sezgir shaharlarda ham keng qo‘llanishi mumkin.
Bu yangilik qurilish sohasidagi energiya tejash va ekologiyaga ta’sirni kamaytirish uchun ham katta ahamiyatga ega. Foton-strukturalangan sement orqali kelajakda binolar nafaqat barqaror va ekologik toza bo‘ladi, balki aholi uchun ham qulay va salqin muhit yaratiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!