06:55 / 21.07.2020
1 963

Dunyodagi vaziyat: Oksford vaksinasining muvaffaqiyatli sinovi va Trampning quruq va’dasi

Dunyodagi vaziyat: Oksford vaksinasining muvaffaqiyatli sinovi va Trampning quruq va’dasi
Foto: OXFORD UNIVERSITY
Oksford universiteti o‘zi ishlab chiqayotgan CHAdOx1 nCoV-19 vaksinasining immun reaksiyasi chaqirayotganini xabar qildi. Britaniya hukumati yana bir nechta vaksina variantlari yetkazib berilishi bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Bu vaqtda Fransiyada niqob kiyish majburiy bo‘ldi, Donald Tramp esa Covid-19 o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishiga avvalgidek ishonmoqda.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlangandan beri 14,5 milliondan ortiq odam koronavirusni yuqtirgan, 611 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Oksford vaksinasi
Oksford universiteti AstraZeneca kompaniyasi bilan birgalikda CHAdOx1 nomi ostida ishlab chiqayotgan vaksinasi hech bo‘lmaganda qisman samarali ekanligi to‘g‘risida bayonot berdi.

CHAdOx1 nCoV-19 vaksinasi misli ko‘rilmagan tezlikda ishlab chiqilmoqda. Uning asosi shimpanzelarda odatiy shamollashni keltirib chiqaradigan virusdir. Bu genetik jihatdan shunday o‘zgartirilganki, organizm uni 19-nCoV virusi uchun qabul qiladi.

1077 kishi ishtirok etgan klinik tadqiqotlar natijasida vaksina tanada koronavirusga antitanalar ishlab chiqarilishiga turtki bo‘lishi tasdiqlandi, deyiladi bayonotda.

Immun tizimi nuqtayi nazaridan vaksina Covid-19 virusiga o‘xshaydi, shuning uchun ham emlangan odam tanasi vaksina tarkibidagi virus xavfsiz bo‘lganiga qaramay antitanalar ishlab chiqarishni boshlaydi.

Britaniya hukumati hozirgacha yuz million dozadagi vaksinaga buyurtma berib bo‘lgan. Unga Rossiyaning ham qiziqishi ortmoqda. Ikki kun avval «R-farm» rus kompaniyasi agar ishlanma muvaffaqiyatli bo‘lsa, uning Rossiya bozori va boshqa ko‘plab davlatlarga yetkazilib berilishi uchun ishlab chiqarishning bir qismini o‘z zimmasiga olishi haqida e’lon qilgandi.

Oksford vaksinasidan tashqari, hukumat umid bog‘langan yana boshqa turdagi vaksinalarning 90 million dozasi yetkazib berilishi uchun BioNtech, Pfizer va Velneva kabi kompaniyalar bilan shartnoma imzolagan.

Gap ikki preparat haqida ketmoqda. Virusning genetik kod parchasidan foydalanilgan vaksinani ishlab chiqayotgan BioNtech va Pfizer alyansi 30 million dozaga buyurtma olgan, deaktiv virusga asoslangan vaksina ustida ishlayotgan Valneva'ga yana 60 million doza buyurtma berilgan.

Britaniya hukumati turli prinsiplar asosida ishlaydigan vaksinalarga sarmoya kiritib muvaffaqiyat ehtimolini oshirishga harakat qilmoqda.

«Istiqbolli variantlarning ko‘pligi shuni ko‘rsatadiki, tadqiqotlar misli ko‘rilmagan tezlikda olib borilmoqda», dedi koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha davlat ishchi guruhining raisi Keyt Bingem shartnomalar imzolanishini sharhlash jarayonida. U shuningdek dasturlarga juda katta umid bog‘lamaslikka chaqirdi.

«Gap shundaki, biz hech qachon vaksinaga erishmasligimiz, yoki erishsak ham u shikastlanishning oldini oladigan bo‘lmasligi va faqat simptomlar kuchini pasaytiradigan bo‘lib chiqishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

Bingemning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalardan biri 2020 yil oxirigacha sinovdan o‘tkazilishi mumkin, ammo bu holatda ham britaniyaliklarning keng miqyosda emlanishini keyingacha kutish yaramaydi Ta’lim vaziri Gevin Uilyamson dushanba kuni BBC'ga bergan intervyusida ilk emlashlar 2021 yil avvalida boshlanishi mumkinligini aytdi.

Fransiyada niqob kiyish majburiy etib belgilandi

Fransiya hukumati mamlakatning barcha fuqarolarini yopiq binolarda niqob kiyishga majburlamoqda.

Jamoat transportida niqob kiyish zarurligi avvaldan amalda edi, endilikda dushanba kunidan boshlab Fransiya bo‘ylab barcha jamoat joylariga, masalan, do‘konga kirish uchun ham niqobda bo‘lish talab etiladi. Qoidani buzganlarga 135 yevro jarima solinadi.

Fransiya Covid-19'ning mahalliy o‘choqlariga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veranning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda bunday o‘choqlar soni 500ga yaqin.

Iyun oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron koronavirus ustidan «birinchi g‘alabani» e’lon qildi va mamlakatdagi favqulodda holatni bekor qildi. Mamlakat shimoli-g‘arbiy va sharqiy viloyatlarida virusni yuqtirganlar soni o‘sishda davom etmoqda.

Fransiya - Yevropadagi pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlardan biridir. Pandemiya boshlangandan beri u yerda 200 mingta shikastlanish va 30 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan.

Donald Tramp: koronavirus o‘zi yo‘qoladi
AQSH prezidenti Donald Tramp dushanba kuni, xuddi avval ham ta’kidlaganidek, koronavirus vaqt o‘tishi bilan yo‘qolishini ta’kidladi.

«Oxir-oqibat, men haq bo‘lib chiqaman. Bilasizmi, men u yo‘q bo‘lib ketishini aytgandim. Va yana aytaman, virus yo‘qoladi. Va men haq bo‘lib chiqaman», - dedi Tramp. AQSH prezidenti virus yo‘q bo‘lib ketishi haqida birinchi marta fevral oyida gapirib, Covid-19 aprelgacha «mo‘’jizaviy ravishda» tugab bitishini aytgandi. Biroq, bu sodir bo‘lmadi.

Olimlarning fikriga zid bo‘lgan bayonotlari uni obro‘sizlantiradimi, degan savolga, Tramp «Yo‘q, chunki men haqman» deb javob berdi.
«Bilasizmi, nega bu meni obro‘sizlantirmaydi? Chunki men, aftidan, hammadan ko‘p haq bo‘lib chiqaman», dedi prezident AQSHda maktablarni ochishga yana bir marta da’vat qilayotib.

U mamlakatdagi kunlik shikastlanish holatlari yuqoriligicha qolayotganiga izoh berib, buni test olish hajmi ham ko‘paygani bilan bog‘ladi. U shuningdek, mamlakatning bosh epidemiologi Entoni Fauchini tanqid qildi.

«Doktor Fauchi menga niqob taqmasligimni aytdi. U Xitoyga [sayyohlarning kirishi va Xitoydan tovarlarni olib kelinishiga] taqiq qo‘ymaslikni aytdi. Doktor Fauchi bir qator xatolarga yo‘l qo‘ydi, u ozgina vahimachi, buning dahshatli joyi yo‘q», dedi Tramp.

AQSHda virusdan zararlanish holatlari soni o‘sishda davom etmoqda. O‘tgan haftada kunlik yangi shikastlanishlar soni 70 mingga yetdi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda jami holatlar soni 4 millionga yaqinlashmoqda, 143 mingdan ortiq kishi kasallik qurboniga aylangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi vaziyat: Oksford vaksinasining muvaffaqiyatli sinovi va Trampning quruq va’dasi