date

Demografik inqiroz: Rossiyada mehnat resurslari tobora kamaymoqda

Demografik inqiroz: Rossiyada mehnat resurslari tobora kamaymoqda

Rossiya iqtisodiyotida so‘nggi yillarda asosiy muammolardan biri – ishchi kuchining kamayishi. Demografik pasayish, aholining qarishi va mehnat yoshidagi fuqarolar sonining qisqarishi ortidan bu holat tobora chuqurlashmoqda. Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) yangi hisobotiga ko‘ra, bu jarayon endilikda surunkali tus olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2010–2024 yillar oralig‘ida Rossiyada iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni 4 milliondan ziyod kishiga oshgan. Biroq 2025 yilning yoziga kelib, ishsizlik 2,2 foizgacha tushdi — bu rekord darajadagi past ko‘rsatkich hisoblanadi. Odatda tabiiy ishsizlik 4–5 foiz atrofida bo‘ladi, shu bois bu raqam mehnat resurslari yetishmasligini ochiq namoyon etmoqda.

Mehnat bozoridagi tarozini faqat bir necha yo‘l bilan barqarorlashtirish mumkin: migrantlarni ko‘proq jalb etish, keksa avlodning iqtisodiyotdagi ishtirokini oshirish va mehnat unumdorligini ko‘tarish.

So‘nggi 15 yil ichida Rossiyaga chet ellik ishchilarning yillik oqimi taxminan 250 ming kishini tashkil etdi. Ular umumiy mehnatga layoqatli aholining qariyb 3 foizini tashkil etmoqda.

2019 yildagi pensiya islohoti ham mehnat bozoriga ta’sir qildi — keksa avlod ishda qolib, faoliyatni davom ettirayotgani qayd etilmoqda. Agar 2016–2018 yillarda 60 yoshdan oshganlar orasida ish bilan bandlar ulushi 13 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 16,7 foizga etdi. Shu bilan birga, so‘nggi ikki yilda ish haqi qariyb 18 foizga o‘sdi, bu esa ayrim fuqarolarni mehnat bozoriga qaytishga undadi.

Shunga qaramasdan, kadrlar yetishmasligi barqaror tus olmoqda. Rossiya banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil ikkinchi choragida korxonalarning katta qismi ishchi qo‘llar yetishmasligidan shikoyat qilgan va yaqin kelajakda yangi xodimlarni jalb etishni rejalashtirmoqda.

Asosiy sabablar demografik o‘zgarishlarda. Rossiya aholisi qarib borayotgani tufayli mehnatga layoqatli fuqarolar soni keskin kamaymoqda. YeOTB va BMT prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib barcha ishchilarning qariyb 40 foizi 50 yoshdan oshgan bo‘ladi. Bu esa ish unumdorligi va harakatchanlik darajasi pasayishiga, iqtisodiy o‘sish esa sekinlashishiga olib kelishi mumkin.

Hozircha eng katta kadrlar tanqisligi ishlab chiqarish, savdo, logistika, IT va sog‘liqni saqlash sohalarida kuzatilmoqda. Masalan, qayta ishlash sanoatida 400 ming, savdo sohasida 300 mingdan ziyod, transport va logistika sohasida esa qariyb 200 ming kishi yetishmayapti.

Mutaxassislar bu vaziyatning bir nechta sabablarini ko‘rsatmoqda: demografik jarlik, mutaxassislarning chet elga ko‘chishi, ta’lim tizimi va biznes ehtiyojlari o‘rtasidagi tafovut, hamda “mudofaa sektorining o‘sishi” sabab ishchi kuchining ayrim qismi sanoatga ketmoqda.

Ishchi yetishmasligi ish muhitini ham o‘zgartirgan — xodimlar ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayotgani sababli, charchoq va ish sifatining pasayishi kuzatilmoqda.

Rossiya Mehnat vazirligi xulosasiga ko‘ra, bu muammo kamida 2030 yilgacha saqlanib qoladi. Shu vaqtga kelib ishchi kuchiga ehtiyoj 3,1 million kishiga yetishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu inqirozni yengish uchun migratsiya siyosati bilan bir qatorda avtomatlashtirish va texnologiyalarni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash va faol mehnat yoshini uzaytirish zarur.

Natijada Rossiya uchun ishchi kuchi tanqisligi yangi reallikka aylanmoqda — uning iqtisodiyoti endi inson resurslariga qaraganda texnologiya va samaradorlik bilan raqobat qilishni o‘rganishi kerak bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Demografik inqiroz: Rossiyada mehnat resurslari tobora kamaymoqda