Shimoliy Amerikada tibbiyot sohasidagi yirik tajriba chuqur qiziqish uyg‘otdi — olimlar 50 dan ziyod turdagi saratonni ilk bosqichda aniqlay oladigan qon testini sinovdan o‘tkazishdi, deb xabar berdi BBC News.
Tadqiqot doirasida AQSH va Kanadada 25 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Natijada har yuz nafar ishtirokchidan biriga test saraton xavfini ko‘rsatdi. Keyingi tekshiruvlarda ularning yarmidan ko‘pi — taxminan 62 foizida haqiqatdan ham saraton borligi tasdiqlandi.
Qiziq jihati shundaki, aniqlangan holatlarning yarmidan ko‘pi xastalikning ilk bosqichiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa yangi usulning erta tashxisdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Test 99 foiz holatlarda sog‘lom odamlarda saraton yo‘qligini to‘g‘ri tashxislagan va 10 ta holatdan 9 tasida saraton manbasini to‘g‘ri belgilagan.
Testning nomi — Galleri (Galleri) bo‘lib, u amerikalik Grail kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Texnologiya saraton hujayralaridan ajralib chiqadigan DNK qismlarini qon orqali aniqlaydi. Hozirda test Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) orqali ham sinovdan o‘tkazilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Galleri testi ko‘krak, o‘pka, ichak yoki bachadon bo‘yni saratoni uchun o‘tkaziladigan odatiy skrininglar bilan birgalikda qo‘llanganda aniqlik darajasi yetti barobar oshadi. Bu shifokorlarga kasallikni ancha ilgariroq bosqichda topish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Britaniyadagi Cancer Research UK tashkiloti olimlari test ayrim hollarda organizmga zarar yetkazmaydigan o‘zgarishlarni ham saraton deb ko‘rsatishi mumkinligini eslatmoqda. Shu bois hozircha ehtiyotkorlik bilan yondashish va qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish lozimligi ta’kidlanmoqda.
Kelasi yili Angliyada 140 ming bemor ishtirokidagi uch yillik sinov natijalari taqdim etiladi. Agar natijalar ijobiy bo‘lsa, Galleri testi yana 1 million kishiga qo‘llanishi rejalashtirilgan.
Grail kompaniyasi vakili Sir Harpal Kumar so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad — kasallikni kech emas, balki erta bosqichda aniqlash va davolash imkoniyatini kengaytirish.
«Bemorlarning ko‘pchiligi saraton kech tashxislangani uchun hayotdan ko‘z yumadi. Biz buni o‘zgartirishni xohlaymiz», — dedi u.
Shunday qilib, tibbiyot dunyosida yangi davr boshlanishi mumkin — qon orqali saratonni erta aniqlash imkoniyati inson hayotini saqlab qolishda katta umid uyg‘otmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!