Floridada Donald Trampning xavfsizligi bilan bog‘liq yangi xavotirli holat qayd etildi. AQSH maxfiy xizmati agentlari Palm-Bich shahridagi Air Force One samolyoti qo‘nadigan maydon yaqinida daraxtga o‘rnatilgan ov kreslosini topishgan. Bu joydan prezident samolyotining loyihaviy yo‘nalishi aniq ko‘rinib turadi.
Xavfsizlik xodimlari bu holatni tasodif deb baholamay, ehtimoliy suiqasdga tayyorgarlik sifatida ko‘rmoqda. Tergovchilarning fikricha, bu kreslo maxsus kuzatuv yoki snayper pozitsiyasi sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur holat Trampning shaxsiy xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Sababi, oxirgi bir yarim yil ichida prezidentga qarshi bir necha bor suiqasd urinishlari qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, ilk hujum 2024-yil yozida sodir bo‘lgan, ammo FQB (Federal qidiruv byurosi) hujumchilar yoki ularning sheriklarini to‘liq aniqlay olmagandi. Ortidan yana bir mergan — Rayan Raut — qo‘lga olingan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Keyinroq u qamoqxonada o‘z joniga qasd qilishga urinib, juda og‘ir ahvolga tushgani haqida ma’lum qilingan.
Amerika siyosiy muhitida esa yangi suiqasd urinishi mamlakatda jiddiy inqirozni keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda. Qonun bo‘yicha bunday holatda hokimiyat Trampning siyosiy hamrohi — vitse-prezident Jey Di Vens qo‘liga o‘tadi. Ammo tahlilchilarning fikricha, bu o‘zgarishning oqibatini oldindan bashorat qilish juda qiyin bo‘ladi.
Qolaversa, Vensning o‘zi ham xavfsizlik xataridan qutulib qolgan — u ishtirok etgan kortej ustida portlagan snaryaddan bir necha daqiqa ilgari uzoqlashgani ma’lum qilingan.
Vashingtondagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ma’muriyatning barcha yuqori lavozimli amaldorlari shaxsiy xavfsizlik choralarini kuchaytira boshlagan. Federal qidiruv byurosi rahbari Kesh Patel o‘z agentlariga to‘liq ishonmay, xususiy qo‘riqlash xizmatidan foydalanayotgani aytilmoqda. Shu kabi chorani mudofaa vaziri Pit Xegset ham ko‘rgan — u “navbatdagi ehtimoliy nishon” bo‘lishi mumkinligini inkor etmayapti.
AQSHda siyosiy tortishuvlar ortida xavfsizlik mavzusi yana kun tartibining markaziga chiqdi. Suiqasd tahdidlari fonida mamlakatda siyosiy barqarorlik muvozanati sinovga tushayotgani aytilayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!