Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yo‘l infratuzilmasini yangilash jarayoni bilan tanishar ekan, shahar markazida joriy etilgan BRT tizimi — avtobuslar uchun alohida yo‘laklar haqida fikr bildirdi. Davlat rahbari bu tizim orqali poytaxtda tirbandlikni keskin kamaytirish va aholi uchun qulay, arzon hamda tezkor jamoat transportini yaratish mumkinligini ta’kidladi.
«Agar shunday alohida yo‘llar ko‘paytirilsa, odamlar ish kunlari shaxsiy avtomobilida yurishni to‘xtatadi. Avtobus tez, xavfsiz va arzon bo‘ladi. Mashinasini faqat dam olish kunlari, farzandlarini sayohatga olib chiqish uchun ishlatadi», — dedi Prezident Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilgan yangi tizimni ko‘zdan kechirish vaqtida.
Davlat rahbariga ko‘ra, mazkur yo‘l boshqa ko‘chalarda amalga oshiriladigan loyihalar uchun ham namuna bo‘ladi. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Prezidentga yangi tizim haqida batafsil axborot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lning ikki tomonida velo va piyodalar uchun alohida harakat yo‘laklari yaratilgan, 14 mingdan ortiq daraxt ekilgan va butun drenaj tizimi yangilangan.
«Avtobus faqat yo‘lning o‘rtasidan harakatlanadi. Natijada jamoat transporti tezligi ikki barobar oshdi», — dedi shahar hokimi.
“O‘zbekiston 24” telekanalidagi tahlillarga ko‘ra, BRT tizimi dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida o‘zini oqlagan model bo‘lib, u millionlab odamlarga tez va arzon yo‘lovchi tashish imkonini bergan. Bogota, Istanbul, Pekin va Mexiko kabi megapolislarda aynan shu tizim tufayli tirbandlik ancha kamaygan.
Toshkentdagi ilk BRT yo‘lagi Shota Rustaveli ko‘chasining Miroboddan Choshtepagacha bo‘lgan 7 kilometr qismida joriy etildi. 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 tasi avtomobillar uchun, 2 tasi avtobuslar uchun, yana 2 yo‘lak esa to‘xtash uchun mo‘ljallangan.
19,2 million dollarlik loyiha doirasida 21 ta yangi avtobus bekati, 463 ta “aqlli” svetofor va intellektual transport tizimi o‘rnatildi.
Yaqin yillarda yana 10 ta yo‘nalishda — umumiy uzunligi 51 kilometr bo‘lgan avtobus yo‘llari quriladi. Prezidentga taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, 2030-yilgacha BRT tizimi Shahrisabz, Amir Temur, Yangi Sergeli, Maxtumquli va Nurafshon ko‘chalarida ham yo‘lga qo‘yiladi.
Bu maqsad uchun 126 million dollar ajratish rejalashtirilgan. Tizim to‘liq ishga tushgach, Toshkentda avtobuslar tezligi 18 km/soatdan 23 km/soatgacha oshishi, qatnov intervali esa 20 daqiqadan 8–10 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.
Shu tariqa, poytaxtda jamoat transportining zamonaviy va qulay shakli — BRT tizimi orqali harakat madaniyati va hayot sifati yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!