date

“Putin sizni yo‘q qiladi”: Tramp Zelenskiy bilan tortishib, xaritani stoldan uloqtirdi

“Putin sizni yo‘q qiladi”: Tramp Zelenskiy bilan tortishib, xaritani stoldan uloqtirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy bilan o‘tgan uchrashuvda keskin bayonotlar bilan chiqish qildi va muzokara vaqtida jang xaritasini stoldan tashlab yuborgan. Bu haqda muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga tayanib, The Financial Times xabar berdi.

Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, 17 oktyabr kuni o‘tgan uchrashuv juda tortishuvli va asabiy muhitda kechgan. Zelenskiy bilan bahs chog‘ida Tramp bir necha marta tovushini ko‘targan va “doimiy ravishda so‘kingan”. Prezidentning aytishicha, Ukraina tomoni jang maydonidagi vaziyatni to‘liq nazorat qilolmayotgan.

Uchrashuv paytida Zelenskiy olib kelgan jangovar harakatlar xaritalari ham Tramp fikrini o‘zgartirmagan. Gap davomida u Ukrainadagi front chizig‘i aks etgan xaritani stoldan uloqtirib yuborgan va “bunday narsalarni ko‘rishdan zerikkanini” aytgan.

Gazeta manbasiga ko‘ra, AQSH yetakchisi Kiyevdan butun Donbass hududini Rossiyaga berishni va Moskva bilan kelishuvga kelishni talab qilgan. Shu bilan birga, Tramp Zelenskiyni og‘ir ogohlantirish bilan tahdid qilgan: “Agar Putin xohlasa, u sizni yo‘q qiladi”.

Ma’lumot uchun, Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbati 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan. The Washington Post yozganidek, Putin Donesk ustidan to‘liq nazoratni tan olish evaziga Zaporijjya va Xerson viloyatlarining bir qismini Ukrainaga qaytarishni taklif qilgan.

Shuningdek, iyun oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya tomoni Ukraina qo‘shinlarini bir nechta viloyatlardan chiqarish yoki ularning qayta joylashishini taqiqlash haqidagi ikki variantli memorandumni taqdim etgani aytilgan.

FT’ning ta’kidlashicha, uchrashuv davomida Tramp Putin bilan bo‘lgan suhbatdagi tezislarni takrorlagan va Zelenskiyga “ma’ruzalar o‘qigan”. Muzokaralardan so‘ng Ukraina prezidenti juda norozi bo‘lgan va “hissiy tushkun holatda” qolgani ma’lum qilindi.

Shu kuni NBC News telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy urushni to‘xtatish uchun har ikki tomon o‘z pozitsiyalarida qolishi kerakligini aytdi.

G‘arb nashrlari fikricha, Tramp mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib, Rossiya bilan kelishuvni harbiy harakatlarni to‘xtatishning yagona yechimi sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Putin sizni yo‘q qiladi”: Tramp Zelenskiy bilan tortishib, xaritani stoldan uloqtirdi