22:10 / 16.08.2020
3 172

Germaniyada «O‘zbek qovunlari kuni» o‘tkazildi

Germaniyada «O‘zbek qovunlari kuni» o‘tkazildiGermaniya qovun import qiladigan beshta yirik davlatlardan biri hisoblanadi. Har yili mamlakat bozoriga 130 ming tonnaga yaqin poliz mahsulotlari olib kelinadi. Ispaniya, Italiya, Fransiya, Braziliya, Kosta-Rika va Turkiya bunday mahsulotlar yetkazib beruvchilar orasida yetakchilik qiladi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

O‘zbekistondan Germaniya mahalliy bozoriga yangi hosildan qovun mahsulotlarining yetkazilishi bunday noz-ne’mat muxlislari e’tiboridan chetda qolmadi. O‘zbek qovunlari tezda o‘zining ajoyib ta’mi bilan mashhurlikka erisha boshladi. Nemis xaridorlari ularni «Usbekische Honigmelone», ya’ni «o‘zbek asal qovunlari», deb atashida ham chuqur ma’no bor.

Bugun o‘zbek qovunlari Germaniya poytaxti hamda Bavariya, Quyi Saksoniya, Baden-Vyurtemberg, Gamburg va boshqa federal o‘lkalar savdo tarmoqlarida sotilmoqda.

O‘zbekiston qovunining Germaniyaga eksport hajmi tobora ortib bormoqda. Agar bu ko‘rsatkich 2018 yilda 353 tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil uni 1 000 tonnaga yetkazish kutilmoqda. Xususan, mamlakatimizning «Red Pack» kompaniyasi germaniyalik sheriklar bilan tuzilgan eksklyuziv shartnoma doirasida «Mirzacho‘l» brendi ostida mahsulot yetkazib bera boshladi.

— Mahsulot sifati, brendi va marketingiga bosqichma-bosqich sarmoya kiritib, Yevropa bozorining qat’iy talablariga moslashmoqdamiz, —dedi kompaniya direktori Roman Salamatov. — Biz qovunlarni saqlash muddatini uzaytirish uchun ularni muzlatishni o‘zlashtirdik, maxsus qadoqlash usulini ishlab chiqdik. Yevropalik hamkorlarimiz so‘roviga binoan, supermarketlar ularni omborxonalar va savdo maydonlariga qiynalmay ko‘chirishi uchun poliz mahsulotlari joylashtirilgan qutilarni maxsus tadliklarga joylashtirayapmiz. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yashayotgan insonlarga o‘zbek qovuni mazasini tatib ko‘rishiga hissa qo‘shish – bizning orzuimizdir.

Germaniya aholisiga haqiqiy o‘zbek qovunining beqiyos ta’mini tatib ko‘rish imkoniyatini taqdim etish maqsadida O‘zbekiston elchixonasi ushbu mamlakatning «LEDO» savdo tarmog‘i bilan hamkorlikda Berlinda «O‘zbek qovunlari kuni» tematik tadbirini o‘tkazdi.

Berlin aholisi va mehmonlari nafaqat go‘zal Rishton laganlarida taqdim etilgan shirin o‘zbek qovunidan tatib ko‘rdi, balki Germaniya universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan milliy madaniyatimiz xos badiiy chiqishlardan ham bahramand bo‘ldi.

Shuningdek, diplomatlarimiz tomonidan tashkil etilgan «Siz O‘zbekistonni bilasizmi?» viktorinasi ham katta qiziqish uyg‘otdi. Unda faol qatnashganlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Muxbirimiz tadbir qatnashchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.

— Men o‘zbek qovunini birinchi marta tatib ko‘rdim, — dedi gimnaziya o‘qituvchisi Karl Rudolf. — Ular betakror ta’m va xushbo‘y hidga ega ekan. Ilgari bizning supermarketlarda bunday shirin mahsulotlarni uchratmaganman. Bu - haqiqiy tabiiy mahsulot, go‘yoki hozirgina daladan yig‘ib olinganga o‘xshaydi. Bu qovunni nega «asal» deb atashayotganini shundan keyin tushundim. Men do‘stlarimga ham haqiqiy o‘zbek qovunlaridan harid qilishni tavsiya qilaman, chunki ular samoviy lazzat baxsh etadi kishiga.

— Men Germaniyada oilam bilan besh yildan beri yashayapman, ammo bugun biz birinchi marta bu yerda o‘zbek qovunini tatib ko‘rdik, — deydi avstraliyalik dasturchi Richard Uinslet. — Albatta, ular juda mazali ekan. O‘g‘limga ham o‘zbek qovunlarining ta’mi juda yoqdi. Tadbirda mamlakatingizga tashrif buyurish uchun viza talab qilinmasligidan xabardor bo‘ldim. Shu bois keyingi ta’tilni oilam bilan quyoshli O‘zbekistonda o‘tkazishimiz mumkin, deb reja qila boshladim.

— Elektron pochtamda «Ledo» savdo tarmog‘ining ushbu filialida tashkil etilayotgan tadbir haqidagi xabarni o‘qigan edim, — deydi Volfgang Albrext. — Menda bu voqea qiziqish uyg‘otdi. Bugun bu yerga kelib adashmaganimga amin bo‘ldim. To‘g‘risi, o‘zbek qovunlarining takrorlanmas ta’mi meni hayratga soldi. Aslida ular asal kabi juda shirin. Qovunlarning o‘ziga xos xushbo‘y hidi hayratlanarli darajada. Shuning uchun men barcha tanishlarimga asal ta’mli o‘zbek qovunlaridan tatib ko‘rishni va zavqlanishni tavsiya etdim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada «O‘zbek qovunlari kuni» o‘tkazildi