
Meteorologlarning xabar berishicha, yaqin kunlarda mamlakatimizda havo haroratining keskin ko‘tarilishi kuzatiladi. Xususan, yakshanba va dushanba kunlari ayrim hududlarda issiqlik darajasi hatto +40 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Bu esa aprel oyining oxiri uchun juda yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, me’yordan 12–16 daraja yuqoridir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur anomal issiq havo dastlab mamlakatimiz shimoliy hududlari orqali kirib kelib, keyin Turkmanistondan antisiklon shaklida butun respublika bo‘ylab tarqaladi. Bu issiqlik to‘lqini ayniqsa aholi zich joylashgan viloyatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo kabi viloyatlarda juda yuqori harorat kuzatilishi ehtimoli yuqoridir.
Mutaxassislar mazkur vaziyatga juda jiddiy munosabat bildirishmoqda. Chunki bu kabi keskin issiqlik ortidan mamlakatning asosiy qishloq xo‘jalik maydonlarida qurg‘oqchilik xavfi sezilarli darajada oshadi. Yog‘ingarchilikning kamayishi va issiqlik darajasining yuqoriligi zararkunanda hasharotlar, xususan chigirtkalarning ko‘payishiga qulay muhit yaratadi. Bu esa qishloq xo‘jaligi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi.
Shuningdek, aprel oyining oxirida tog‘li hududlarda sel xavfi ham saqlanib qolmoqda. Ayniqsa, kunning ikkinchi yarmida sel-suv toshqinlarining paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bu holat birinchi navbatda Farg‘ona vodiysi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining tog‘li hududlarida kuzatilishi mumkin. Sababi, kuchli issiqlikdan so‘ng tog‘ etaklarida namgarchilik sharoitlari keskin o‘zgarib, to‘satdan kuchli yog‘ingarchiliklar kelib chiqishi ehtimoli yuqori.
Meteorologlarning bildirishicha, atmosferada past bosimli hudud shakllanib, bu pastdan yuqoriga tomon harakatlanuvchi havo oqimlarini paydo qiladi. Natijada, kuchli shamollar va chaqmoq yig‘ilishlari yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlar kelayotgan haftada, xususan, seshanba kuni Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatiladi.
Ayniqsa, cho‘l hududlarida kuchli shamol va chaqmoq tufayli yong‘inlar paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud. Mutaxassislar bu holatga oldindan tayyorgarlik ko‘rish va xavfsizlik choralarini kuchaytirishni tavsiya qilishmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, bu anomal issiqlik may oyining boshlarida ham davom etadi. 3-may sanasida esa Turkmaniston hududidan +41 darajali issiq havo oqimining mamlakatimizga kirib kelishi taxmin qilinmoqda.
Mutaxassislar va aholi uchun asosiy tavsiya: kelgusi hafta davomida tabiat hodisalariga diqqat bilan kuzatuv olib borish, ehtiyotkor bo‘lish va zararli oqibatlarni oldini olish uchun tegishli xavfsizlik choralarini ko‘rishdir.
Hamyurtlarimizga ehtiyotkorlik va sog‘lomlik tilaymiz! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar