date
views 701

Lyusi Go – dunyodagi eng yosh milliarder: Teylor Sviftdan oldinga chiqqan qiz haqida

Lyusi Go – dunyodagi eng yosh milliarder: Teylor Sviftdan oldinga chiqqan qiz haqida
Xitoylik yosh tadbirkor Lyusi Go Forbes jurnali tomonidan e’lon qilingan dunyodagi eng yosh milliarderlar reytingida mashhur qo‘shiqchi Teylor Sviftni ortda qoldirib, birinchilikni qo‘lga kiritdi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Lyusining umumiy boyligi 1,25 milliard dollarga teng.

Lyusi Go o‘zining boyligiga yigirma bir yoshidayoq asos solgan. U Karnegi-Mellon universitetida o‘qib yurgan paytida, diplom olishdan voz kechib, sun’iy intellekt sohasida faoliyat olib boruvchi Scale AI kompaniyasini tashkil qilgan. Uning bu kompaniyadagi sherigi esa o‘sha paytda bor-yo‘g‘i 19 yoshda bo‘lgan Aleksandr Van edi. Lyusi San-Fransiskodagi bu startapda operatsiyalar va mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha jamoalarni muvaffaqiyatli boshqargan.

Go va Van 2018 yildayoq Forbes Under 30 reytingiga kirgan edi. Biroq shu paytdayoq ikki sherikning kelajakka bo‘lgan qarashlarida kelishmovchilik paydo bo‘ldi va Van Lyusini kompaniyadan chetlatdi. Shunga qaramay, Lyusi Scale AI'dagi ulushining katta qismini o‘z qo‘lida saqlab qoldi.

Hozirgi kunda Lyusi Go Scale AI kompaniyasining taxminan 5% aksiyasiga egalik qiladi. Bu ulushning umumiy qiymati qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etadi. Shuningdek, uning Passes startapidagi aksiyalari va boshqa investitsiyalari bilan hisoblaganda, umumiy boyligi 1,25 milliard dollarga yetgan.

Shunchalik katta mablag‘ga ega bo‘lishini tasavvur qilmaganini aytgan Lyusi: «Rostini aytsam, bu raqamlar aqlga sig‘maydi. Lekin, afsuski, bular hozircha faqat qog‘ozda», — deb ta’kidlagan.

Hozirgi paytda Lyusi Go 40 yoshgacha bo‘lgan, o‘z kuchi bilan boylikka erishgan dunyodagi oltita ayol-milliarderdan biri hisoblanadi. U shuningdek, bir necha yil avval tark etgan kompaniyasidan mana shunday katta mablag‘ orttira olgan yagona ayoldir.

Lyusi Xitoydan kelgan muhojir ota-onasining farzandi bo‘lib, San-Fransisko yaqinida o‘sgan. U maktabda o‘qib yurganidayoq dasturlashga qiziqqan. Keyinroq Karnegi-Mellon universitetiga kirib, informatika va inson-kompyuter munosabatlari sohasida ta’lim olgan. O‘qishni diplom olmasdan tashlagan Lyusi mashhur milliarder investor Piter Til tomonidan tashkil qilingan tadbirkorlik stipendiyasini qo‘lga kiritgan.

2015 yilda Quora kompaniyasida mahsulot dizaynerligi bilan shug‘ullanib, u yerda kelajakdagi biznes-sherigi Aleksandr Van bilan tanishgan. Keyin Snapchat kompaniyasida ham qisqa muddat ishlagan Lyusi 2016 yilda Van bilan birgalikda Scale AI'ga asos solgan.

Lyusining nafaqat tadbirkorlik, balki ijtimoiy hayoti ham qizg‘in. U ko‘plab mashhurlar bilan tanish va tez-tez yuqori darajadagi ziyofatlarda qatnashib turadi. Uning do‘stlari orasida mashhur futbolchi Devid Bekxemning oilasi ham borligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi yillarda dunyodagi eng yosh milliarderlar ro‘yxatini qo‘shiqchi Teylor Svift boshqargan edi. U o‘zining Eras Tour konsert turnesidan katta daromad orttirib, boshqa mashhur yulduz Riannani ham ortda qoldirgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lyusi Go – dunyodagi eng yosh milliarder: Teylor Sviftdan oldinga chiqqan qiz haqida