
Hindistonning boy o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan mashhur Paxalgam («cho‘ponlar qishlog‘i» degan ma’noni beradi) qishlog‘ida yuz bergan terrorchilik hujumi dunyo e’tiborni o‘ziga qaratdi. Shahardan ancha olisda bo‘lgan tog‘li hududda joylashgani sabab faqat ot yoki piyoda borish mumkin bo‘lgan qishloqda terrorchilar sayyohlarni otib tashladi. Halok bo‘lganlarning ikki nafari xorijlik – BAA va Nepal fuqorolari ekani aytilmoqda. Hujum uchun ma’suliyatni shu kungacha unchalik ham mashhur bo‘lmagan “Kashmir qarshiligi” (TRF), deb nomlangan harakat o‘z zimmasiga oldi. Ular sayyohlarni emas, balki “hind maxsus kuchlari bilan bog‘liq” odamlarni o‘ldirganliklarini aytishdi. Ular, shuningdek, hujum Hindiston hukumati tomonidan Kashmirning tub aholisiga nisbatan olib borilayotgan siyosati uchun qasos harakati ekanligini ham ta’kidlashdi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik, albatta, bugun yoki kecha boshlanmagan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar dastlab mustaqillikka erishgan paytdan boshlab qiyin bo‘lgan. XX asr o‘rtalariga qadar zamonaviy Hindiston va Pokiston hududlari Buyuk Britaniya hukmronligi ostida bo‘lib, Britaniya Hindistoni deya yuritilgan. 1947 yilda koloniya negizida ikki davlat – Hindiston Ittifoqi va Pokiston tashkil etildi (1950 yilda Hindiston Respublikasi, 1956 yilda esa Pokiston Islom Respublikasi tuzildi).
Kashmir Hindiston va Pokiston chegarasida joylashgan. Mintaqada Buyuk Britaniya xukmronligi nihoyasiga yetayotgan bir davrda Kashmir aholisining katta qismi musulmonlar, ammo xukmdorlar hindlardan iborat edi. Ham Hindiston, ham Pokiston Kashmirni o‘z tarkibiga qo‘shib olishni istardi. Ammo o‘rtada qon to‘kildi. Buning oqibatida Kashmirning katta qismi, Hindistonga, kichik qismi Pokistonga o‘tdi. Shuningdek Kashmirning ma’lum qismi Xitoy tarkibida ham bor. Kashmir uzoq yillardan beri Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi tortishuvlar markazida bo‘lib kelmoqda. Hamon bu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda to‘siq bo‘lib qolmoqda. Birinchi Hindiston-Pokiston urushi 1947-1949 yillarda, ikkinchisi 1965 yilda, uchinchisi 1971 yilda bo‘lib o‘tgan.
Afsuski, har qanday harakat har doim boshqa tomondan qarshilik bilan kutib olinadi. Uzoq yillar davomida Kashmirhududi qarshilik ko‘rsatish markaziga aylandi. Mazkur hududni tinlantirish maqsadida Dehli xukumati Kashmirga o‘zini o‘zi boshqarish xuquqini berdi va hatto o‘z konstitutsiyasiga ega bo‘lishimkonini yaratdi. Kashmirda hindlarning yer sotib olishi va ishga joylashishi taqiqlandi. Hindistonning amaldagi bosh vaziri Narendra Modi va uning «Bxaratiya djanata parti»si bu cheklovlarni bekor qildi. Kashmir hindlar migratsiyasi markaziga aylandi. Shu sababli bu yerda diniy muvozanat o‘zgarmoqda – yil sayin shtatda musulmonlar soni kamayib bormoqda. Tabiyki mahalliy musulmonlar bu siyosatni ekspansiya deb hisoblashadi. Terrorchilar ham o‘z hatti-harakatlarini mana shu bahona bilan oqlashga urinadi.
Terakt Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirdi. Hindiston maxsus xizmatlari terror hujumi ortida Islomobd turganini idoaa qildi. Biroq Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Asif bu da’volarni keskin rad etdi. U teraktni "Hindiston hukumatiga qarshi ichki hujum", deya atadi. Pokiston tashqi ishlar vazirligi marhumlarning yaqinlariga ta’ziya izhor qilib, diplomatik tarzda javob berdi.
Biroq nizo shu bilan tugamadi. Hindiston vizasiz bo‘lgan barcha pokistonliklarni, Pokiston elchixonasidagi harbiy maslahatchilarni mamlakatdan chiqarib yuborilishini ma’lum qildi va chegaradagi Nazorat O‘tish punktini berkitdi. Pokiston ham javob choralarini ko‘rdi. Pokiston Senati (parlament yuqori palatasi) bir ovozdan Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir hududida sodir etilgan teraktda Islomobodning rolini inkor qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiyada, shuningdek, “Hind suvlari to‘g‘risidagi shartnomaning noqonuniy va bir tomonlama to‘xtatilishi ham qoralangan, bu shartnomani buzish hisoblanadi va urush harakati bilan tengdir”. Qarorda qayd etilishicha, Pokiston o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qiladi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy va asabiy munosabatlar hisobga olingudek bo‘lsa, chegarada yana bir harbiy mojaro yuzaga kelishidan xavotirlar paydo bo‘ldi. Biroq ekspertlar “keng qamrovli harbiy mojaro yuz bermaydi”, degan ishonchni bildirmoqda. Chunki bundan olti yil avval ham shu kabi hodisa yuz bergan, ko‘pchilik yadro urushi havfidan ogohlantirgan edi. Ammo ikki mamlakat siyosatchilarining siyosiy irodasi tufayli urush havfi bartaraf etilgan edi. Bu gal ham siyosiy iroda g‘alaba qozonishiga umid bildirilmoqda. Chunki, jahonda kuzatilayotgan tahlikali davrda urush har ikki mamlakatga kerak emas.
Ammo yuz bergan hodisaga baho berish, prognoz qilishga vaqt erta. Chunki vaziyat o‘ta murakkab. Yuzaga kelgan vaziyat qurolli to‘qnashuvlarga, jumladan yadro urushiga aylanib ketmasligi uchun xalqaro hamjamiyatning munosabati juda ham muhim. Shu sabab ham Rossiya, Xitoy, Qo‘shma Shtatlar o‘z tashvishlarni bildirishdi va tomonlarga murojaat qilib kutilmaganda paydo bo‘lgan qarama-qarshiliklarni muzokoralar yo‘li bilan bartaraf etishga da’vat qildilar.
Chunki Kashmir masalasida uch marta urush va bir necha bor chegara to‘qnashuvlari bo‘lgan Hindiston va Pokiston o‘rtasida yana keskinlik paydo bo‘lishidan biror bir mamlakat manfaatdor emas.
Ayrim tahlilchilar Pokiston va Hindistonning umumiy dushmani terrorizm ekanini aytishadi. Darhaqiqat ularning bu gapida jon bor. Terroristik guruhlarning harakatlari Hindiston va Pokistonni xavfli tarzda keng ko‘lamli harbiy mojaro boshlanishiga yaqinlashtirdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyatlar xavfli nuqtaga yetib, to‘qnashuvlarning keng ko‘lamli urushga aylanishi xavfini tug‘dirdi. Shu o‘rinda Stokgolm tinchlik muammolari tadqiqotlari instituti (SIPRI) 2024 yilda e’lon qilgan Hisobotga ko‘ra, Hindistonda 172 yadro zaryadi, Pokistonda esa 170 ta shu turdagi qurol borligini eslatib o‘tamiz.
Aql-idrok ustun kelib, tomonlar bu asrda ochiqdan ochiq urushmaydi, deb umid qilamiz. Chunki mintaqadagi har qanday urush dunyo hamjamiyati tomonidan juda salbiy qabul qilinadi.
SHHT a’zolari bo‘lgan Rossiya va Xitoy uchun ham Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroning kuchayishi yaxshi natija bermaydi. Chunki mojaro kuchayib ketgudek bo‘lsa bu so‘zsiz SHHT va BRIKSga berilgan zarba bo‘ladi. Chunki Rossiya, Xitoy va Hindiston SHHT va BRIKS a’zosi, Pokiston esa SHHT a’zosi, BRIKSga a’zolik uchun ariza berganini yoddan chiqarish kerak emas. SHHT va BRIKS – ko‘pqutbli dunyoning ramzlaridan biri, Rossiya,Xitoy va Hindiston bu ikki tashkilotning ustunlari hisoblanadi. Vaziyatning keskinlashib ketishi Xitoy va Hindiston o‘rtasida bo‘linishga olib keladi. O‘z navbatida bu Rossiyaning tanlov oldida qolishiga olib keladi. Oxir-oqibat BRIKS tamom bo‘ladi. Shu sababli ham Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlashuv diplomatik choralar, shuningdek, maqsadli javob zarbalari bilan cheklanishi, urush bo‘lmasligi aytilmoqda. Avvalgi shunga o‘xshash teraktlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bularning barchasi chegara hududlariga zarbalar berish bilan cheklangan. Tomonlar bu gal ham vaziyatga nuqta qo‘yishga harakat qilishiga shubha yo‘q.
Ayrim tahlilchilar, bu galgi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlashuv nafaqat navbatdagi inqiroz ko‘rinishi, balki Janubiy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik tizimidagi chuqur o‘zgarishlarning alomati ekaniga e’tibor qaratmoqda. Janubiy Osiyodagi ikki yadroviy davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yuzaga kelayotgan inqiroz Markaziy Osiyo mamlakatlarida xavotirga sabab bo‘lishi aniq. Chunki vaziyat terror guruhlari qo‘nim topgan Pokiston-Afg‘oniston chegarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hindiston bilan qarama-qarshilik tufayli Pokiston o‘zining shimoli-g‘arbiy hududlari, shu jumladan Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlar ustidan nazoratni zaiflashtirishi mumkin. Agar Pokiston Hindiston fronti bilan chalg‘ib qolsa, Afg‘oniston terroristik tashkilotlarning kuchayishiga duch kelishi mumkin. Bu nafaqat Afg‘oniston, balki qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham xavf tug‘diradi. Eskalatsiya mintaqadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi va shu tariqa Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizligi iqtisodiyoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Kashmir masalasidagi keskinlik Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishidan havotirlar mavjud.
Chunki, Markaziy Osiyo mamlakatlari kabi Hindiston va Pokiston ham SHHTga a’zo. A’zo davlatlarning umumiy dushmani – «uch yovuz kuch» – terrorizm, ekstremizm va separatizm hisoblanadi. Buning ustiga Markaziy Osiyo davlatlari har ikki mamlakatni Janubiy Osiyodagi asosiy hamkorlari sifatida ko‘radi.
Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari Hindiston va Pokiston bilan munosabatlarda an’anaga ko‘ra betaraf va muvozanatli mavqega amal qiladi, sheriklari bo‘lmish ikki mamlakat o‘rtasidagi qarama-qarshilikning oldini olishga intiladi.
Sharofiddin To‘laganov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar