
Angliya Premer-ligasiga o‘tib, ilk o‘yinlardayoq “Manchester Siti” tarkibida o‘z mahoratini ko‘rsatgan o‘zbekistonlik iqtidorli himoyachi Abduqodir Husanov keyingi paytlarda maydonda ko‘rinish bermayapti. Uning tarkibga qo‘yilmayotgani futbol jamoatchiligi, ekspertlar va muxlislar o‘rtasida ko‘plab savollarga sabab bo‘lmoqda.
Qozog‘istonlik futbol tahlilchisi va sharhlovchi Beksulton Keulimkos bu vaziyat bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Husanovning xarakter va intizomi
Keulimkosga ko‘ra, Abduqodir Husanovning shaxsiy fazilatlari va xarakteriga nisbatan biror salbiy gap yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Uning fikricha, o‘zbek legioneri ruhiy jihatdan juda baquvvat, har qanday bosimga chidamli futbolchi. Tartib-intizom masalasida ham u jamoadoshlari orasida namunaviy sportchi hisoblanadi. Bu jihatdan hech qanday savol yoki muammo mavjud emas.
Abduqodirning asosiy tarkibdan qoldirilishi sababi nima?
Ekspertning fikriga ko‘ra, Husanovning asosiy tarkibdan chiqarilishiga sabab himoya markazida Yoshko Gvardiol va Ruben Diash kabi futbolchilarning hozirgi kundagi bexato va yuqori darajadagi o‘yinidir. Shuningdek, “Manchester Siti” tarkibiga yosh iqtidor egasi Niko O'Rayli ham qo‘shildi va u aynan Husanov o‘ynagan chap qanotda o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatmoqda.
“Bornmut”ga qarshi o‘yinda Gvardiola Abduqodirni zahiraga olib, Niko O'Raylini maydonga tushirdi, Yoshko Gvardiol esa markazga ko‘chdi.
Husanov uslubining Gvardiola futboliga mos kelmasligi
Tahlilchi fikricha, Husanovning o‘yin uslubi “Manchester Siti” uslubiga unchalik mos kelmaydi. Gvardiolaning jamoasi har bir uchrashuvning kamida 70 foizida to‘pni o‘z nazoratida ushlab turadi. Bunday holatda esa yuqori darajada to‘p uzatish qobiliyatiga ega futbolchilar juda muhim hisoblanadi.
Husanov esa ko‘proq to‘pni raqibdan tortib olish, jismoniy kurash va tezkorlikka asoslangan o‘yin uslubiga ega bo‘lgan himoyachi hisoblanadi. Bunday futbolchilar asosan raqib jamoa ko‘proq to‘pga egalik qilgan holatlarda juda katta foyda keltirishi mumkin. Bu esa “Siti”ning hozirgi futbol falsafasiga zid keladi.
Shu bois, Abduqodirni maydonda raqibga kuchli pressing uyushtiruvchi, jismoniy kurash asosida o‘ynovchi jamoalar — “Liverpul”, “Tottenxem” yoki “Real Madrid”ga qarshi bellashuvlarda maydonga tushirish ma’qulroq.
Abduqodirga qanday jamoalar mos keladi?
Ekspert Keulimkosning fikricha, Husanov o‘zining o‘yin uslubi bilan “Yuventus”, “Atletiko Madrid” va “Real Madrid” kabi klublarda ko‘proq muvaffaqiyat qozonishi mumkin. U buni madridliklarning himoyachisi Raul Asensio misolida ko‘rsatadi. Asensio ham Husanov kabi yuqori tezlik va jismoniy kurashga asoslangan o‘yinchi, ammo ispaniyalik sifatida to‘p uzatish madaniyati yuqori shakllangan, bu jihatdan biroz ustunlikka ega.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy yilning yanvar oyida fransuz klubi “Lans”dan 40 million yevro evaziga “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgan edi. Husanov manchesterliklar safida jami 9 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazib, 1 ta gol urishga ham erishdi.
Hozirgi vaqtda Transfermarkt ekspertlari Abduqodir Husanovning bozor qiymatini 35 million yevro deb baholamoqda. Uning amaldagi shartnomasi esa 2029 yilning yozigacha tuzilgan.
O'zbekiston yangiliklari Manchester SitiAbduqodir HusanovPremer-ligaBeksulton KeulimkosTransfermarkt Futbol Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar