
AQSH prezidenti Donald Tramp 25 aprel kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni haqida muhim bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, kuni kecha ikki davlat o‘rtasida kelishuv uchun yaxshi imkoniyat yaratilgan va tomonlar kelishuvga juda yaqinlashgan.
«Hozir kelishuv ostonasida turibmiz. Asosiy bandlarning aksariyati allaqachon kelishib olingan. Endi Rossiya va Ukraina rahbarlari eng yuqori darajada uchrashib, bu jarayonni yakuniga yetkazishlari kerak», — deya ta’kidladi AQSH prezidenti Truth ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan xabarda.
Shu bilan birga, Donald Tramp har ikki tomonga murojaat qilib, qon to‘kilishini zudlik bilan to‘xtatish zarurligini urg‘ulagan: «Bu shafqatsiz va ma’nosiz urushni tezda to‘xtatishimiz kerak. Buning uchun biz har qanday ko‘mak berishga tayyormiz va zarur bo‘lgan barcha joyda yordam ko‘rsatamiz».
25 aprel kuni Moskvada Donald Trampning elchisi Stiv Uitkoff va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu Uitkoffning Putin bilan to‘rtinchi uchrashuvi hisoblanadi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, uch soat davom etgan suhbatda nafaqat Ukraina inqirozi, balki boshqa ko‘plab xalqaro masalalar ham muhokama qilingan va bu muzokaralar ikki davlatning pozitsiyalarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qilgan.
«Ushbu uchrashuvda tomonlar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tiklash bo‘yicha imkoniyatlarni ham atroflicha muhokama qilishdi», — deya qo‘shimcha qildi Ushakov.
Shunday qilib, AQSH prezidenti Donald Trampning bu bayonoti va Moskvadagi muhim uchrashuvdan keyin, Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha umidlar yanada orta boshladi. Endilikda ikki davlat rahbarlarining uchrashuviga bo‘lgan intizorlik yanada kuchaymoqda. Mazkur muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishi jahon hamjamiyati uchun katta ahamiyat kasb etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar