
Joriy yilning 20 aprel sanasida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘zbekistonlik fuqarolardan iborat ikki jinoiy guruh o‘rtasida keskin nizo yuz berdi. Tarqalgan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu ziddiyat natijasida pichoqlashuv sodir bo‘lib, natijada guruh yetakchilaridan biri voqea joyida jon bergan.
Manbalarga ko‘ra, mazkur jinoiy guruh a’zolari 2023 yilning dekabrida O‘zbekistonda "ko‘cha"ga qarshi olib borilgan qat’iy tadbirlardan so‘ng mamlakatdan chiqib ketgan va Turkiya hamda BAA hududida yashiringan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning xabar berishicha, BAAdagi diplomatlarimiz ushbu hodisa yuzasidan Dubay jinoyat-qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishgan.
«BAA rasmiylari voqea bo‘yicha tergov ishlari davom etayotganini, bu ish bo‘yicha 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi ushlanganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarlik holatlari ortib borayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi vizasiz safar qilish tartibiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytib o‘tildi», – deyiladi TIV bayonotida.
TIV shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini va xorijda bo‘lgan barcha o‘zbekistonliklarni yurtdoshlar sha’niga putur yetkazuvchi harakatlardan tiyilishga chaqirganini ta’kidladi.
Biroq, vazirlik voqeaning aniq tafsilotlarini, jumladan, halok bo‘lgan yoki jarohatlanganlarning shaxsi haqidagi ma’lumotlarni hali e’lon qilgan emas.
O‘zbekistonliklar BAAga kirishda muammolarga duch kelmoqda
Kun.uz'ga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonlik fuqarolarning BAAga kirishi bilan bog‘liq muammolar yana ko‘paygan. Xususan, bugun, 25 aprel kuni Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga BAA orqali qaytishi rejalashtirilgan 9 o‘zbekistonlik fuqaro aeroportda muammoga duch kelgan.
Fuqaro Abdulvohid Abdulhamidovning so‘zlariga ko‘ra, u 25 aprel kuni Madinadan Dubayga, keyin esa 26 aprel kuni Abu-Dabidan Toshkentga chipta sotib olgan. Biroq, Madina aeroporti ma’muriyati uni samolyotga kiritmagan. Bundan tashqari, yana 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham shu kabi vaziyatga tushgan.
Mazkur vaziyatlar 2024 yilning noyabr oyida BAA hududida ravvin Svi Koganning o‘ldirilishi bilan boshlangandi. O‘sha vaqtda BAA sudi O‘zbekistonning uch fuqarosini jinoyatda aybdor deb topib, ularga o‘lim jazosi tayinlagan.
Shu voqealardan keyin O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi va u yerda mehnat qilish sharoitlari keskin qiyinlashgan. Jumladan, o‘tgan yilning 25 noyabr kuni Dubayda bir guruh o‘zbekistonlik fuqarolar politsiya tomonidan qo‘lga olingandi. Keyinchalik ularning ayrimlari ozod etilgan, boshqalari deportatsiya qilingan, yana besh nafar fuqaroga nisbatan esa jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, 2024 yil davomida BAAning turli aeroportlarida O‘zbekistondan kelgan bir nechta reysdagi ko‘plab fuqarolar hech qanday sababsiz mamlakat hududiga kiritilmasdan ortga qaytarib yuborilgan holatlar kuzatilgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar