date
views 680

Bektemir Meliqo‘ziyev chempionlik kamari uchun hal qiluvchi jangga chiqadi

Bektemir Meliqo‘ziyev chempionlik kamari uchun hal qiluvchi jangga chiqadi
O‘zbekistonlik iste’dodli bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev chempionlik kamari uchun asosiy qadamlardan biri bo‘lgan muhim bellashuvda ringga chiqadi. Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bektemir 30 may kuni o‘zining hamkori bo‘lgan taniqli "Golden Boy Promotions" tomonidan AQSHning Las-Vegas shahrida o‘tkaziladigan katta professional boks kechasi doirasida navbatdagi jangini o‘tkazadi.

29 yoshli Bektemirga bu gal amerikalik iste’dodli charm qo‘lqop ustasi Daryus Fulgxem raqiblik qiladi. Bellashuv super o‘rta vazn toifasida bo‘lib o‘tadi va WBA tashkilotining chempionlik kamari uchun asosiy da’vogarni aniqlash (Eliminator) maqomiga ega bo‘ladi.

Ayni paytda Meliqo‘ziyev WBA reytingida uchinchi pog‘onada bormoqda. Uning raqibi Fulgxem esa to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu jang g‘olibi bevosita chempionlik kamari uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Bektemir shu kunga qadar professional faoliyati davomida 16 marotaba ringga ko‘tarilgan. U ushbu janglarda 15 marta g‘alaba qozonib (ulardan 10 tasi nokaut bilan), faqat bir marta mag‘lub bo‘lgan.

Uning raqibi Daryus Fulgxem esa prof faoliyatida hozirgacha o‘tkazgan 14 ta jangining barchasida g‘alaba qozongan bo‘lib, ulardan 12 tasida raqiblarini nokautga uchratgan.

Ushbu jang nafaqat ikki kuchli bokschi o‘rtasidagi to‘qnashuv sifatida, balki Meliqo‘ziyev uchun chempionlik kamariga olib boruvchi muhim bosqich bo‘lishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun bu bellashuv boks muxlislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bektemir Meliqo‘ziyev chempionlik kamari uchun hal qiluvchi jangga chiqadi