
Saudiya Arabistoni hukumati O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron turistik vizalar olish imkoniyatini vaqtinchalik to‘xtatdi. Bu haqda mamlakatning turizm vazirligi ma’lum qilgan.
Xususan, 23 apreldan 9 iyungacha bo‘lgan muddatda mazkur ikki davlat fuqarolariga elektron viza berish xizmati vaqtincha ko‘rsatilmaydi. Saudiya Arabistoni rasmiylari bu cheklovni aynan Haj mavsumi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.

«Haj mavsumi sababli, 23 apreldan 9 iyungacha O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari elektron turistik vizalar olish imkoniyatidan vaqtincha foydalana olmaydilar. Shu muddatda Saudiya Arabistoniga sayohat qilmoqchi bo‘lganlar o‘z mamlakatlarida joylashgan Saudiya elchixonalari yoki boshqa rasmiy vakillik orqali viza olishlari mumkin», – deyiladi mamlakat Turizm vazirligi tomonidan «Daryo»ga berilgan ma’lumotda.
Shu bilan birga, amaldagi Shengen, Buyuk Britaniya va AQSH vizasiga ega bo‘lgan turistlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya yoki AQSHda yashash huquqiga ega rezidentlar Saudiya Arabistoniga borganlarida mamlakatga kirish punktlaridan bevosita viza olishlari mumkinligi ham aytilgan.
Ma’lumki, 2023 yilning avgustida O‘zbekiston fuqarolariga Saudiya Arabistoni elektron turistik vizasi taqdim etilish boshlangandi. Bu vizani mamlakatning turizm vazirligi portali orqali 146 dollar evaziga olish mumkin bo‘lib, uning amal qilish muddati 90 kunni tashkil etardi. Turistik vizadan Umra ziyorati va mamlakat ichida sayohat uchun foydalanishga ruxsat berilgan edi.
Eslatib o‘tish joizki, 2025 yilgi Haj mavsumi uchun O‘zbekistonga ajratilgan kvota 15 ming nafarni tashkil etadi.
Aprel oyining o‘rtalarida Toshkent shahrida Haj ziyoratiga jo‘natishni va’da qilib, to‘rt kishidan 23,6 ming dollar mablag‘ni noqonuniy ravishda olgan shaxs qo‘lga olingan edi. Shuningdek, poytaxtda soxta turistik agentliklar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha maxsus tezkor tadbirlar ham amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2025 yil 1 sentyabrgacha «Haj va umra yagona portali» hamda mobil ilovasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ushbu yangi tizim ziyoratchilar uchun haj va umra bilan bog‘liq xizmatlarni qulaylashtirish, ortiqcha byurokratik tartiblarni qisqartirishga qaratilgan.
O'zbekiston yangiliklari Saudiya ArabistoniO‘zbekistonTojikistonTurizm vazirligiHaj mavsumi Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar