date
views 302

«Barselona» muxlislari final oldidan Vinisiusni haqorat qildi: vaziyat keskinlashmoqda

«Barselona» muxlislari final oldidan Vinisiusni haqorat qildi: vaziyat keskinlashmoqda
Bugun tun Ispaniya kubogi finalida «Real Madrid» hamda «Barselona» jamoalari o‘rtasidagi super to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Karlo Anchelotti shogirdlari Xans-Diter Flik boshchiligidagi kataloniyaliklarga qarshi maydonga tushadi. Ammo o‘yin boshlanishidan oldinyoq muxlislar o‘rtasida keskinlik va ziddiyat avj olmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, «Barselona» muxlislari o‘yin oldidan shahar ko‘chalarida «Real»ning braziliyalik vingeri Vinisius Juniorga nisbatan og‘ir haqoratlarni aytishgan. Ular «Vinisius, o‘l!» deb baqirgan, shuningdek, uni «plyaj to‘pi» deb kalaka qilishgan.

Qizig‘i shundaki, «plyaj to‘pi» degan haqorat o‘tgan yilgi voqealar bilan bog‘liq. O‘shanda Vinisius «Oltin to‘p» uchun ovoz berishda ikkinchi o‘rinni olgan va o‘yinlardan birida «Barselona» yarim himoyachisi Gaviga tez orada ushbu mukofotni qo‘lga kiritishini aytib maqtangan edi. Lekin yakunda Vinisius ovoz berish natijalariga ko‘ra «Manchester Siti» va Ispaniya termasi o‘yinchisi Rodridan ortda qolgandi.

Ushbu holat «El Klasiko» atrofidagi vaziyatni yanada keskinlashtirgan. Hozircha jamoalar vakillari ushbu voqealarga rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q, ammo muxlislar o‘rtasidagi bunday xatti-harakatlar jiddiy mojaroga aylanishi mumkin.

Ispaniya kubogi finali bugun kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi. Ikki buyuk raqibning bu safargi kurashi ham qizg‘in va keskin kechishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Barselona» muxlislari final oldidan Vinisiusni haqorat qildi: vaziyat keskinlashmoqda