
Joriy mavsumda Yevropaning eng nufuzli klublar musobaqasi – Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish uchun shiddatli kurash olib borayotgan “Roma” klubi Italiya chempionatining 34-turida eng jiddiy va qiyin raqib bilan to‘qnash keladi.
27 aprel kuni Klaudio Raneri boshqaruvidagi rimliklar jamoasi chempionlik poygasida 71 ochko bilan birinchi pog‘onada borayotgan “Inter” mehmoni bo‘ladi. Hozirgi holatda bu bahs nafaqat ikki klub muxlislari, balki neytral tomoshabinlar uchun ham qizg‘in kutilmoqda.
Italiyaning nufuzli sport nashrlari “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri asosiy hujumchilari Paulo Dibalaning jarohati va Artyom Dovbikning o‘z formasini yo‘qotganidan so‘ng, yangi hujumchilar juftligini shakllantirganiga alohida e’tibor qaratishmoqda. Bu tandem esa – o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov va argentinalik iqtidorli hujumkor yarim himoyachi Matias Suledan iborat.
Xususan, chempionatning so‘nggi uchrashuvida aynan shu ikki futbolchi “Roma”ning "Verona" ustidan qozongan muhim g‘alabasida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Matias Sulening aniq uzatmasini qabul qilib olgan Eldor Shomurodov raqib darvozasiga yagona va g‘alaba keltiruvchi golni kiritib, muxlislarni quvontirgan edi.
La Gazzetta dello Sport nashrining ta’kidlashicha, Eldor Shomurodov va Matias Sule juftligi so‘nggi turlarda “Roma”ni muhim natijalarga eltib, klubning orzulari tomon yetaklamoqda. Bu ikki futbolchi ko‘plab uchrashuvlarda jamoaning hal qiluvchi gollari va golli paslariga mualliflik qilmoqda.
Joriy mavsumda argentinalik iqtidorli futbolchi ketma-ket 9 uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushib, “Parma”, “Empoli” va “Latsio” darvozasiga muhim gollar urishga erishdi. Shuningdek, Eldor Shomurodov “Monsa” va “Verona”ga qarshi uchrashuvlarda g‘alaba to‘plarini kiritishda aynan Sulening yordamidan foydalandi.
O‘z navbatida, o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodov ham joriy mavsumda ajoyib sport formasini namoyish qilib, shu kunga qadar 7 ta gol va 3 ta golli pasni amalga oshirdi. Bu uning 2021 yildan beri “Roma” safidagi eng yaxshi ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Qator taniqli va ishonchli manbalar Klaudio Raneri "Inter"ga qarshi bo‘lib o‘tadigan muhim bahsda ham aynan Shomurodov-Sule juftligiga ishonch bildirishini taxmin qilmoqda.
– O‘zbekistonlik futbolchining Italiya chempionatidagi o‘yinlarini kuzatsak, u gol urgan jamoalar ro‘yxatida "Inter"ning ham borligini ko‘ramiz. Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam – 2024 yilning 14 aprelida Eldor Shomurodov, o‘sha paytda ham Klaudio Raneri qo‘l ostida "Kalyari" tarkibida "Juzeppe Meatssa" stadionida ajoyib gol kiritib, milanliklarni ranjitgan edi.
O‘sha uchrashuvning 64-daqiqasida Eldor urgan ajoyib gol “Kalyari”ga qimmatli bir ochko taqdim etgan va jamoaning oliy ligada qolishida muhim rol o‘ynagandi.
Mana, oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, Eldor Shomurodov yana bir bor o‘zining sehrli o‘yinini "Inter"ga qarshi namoyish qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu gal esa uning sherigi – argentinalik iqtidor egasi Matias Sule bo‘ladi.
Italiyaning sportga ixtisoslashgan nufuzli vocegiallorossa.it portali tahlilchisi Marko Kompanellaning fikriga ko‘ra, keyingi paytlarda o‘zlariga ishonchi oshib borayotgan Eldor va Sule jamoaning g‘alabalarida asosiy figuralardan biriga aylanib bo‘lgan. Shu sababli ham, jamoa murabbiylari shtabi aynan shu ikki futbolchiga ishonch bildirishi tabiiydir.
"Inter" va "Roma" o‘rtasidagi shiddatli va muhim uchrashuv 27 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da Milandagi mashhur "Juzeppe Meatssa" stadionida boshlanadi. Bu bahs "Roma"ning Chempionlar ligasiga chiqishi uchun ham, "Inter"ning chempionlik uchun kurashida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Muxlislar esa Eldor Shomurodov va Matias Sulening yorqin o‘yinidan umid qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar