08:33 / 30.10.2020
1 801

Donald Trampning prezidentlik davri haqida 10 ta fakt

Donald Trampning prezidentlik davri haqida 10 ta fakt
Foto: Reuters
3 noyabr kuni AQSHda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi, uning natijalari Donald Tramp Oq uyda yana to‘rt yilga qolish-qolmasligini hal qiladi. Uning birinchi prezidentlik muddati nimalar bilan yodda qoldi? Bular haqida «RBK» o‘z maqolasida aytib o‘tadi.

Iqtisodiyotning rekord darajada uzoq o‘sishi va keskin pasayishi
2019 yilning yozida AQSHda YAIM o‘sish davrining tarixdagi eng uzoq davom etishi qayd qilingan — u 121 oy (o‘n yil) davom etgan. 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan keyingi qayta tiklanish davri Baraka Obamaning prezidentlik paytidayoq boshlangan edi. Ishsizlik darajasi o‘tgan yili 50 yil ichidagi eng past darajaga — 3,5 foizga tushdi, amerikaliklarning maoshi esa yillik hisobda 4 foizga o‘sib, soatiga 28,54 dollarga yetdi. Keyinroq bu muvaffaqiyatlarni COVID-19 koronavirus pandemiyasi yo‘qqa chiqardi.

Ikkinchi chorakda Amerika iqtisodiyoti qariyb 33 foizga pasayib ketdi (yillik sur’atlarga aylantirganda). Bu qulash AQSH hukumati bunday statistikani to‘plashni boshlagan 1947 yildan buyon antirekordga aylandi. 2019 yilda AQSH YAIM 2,2 foizga o‘sdi, 2020 yilda esa 5,8 foizga tushib ketishi mumkin, Xalqaro valyuta fondi prognozi shundan darak bermoqda. 2021 yilda AQSH YAIM 3,8 foizga o‘sadi, butun dunyo YAIM qayta tiklanuvchi o‘sishi esa 5,2 foizga teng bo‘ladi.

Xitoy — ortiq AQSHning bosh savdo sherigi emas
2019 yil yakunlariga ko‘ra, AQSHning savdo bo‘yicha asosiy sherigi Meksika bo‘ldi (savdo aylanmasi — 614 milliard dollar), ikkinchi o‘rinda — Kanada (612 milliard dollar), Xitoy esa bor-yo‘g‘i uchinchi o‘rinni egalladi (558 milliard dollar yoki jami aylanmaning 13,5 foizi). Bunday dinamika shu yil davomida ham saqlanmoqda.

AQSH savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Amerikaning bosh savdo sheriklari yanvardan avgustgacha bo‘lgan davrda Meksika va Kanada bo‘lib qolmoqda, Xitoy uchinchida bormoqda. Xitoy Tramp ma’muriyati tomonidan Xitoy importiga nisbatan kiritilgan cheklov choralari fonida AQSHning savdo bo‘yicha bosh sherigi maqomidan ayrildi. Vashington Xitoy firmalari, shu jumladan, ZTE telekommunikatsiya kompaniyasiga qarshi sanksiyalar ham kiritgan.

2010 yilda AQSH va Xitoyning umumiy savdo aylanmasi 456 milliard dollarga teng bo‘lgan, 2018 yilda u 660 milliard dollargacha o‘sdi. 2012—2017 yillarda Amerikaning XXRga eksporti 25 foizga o‘sdi, Xitoydan import esa 27 foizga o‘sdi. 2017—2019 yillarda savdo ziddiyatlari fonida Amerika eksporti hajmi 18 foizga, importi esa 10,5 foizga qisqardi.

Tramp yo‘q qilishga va’da bergan AQSH va Xitoy savdo tanqisligi esa 2015—2016 yillardagi 347 milliard dollardan 2017—2018 yillarda 380 milliard dollargacha oshdi. Mahsulotlar va xizmatlar savdosi tanqisligi 2019 yilda 308 milliard dollargacha pasaydi. Ikkala tomonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi ham pasaydi. 2016 yilda bu ko‘rsatkich 60,5 milliard dollarga, 2017 yilda 43,8 milliard dollarga teng bo‘lgan, 2018 va 2019 yillarda 20 milliard dollarga yetmagan.

Mudofaa xarajatlarining o‘sishi
Tramp ma’muriyati mudofaa budjetini oshirdi. Obama prezidentligigacha Pentagon budjeti 2007 yilda 625 milliard dollar, 2008 yilda 693 milliard dollarga teng bo‘lgan. 2012 yilga kelib, AQSH mudofaa budjeti 529 milliard dollargacha, 2013 yilda esa 527,5 milliard dollargacha qisqardi. 2014 yilga kelib, budjet yana o‘sdi — 560 milliard dollargacha. Tramp davrida o‘sish davom etdi: 2017 yilda Pentagon xarajatlari 606 milliard dollarni tashkil etdi. AQSHning 2020-moliya yilidagi mudofaa xarajatlari 700 milliard dollardan oshdi.

Ayni paytda AQSHning mudofaa xarajatlari YAIMga nisbatan qisqardi. 2010 yilda 4,9 foiz, 2013 yilda 4 foiz, 2016 yilda esa 3,4 foizni tashkil etdi. 2019 yilda ham mudofaa xarajatlari AQSH YAIMning 3,4 foizini tashkil qilgan, deyiladi dunyo muammolarini tadqiq etish bo‘yicha Stokgolm instituti hisob-kitoblarida.

Birorta ham harbiy operatsiya o‘tkazilmagani
Boshqa mamlakatlar (birinchi navbatda Eron va Shimoliy Koreya)ga qaratilgan keskin bayonotlarga qaramay, Tramp ma’muriyati xorijda birorta ham yangi harbiy operatsiya boshlamadi. Obama Amerikaning Afg‘oniston va Iroqdagi kampaniyalardagi ishtirokini kamaytira boshladi, ammo NATO bo‘yicha sheriklarini qo‘llab-quvvatladi va Liviyada tinch aholini himoya qilish uchun harbiy aralashuvda ishtirok etdi.

Obama, shuningdek, Suriyaga Bashar Asad rejimiga muxolifatchi bo‘lgan otryadlarni qo‘llab quvvatlash uchun, shu jumladan, ISHIDga qarshi kurashish maqsadlarida Amerika harbiylarini yo‘naltirdi. Obamaga qadar kichik Jorj Bush Iroqqa hujum qilishga ruxsat bergan, undan avvalgi prezident Bill Klinton davrida esa AQSH Bolqondagi urushga aralashgan edi.

Tramp AQSHning Afg‘onistondagi operatsiyalarini tugata boshladi, keyinroq esa Suriyadan ham harbiylarni chiqarib ketishga va’da berdi. Muddatining oxiriga kelib, u Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi kontingentning bir qismini chiqarib ketdi, ammo AQSHning ushbu mamlakatlarda kampaniyalardagi ishtirokini to‘xtatmadi.

2016 yil holatiga ko‘ra, AQSHning chet mamlakatlardagi qo‘shinlari va harbiy bo‘lmagan mutaxassislari soni 268,4 ming kishini tashkil etdi (shulardan 198,5 mingi — muntazam qo‘shinlar), 2020 yil iyunidagi holatga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 224,4 ming kishigacha kamaydi (muntazam qo‘shinlar — 171 ming). Chet eldagi amerikalik harbiylarning eng ko‘pi Yaponiyaga (55,3 ming), Germaniyaga (34,1 ming), Janubiy Koreyaga (26,5 ming), Italiyaga (12,1 ming) va Birlashgan Qirollikka (9 ming) joylashtirilgan.

Shu bilan birga Amerika ma’muriyati Ukrainaga qurol sotilishini ma’qulladi va AQSHning ushbu mamlakatdagi kontingentini biroz kengaytirdi. 2016 yil iyunidagi holatga ko‘ra, u yerda Amerika kontingenti soni 18 kishi edi, 2020 yil iyuniga kelib, 35 kishiga yetdi.

Yangi turdagi qo‘shinlar yaratilishi
Tramp prezidentligi davrida koinotdagi harakatlar uchun mo‘ljallangan yangi turdagi AQSH qo‘shini yaratildi. Bu qaror Rossiya va Xitoyda shunday kuchlar tayyorlanishiga javob bo‘ldi, deya aniqlik kiritdi Tramp. «Men Rossiya nima qilayotganini, Xitoy nima qilayotganini ko‘rdim. Men biz ham shunday qilishimiz kerak, dedim. Bu oson bo‘ldi deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, aslida bu qiyin bo‘ldi», — dedi prezident.

Migratsiyaning pasayishi, deportatsiyaning o‘sishi
2016 yildagi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Tramp noqonuniy immigratsiyaga qarshi faolroq kurashishga va oddiy amerikaliklarni ish o‘rinlari bilan ta’minlashga va’da bergan edi. U Oq uyni egallab turgan davrda AQSHda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritgan chet elliklar soni pasaydi. 2015 yilda bu ko‘rsatkich 1,051 millionni, 2016 yilda 1,183 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, 2017 yilda bu raqam 1,127 milliongacha, 2018 yilda esa 1,096 milliongacha tushib ketdi. Bu haqda ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotlarida aytiladi. Ammo 2013 yildayoq bu ko‘rsatkich 1 milliondan past edi.

Noqonuniy muhojirlar deportatsiyasi ko‘paydi, ammo sezilarli darajada emas. 2015 yilda u 333 mingtani, 2016 yilda 340 mingtani, 2017 yilda (Tramp prezidentligining birinchi yili) 295 mingtani, 2018 yilda 337 mingtani tashkil qilgan. Shu bilan birga, 2012—2014 yillarda deportatsiyalar soni 400 mingtadan oshgan.

AQSHning xalqaro shartnomalardan chiqishi
Tramp prezidentligi davrida bir nechta shartnomalardan chiqish haqida e’lon qildi va AQSHning bir qator tashkilotlardagi a’zoligini bekor qildi:
  • Rossiya bilan ochiq osmon bo‘yicha bitim (rasman AQSH bitimni noyabr oxirida tark etadi);
  • Rossiya bilan o‘rta va qisqa masofali raketalarni yo‘q qilish haqidagi shartnoma (bitim amal qilishdan to‘xtadi);
  • Eron bo‘yicha yadro bitimi (AQSH 2018 yilda chiqdi);
  • Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (AQSH undan chiqishi haqida mayda e’lon qildi);
  • BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (AQSH 2018 yilda chiqdi);
  • YUNЕSKO (AQSH 2017 yilda chiqdi);
  • BMTning falastinlik qochoqlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish uchun Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) — 2018 yilda AQSH tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatganini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Tramp Meksika va Kanada (NAFTA) bilan, shuningdek, Janubiy Koreya (KORUS) bilan savdo bo‘yicha bitimlarni qayta ko‘rib chiqdi.

Qonun chiqaruvchilarning Rossiyaga nisbatan e’tiborining oshishi
Tramp hukmronligi davrida kongressga Rossiya tilga olingan 387 ta qonun loyihasi va rezolyutsiya kiritildi — govtrack.us saytidagi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqda. Obamaning so‘nggi muddatida bu ko‘rsatkich 143 taga, uning birinchi muddatida esa 134 taga teng bo‘lgan. Kongress bosimi ostida Tramp ma’muriyati Rossiyaga qarshi Ukraina inqirozi boshlangan vaqtdan buyon eng qat’iy — «Amerika raqiblariga qarshi sanksiyalar orqali kurashish to‘g‘risida»gi (SAATSA) qonun loyihasini imzoladi.

Uning nizomlariga ko‘ra, amerikalik bo‘lmagan fuqarolarning SDN sanksiya ro‘yxatidagi rossiyalik shaxslar bilan tranzaksiyalarda qatnashish taqiqlanadi. Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati rossiyaliklarga qarshi shaxsiy sanksiyalarning bir nechta raundini kiritdi — ularga, masalan, biznesmen Yevgeniy Prigojin va uning atrofidagilar duch keldi. Shuningdek, Nord Stream 2 gaz quvuri loyihasi ishtirokchilariga nisbatan qo‘llanilayotgan mavjud sanksiya qoidalari ham kuchaytirildi. Nihoyat Tramp davrida AQSH Buyuk Britaniya hududida kimyoviy qurol qo‘llagani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Meksika bilan chegarada qurib bitkazilmagan devor
Saylovlar arafasida Tramp AQSHning janubiy chegarasida qariyb 1,6 ming kilometrlik devor qurishga va Meksikani uning pulini to‘lashga majbur qilishga va’da bergan edi. Oxir-oqibat AQSH ma’muriyati Meksikaga devor uchun pul to‘lattira olmadi, to‘siqni moliyalashtirish masalasi esa vakillar palatasida demokratlar va respublikachilar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Natijada Tramp devor qurilishi uchun boshqa davlat dasturlaridan pul jalb qilishga majbur bo‘ldi.

Uning prezidentlik muddati oxiriga kelib, AQSH janubiy chegarasidagi devor uzunligi 400 kilometrdan ziyodni tashkil etmoqda, ammo Tramp davrida uning bir necha mil qismigina qurildi, xolos, qolgani — allaqachon bo‘lgan to‘siqlardir. Chegaraning jami 1,7 ming mil qismi to‘siqlar bilan himoyalangan. Meksika va AQSH o‘rtasidagi chegaraning umumiy uzunligi 3,2 ming kilometrdan ortiq, uning bir qismi tabiiy to‘siqlar bilan himoyalangan.

Impichment
Demokratlar impichment jarayonini 2019 yil kuzida boshlagan edi. Trampga qadar Endryu Jonson va Bill Klintonga nisbatan ham bunday impichmentlar olib borilgan. Tramp ustidan sud senatda 12 kun davom etdi (22 yanvardan 5 fevralgacha), Klinton ustidan — 35 kun (1999 yil 7 yanvar — 12 fevral), Jonson ustidan esa 71 kun (1868 yil 5 mart — 16 may) davom etgan. Bu jarayonlardan hech biri prezident iste’fosi bilan tugamagan, hammasida senat oqlov hukmini chiqargan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Trampning prezidentlik davri haqida 10 ta fakt