date
views 1 626

Jo Bayden AQSHning yangi prezidenti bo‘ladi. Tramp mag‘lubiyatni tan olmayapti

Jo Bayden AQSHning yangi prezidenti bo‘ladi. Tramp mag‘lubiyatni tan olmayapti
Kevin Lamarque / Reuters / Scanpix / LETA
Jo Bayden bir necha kunlik noma’lumlikdan keyin nihoyat AQSH prezidentligi uchun poygani o‘z foydasiga hal qildi. Pensilvaniya va Nevadada ham g‘olib bo‘lgach u 279 delegat ovoziga egalik qilmoqda, prezidentlikka saylanish uchun 270 ovoz ham kifoya edi.

Dastlab Amerika ommaviy axborot vositalari - demokratlarga moyil bo‘lgan nashrlar ham, respublikachilarni qo‘llaydiganlari ham birin-ketin demokratlar nomzodining g‘olibligi haqida xabar bera boshladi. Shanba kuni saylov taqdirini hal qiluvchi shtatlardan biri Pensilvaniyada Barak Obama davrida vitse-prezident bo‘lgan Jo Baydenning ustunligi uzil-kesil tasdiqlandi - bu shtat nomzodga yana 20 ovoz taqdim etdi, natijada uning delegatlari soni prezidentlikka saylanish uchun zarur bo‘lgan 270lik miqdordan oshdi.

Byulletenlarni hisoblash hali davom etadi, Pensilvaniyada ham hali hisoblanmagan 200 mingga yaqin byulletenlar bor. Ammo Amerika mediasiga Baydenni g‘olib deb tan olish uchun shu vaqtgacha mavjud bo‘lgan ma’lumotlarning o‘zi yetarli. Telekanallar va axborot agentliklari prognozlash usullariga asoslangan holda g‘olibni aniqlash uchun matematiklar va tahlilchilar jamoalarini yollashgan. Hozirda ular Tramp Pensilvaniyada Baydendan o‘zib keta olmaydi, degan xulosaga kelishgan. Avvalgi saylovlar shuni ko‘rsatadiki, prognozchilar jamoasi bunday hollarda adashishmagan.

Donald Tramp mag‘lubiyatini tan olmayapti. 4 noyabr kuniyoq o‘zi prezidentlikka qayta saylangani haqida e’lon qilgandi. U bir necha marta ovozlar natijalarini hisoblashda soxtakorlikka yo‘l qo‘yilgani haqida gapirgan, lekin buning uchun dalil keltirmagandi. AQSHning amaldagi prezidenti natijalar haqidagi xabarlarni Virjiniyada golf o‘ynayotgan mahalda (darvoqe, bu shtatda Bayden ustun kelgan) bildi. Lekin u raqibining g‘alabasini tan olgani yo‘q.

«Ushbu saylov yakunlanishiga hali vaqt bor», – dedi Tramp OAV xabarlari ortidan berilgan bayonotida. U 9 noyabrdan boshlab o‘zining saylovoldi tashviqot guruhi saylov qonunchilikka to‘liq muvofiq tarzda o‘tganini va qonuniy g‘olibni aniqlash maqsadida sud jarayonlarini boshlashini va’da qildi. «Men Amerika xalqi demokratiya tamoyillariga munosib ravishda berilgan haqiqiy ovozlar hisobi to‘g‘risidagi natijani bilmagunicha tinchimayman», dedi Tramp. U so‘nggi o‘n yilliklarda ikkinchi muddatga saylana olmagan ilk prezident bo‘ldi.

Jo Bayden g‘alabasiga shubha qilmayapti. U tvitterda barcha amerikaliklarning, shu jumladan, o‘ziga ovoz bermaganlarning ham prezidenti bo‘lishni va’da qilib, ishonchni oqlashga va’da berdi. Shuningdek, Bayden tvitterdagi maqomini «AQSHning saylangan prezidenti» deya o‘zgartirdi.

Bayden dastlabki tabriklarni qabul qilishni boshlagan. Uni va bo‘lajak vitse-prezident Kamala Harrisni ijtimoiy tarmoqlar orqali Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Shotlandiya hukumati rahbari Nikola Sterjen, London meri Sodiq Xon va dunyoning turli nuqtalaridagi siyosatchilar, masalan, Zimbabve prezidenti Emmerson Mnangagvu tabrikladi.

Saylovda kim g‘olib bo‘lganini aniqlash uchun uch kun vaqt ketdi. Ovoz berish 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgandi. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli 2020 yilda juda ko‘plab amerikaliklar saylov uchastkalariga bormasdan, pochta orqali ovoz berishni ma’qul ko‘rishdi. Pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qayta ishlash juda ko‘p vaqt oldi.

Baydenning g‘alabasi yanada ishonchliroq bo‘lishi mumkin. Hozircha Arizona, Jorjiya, Shimoliy Karolina va Alyaska shtatlarida yakuniy natijalar ma’lum bo‘lgani yo‘q. Bu shtatlarda kim ustun kelishi faqat Alyaskada aniq, atigi uch delegat ovoziga ega bo‘lgan shtatda Tramp katta farq bilan oldinda. Shimoliy Karolinada ham u ustunlikka ega. Qolgan shtatlarda esa Bayden yetakchi. Agar shu holat saqlanib qolsa, yakunda Bayden 306 ovoz bilan g‘olib bo‘ladi.

Jo Bayden 77 yoshda, u Amerika tarixida eng keksa yoshda prezident bo‘lgan ilk siyosatchiga aylanadi. Bayden butun umr siyosat bilan shug‘ullangan: u 30 yoshidayoq senator bo‘lgan. Bayden — prezidentlikka nomzodlar orasida amerikaliklarning eng ko‘p ovoziga ega bo‘lgan siyosatchiga aylandi - hozirgacha 74,5 mln amerikalik unga ovoz bergan (ikkinchi o‘rinda — Donald Tramp, u bu safargi saylovlarda 2016 yildagi natijasini yaxshiladi - 70,4 mln).

AQSH tarixida saylangan vitse-prezident Kamala Harris ushbu lavozimdagi «birinchi ayol, birinchi qora tanli ayol, birinchi kelib chiqishi hind bo‘lgan amerikalik ayol va muhojirlar qizi bo‘lgan birinchi ayol» sifatida tarixga kiradi. Uning onasi kelib chiqishiga ko‘ra hind, otasi — yamaykalik.

Bir necha marta SSSRda va Rossiyada bo‘lgan Bayden Putin bilan munosabatlarda qat’iy siyosat yuritish tarafdori hisoblanadi. U saylovlardan oldin Rossiyani «Amerika xavfsizligi uchun asosiy tahdid» deb atagandi. 2011 yil boshida, Rossiya prezidenti lavozimini Dmitriy Medvedev egallab turganida, Bayden rossiyalik muxolifatchilar bilan uchrashgan va Putinning o‘rnida bo‘lganida uchinchi muddatga nomzodini qo‘ymagan bo‘lishini aytgandi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Odatda mag‘lub bo‘lgan nomzod darhol buni tan oladi, ammo AQSH tarixidagi eng noodatiy prezident bo‘lgan Tramp bir necha frontlarda bahslashuvni davom ettirmoqchi.

Natijalar o‘rtasidagi farq bir foizdan kichik bo‘lgan Jorjiyada ovozlar qayta hisoblanadi, Trampning shtabi Viskonsindagi natijalar bo‘yicha ham bahslashmoqchi. Prezident saylovlardagi natijalar yuzasidan Oliy sudga ham murojaat qilishini aytgan (u bu safar ham dalilsiz gapirgan).

Agar saylov natijalariga e’tiroz bildirilsa, nomzodlarning huquqshunoslari o‘sha shtatlar sudlarida uchrashadi. Sudya da’voni qo‘llab-quvvatlashi va ovozlarni qayta hisoblash bo‘yicha qaror chiqarish mumkin, bu qaror ustidan Oliy sudga apellyatsiya bilan murojaat qilish ham mumkin.

Ayni vaqtda ayrim shtatlarda ovozlarni qayta hisoblash davom etmoqda va shtat ma’murlari e’lon qilmaguncha hozirgi natijalar rasmiy deb hisoblanmaydi. Odatda shtatlar ma’murlari natijani e’lon qilishi saylovdan keyingi bir necha hafta ichida ro‘y beradi.

14 dekabr kuni saylovchilar hay’atining 538 a’zosi g‘olibni rasman e’lon qilish uchun yig‘iladi.

Saylovchi delegatlar o‘z shtatidagi saylovchilarning tanlovini ifoda etadi - shtatda kim ustunlik qilgan bo‘lsa, undagi delegatlarning barchasi ovozini o‘sha nomzodga beradi. Faqat ikki shtat - Nebraska va Menda istisno holat.

Yangi prezident keyingi yilning 20 yanvaridan lavozimiga kirishadi va hukumat a’zolarini tayinlab, vazifalarni belgilab oladi.
Hokimiyat o‘tishi Vashingtondagi Kapitoliy tepaligida o‘tkaziladigan inauguratsiya marosimi orqali sodir bo‘ladi.

Marosimdan so‘ng yangi prezident Oq uyga yo‘l oladi va to‘rt yillik boshqaruvini boshlaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jo Bayden AQSHning yangi prezidenti bo‘ladi. Tramp mag‘lubiyatni tan olmayapti