Har birimizga tanish holat — ichingizni tortgan g‘am, terga cho‘milgan qo‘llar va tinmay aylanayotgan fikrlar. Go‘yo miyangiz orom olishni rad etayotgandek. Kichik xavotir, masalan, “dazmol o‘chirilganmi?” degan fikr ham katta vahimaga aylanishi mumkin. Ammo psixoterapevt Salli Beykerning ta’kidlashicha, bor-yo‘g‘i 15 daqiqa ongli harakat bilan bu holatni nazorat ostiga olish mumkin.
Daily Mail yozganidek, Britaniya tadqiqotchilari so‘nggi yillarda tashvish va bezovtalik bilan yashovchi odamlar soni ortib borayotganini qayd etmoqda. Faqat Angliyadagina millionlab insonlar antidepressantlar qabul qiladi, yuz minglab kishi esa psixologik yordam so‘rab murojaat qilmoqda. Shuning uchun, deydi mutaxassis, “tashvishni ildizidayoq bartaraf etishni o‘rganish” juda muhim.
Beykerning ta’kidlashicha, bezovta fikrlar urug‘ singari — siz ularga qancha ko‘p e’tibor bersangiz, ular shuncha “sug‘oriladi”.
“Qayg‘ularingizga diqqat qaratgan sari, ularga quyosh nuri va namlik berasiz”, — deydi u.
Bu holatni to‘xtatish uchun eng avvalo fikr oqimini uzish kerak: baland ovozda “to‘xta!” deb aytish yoki bir necha marta chuqur nafas olish kifoya. Hatto qisqa jismoniy harakat — deraza yonida nafas olish yoki zinadan chiqib tushish — ham tanadagi va ongdagi muvozanatni tiklaydi.
Agar xavotir qolmasa, mutaxassis I.C.E. deb atalgan 15 daqiqalik usulni tavsiya etadi (Identify — Calm — Exchange).
1. Avvalo tashvish manbasini aniqlang va uni tanadagi joyini his qiling — ko‘krakdami, oshqozondami yoki bo‘yinda.
2. Keyin oldingizdagi ikki nuqtaga diqqat qiling, so‘ng ularning o‘rtasidagi bo‘shliqqa qarang — bu asab tizimini tinchlantiradi.
3. So‘nggi bosqich — almashinuv. Endi avvalgi tashvishli fikrga qayting, lekin yangicha, xotirjam ruh bilan.
“Eski, xavotirli kimyo o‘rnini tinchlik va barqarorlikka mos yangi kimyo egallaydi”, — deb tushuntiradi Beyker.
Agar bezovtalik yana paydo bo‘lsa, bu jarayonni istalgancha qayta takrorlash mumkin.
Mutaxassis fikricha, ushbu oddiy texnikani muntazam qo‘llash dorisiz ham foyda beradi — hatto vahima hujumlari bilan kurashayotganlar uchun ham mos. Eng muhimi — fikrlar girdobida qolib ketmay, harakat qilish. Ba’zan ichki tinchlikni tiklash uchun atigi 15 daqiqa yetarli bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!