20:57 / 08.01.2022
3 446

Namoyishlar ildizi qayerda, To‘qayev nega Rossiyadan yordam so‘radi?

Namoyishlar ildizi qayerda, To‘qayev nega Rossiyadan yordam so‘radi?
Qozog‘istondagi tinch namoyishlar og‘ir jinoyatchilikka aylanib ketdi. Namoyishchilar o‘zlari istagan narx pasayishi va Nazarboyevning ketishiga erishdilar, lekin ular xohlamagan voqea ham ro‘y berdi: mamlakatga KXSHT qo‘shinlari kirib keldi. Bu Qozog‘istonning geosiyosiy mag‘lubiyatimi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'ga bergan intervyusida ayni mavzudagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Nazarboyevga nisbatan kuchli ishonchsizlik bor edi”
— Qozog‘istonda bo‘layotgan hodisalarni ommaviy namoyishlar yoki bunt, ya’ni ijtimoiy norozilik deyish mumkin. Bu ijtimoiy norozilik vaqt o‘tishi bilan siyosiy norozilikka aylanib ketdi. 2019 yili Qozog‘istonda hokimiyat bamisoli almashdi, ammo tushunarsiz holat kuzatildi. Ya’ni rasman 1989 yil 22 iyundan dastlab Qozog‘iston SSRni, keyinchalik mustaqil Qozog‘istonni boshqargan Nursulton Nazarboyev prezidentlik kursisini Qosim-Jo‘mart To‘qayevga bergandek ko‘ringandi. Lekin veto berish huquqi, oliy hokimiyatning eng muhim tarmoqlarini qo‘lida saqlab qolayotgan edi.

30 yillik Nazarboyevga nisbatan aholi orasida ishonchsizlik yoki ma’lum bir nafrat shakllangan edi. Mana shu tandem – ikkilik (Nazarboyev–To‘qayev) Qozog‘istondagi ijtimoiy vaziyat beqarorlashuviga sabab bo‘ldi.

“Davlat ijtimoiy loyihalarni qisqartirgan edi”
— Oxirgi bir necha yilda jahon bozorida neft mahsulotlari narxi arzonlagach, hukumat budjet daromadlari pasaygani bois, ijtimoiy loyihalarni qisqartirishga majbur bo‘lgan edi. Shunday ekan, bu namoyishlarning birinchi sababi – ijtimoiy norozilik.

Dastlab, aholi bosh ko‘tarib, o‘z noroziligini bildirdi. Lekin, keyinchalik, hokimiyat tezda namoyishga munosabat bildirib, hukumatni tarqatib yuborganidan keyin, namoyishlar butun Qozog‘istonga yoyilib ketdi. Hokimiyat bilmasdan, o‘ylamasdan yoki bilib turib shunday xatolarga yo‘l qo‘ydi va natijada lokal norozilik namoyishlari umummilliyga aylanib ketdi.

Avtokratiya
— Qozog‘istondagi avtoritarizm – kuchli, boshqa davlatlar bilan iqtisodiy-siyosiy munosabatlarni yaxshi yo‘lga qo‘ya olgan diplomatik avtoritarizm edi. Shu bilan birga, dunyoda o‘z nomini poytaxtga qo‘ydirgan boshqa davlat rahbari yo‘q. Qolaversa, o‘zining tug‘ilgan kunini poytaxt kuni deb belgilagan boshqa prezident ham yo‘q. Haykallar, o‘z nomiga litseylar, universitetlar...va shaxsga sig‘inishni yuqori darajaga olib chiqqan avtoritarizm edi.

Qozog‘istondagi voqealarni klassik “rangli inqilob” deb baholab bo‘lmaydi. Chunki boshidanoq hukumatni ag‘darish va boshqa siyosiy maqsadlar yo‘q edi. Unda, asosan, gaz narxini tushirish kabi ijtimoiy talablar ilgari surildi.

Namoyishlar ijtimoiy-iqtisodiy sabablar hokimiyatga nisbatan shakllangan ishonchsizlik bilan uyg‘unlashgan holda vaziyatga jiddiy ta’sir qildi. Shunga ko‘ra, Qozog‘istondagi voqealarning boshlanishida tashqi kuchlarning ta’siri minimal yoki mavjud emas.

Avtoritar hokimiyatlar, odatda, o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun muxolifat va fuqarolik jamiyati bilan kelishishdan ko‘ra, namoyishchilarning legitim emasligini ko‘rsatish, ularni terrorchilarga chiqarib, ularga qarshi kuch ishlatishga majbur bo‘ladi. Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham shunday ritorikani tanlashga majbur bo‘ldi, deyish mumkin. Aslida bu – ommaviy namoyish va xalqning talabi.

Chunki, Qozog‘iston huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining hech biri xorijda, Iroqda yo boshqa joyda tayyorgarlikdan o‘tib kelgan biror kishining suratini ko‘rsatib, shaxsini ochiqlayotgani yo‘q. Bu – klassik norozilik namoyishi.

“Rossiya Qozog‘istondagi vaziyatdan unumli foydalandi”
— To‘qayev prezidentlikka kelgach, tashqi siyosatda mustaqil siyosat yuritishga harakat qilib keldi. Hatto 2021 yil aprelidagi YEOII yig‘ilishida tashkilotga birmuncha ishonchsizlik bildirgandi. Shundan so‘ng Rossiya bilan munosabatlar zimdan sovuqlashdi va mamlakat Rossiyaning “qora ro‘yxati”ga kiritildi. Putin sobiq ittifoqqa kichik hudud bilan kirib, katta hududni olib chiqib ketgan davlatlar bor deganda Qozog‘istonga shama qilgandi, garchi Qozog‘iston nomini aytmagan bo‘lsa-da. Keyinchalik, Rossiya elitasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qozog‘istonni barmog‘i bilan ko‘rsata boshladi. Mana shu namoyishlar fonida Rossiya undan o‘z manfaatlari yo‘lida unumli foydalandi.

“Qozoq elitasida yakdillik yo‘q edi”
— Qozoq elitasida yakdillik mavjud emasdi. Hokimiyatning ikkiga bo‘linishi, bir tomondan sobiq prezidentda asosiy hokimiyat richaglarining qolishi, ikkinchi tomondan konstitutsiyaga binoan yangi prezident To‘qayevda katta vakolatlar bo‘lishi biz bilgan-bilmagan siyosiy ziddiyatlarni keltirib chiqardi. Natijada, shu ikkisidan qay biriga yo‘nalish olish masalasi bora-bora siyosiy elitani parokanda qildi.

Namoyishlar vaqtida To‘qayevning o‘z huquq-tartibot organlariga ishonchi yuqori emasdi. Natijada, To‘qayevning hokimiyatni o‘zida ushlab qolish uchun Rossiyaga yaqinlashishdan boshqa chorasi qolmadi. Bu, o‘ylaymanki, Qozog‘istonga va Rossiyaning o‘ziga ham qator qiyinchiliklarni vujudga keltiradi.

“Qozog‘iston geosiyosiy mustaqilligining jiddiy qismidan ayrildi”
— KXSHT bo‘linmalari kiritilgach, Rossiya Qozog‘istonga o‘z shartlarini qo‘yadi, deb o‘ylayman. Qozog‘iston o‘z siyosiy mustaqilligining jiddiy qismidan ayrildi. Endilikda, Qozog‘iston Kreml bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi.

Rossiyaning asosiy sharti Qozog‘istonning tashqi siyosatini nazorat qilishdan iborat bo‘ladi.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Namoyishlar ildizi qayerda, To‘qayev nega Rossiyadan yordam so‘radi?