19:43 / 11.01.2022
2 420

Qozog‘iston buyuk islohotlar oldida(mi?)..

Qozog‘iston buyuk islohotlar oldida(mi?)..
Qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyat shiddatli o‘zgarib bormoqda. 2 yanvarda boshlangan ommaviy namoyishlar butun mamlakatga yoyilishi natijasida, kutilmaganda KXSHTdan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan Qosim-Jomart Toqayev, bugun Parlamentga murojaat qilib, KXSHT missiyasi tugaganligini aytgan.

Prezident Toqayevning aytishicha, KXSHT kuchlari o‘n kun ichida to‘liq chiqib ketishi kerak. Shuningdek, Toqayev Qozog‘istonda ijtimoiy himoya siyosatini yuqori darajaga ko‘tarilishini bildirgan, yilning ikkinchi yarmida yirik siyosiy islohotlar paketi taqdim qilinishini e’lon qilgan.

KXSHT kuchlari kiritilishi fonida, kuzatuvchilar, ayniqsa Qozog‘iston fuqarolik jamiyatida “endi KXSHT kuchlarini Qozog‘istondan chiqarib yuborish oson bo‘lmaydi”, degan xavotirlar paydo bo‘lgan edi. Lekin Toqayev bayonotiga ko‘ra, bu kuchlar juda tezda o‘z missiyalarini bajargan va mana chiqib ketish muddati belgilab qo‘yildi.

“Toqayevga KXSHT kuchlari nima uchun kerak bo‘ldi” degan savol paydo bo‘ladi. Qo‘shinlar faqat informatsion-psixologik maqsadlarda kiritildi. Ya’ni, bu bilan Toqayev Rossiyaning – Putinning qo‘lloviga erishganligini, agar elita ichidagi shaxslar Toqayevga qarshi chiqmoqchi bo‘lsa, ularga qarshi tura oladigan tajribali harbiylar mavjud ekanligini bildirish edi.

Boshqacha qilib aytganda, Toqayev Qozog‘iston kuch ishlatar tizimlari ustidan to‘liq nazoratni o‘z qo‘liga olish uchun instrument kerak edi. Mana shu instrument KXSHT bo‘ldi. Tabiiyki, bu instrumentdan foydalanish, Toqayevning Putin oldidagi qarzdorligini anglatadi.

Ayni paytda, Toqayev xarakteridagi o‘ziga xosliklar ham ko‘rinib bormoqdaki, u bu qarzdorlikdan tezroq chiqishga harakat qiladi, buning uchun kerak bo‘lsa Putin bilan ham ziddiyatga kirishishga tayyor bo‘ladi.

Sababi oddiy – o‘zining asosiy patroni Nazarboyev va uning komandasi bilan to‘qnashuvga borish layoqatini ko‘rsatgan siyosatchi, zarurat bo‘lsa boshqalar bilan ham, jumladan Putin bilan ham jiddiy tirashuvlarga, to‘qnashuvlarga, ziddiyatlarga borishi tabiiy hisoblanadi. Taxmin qilish mumkinki, Putin ham Toqayevning psixologiyasini, xarakterini inobatga olib boradi. Natijada, Putin va Toqayev munosabatlarida, to‘qnashuvlardan qochish va imkoniyat bo‘lganda kompromiss izlash – bu ikki davlat munosabatlaridagi yangi ohang bo‘ladi.

Toqayev, shuningdek jiddiy ijtimoiy va siyosiy islohotlar va’da beryapti. Nazarimda, Toqayev Nazarboyevga o‘xshab, o‘ttiz yil hokimiyatda o‘tirishni orzu qilmaydi, qila olmaydi. Nazarboyev Qozog‘iston SSR oliy hokimiyatiga kelganida, bor-yo‘g‘i 49 yoshda edi. To‘qayevni yoshi, hozirda bir kam yetmishda. Ko‘plab sabablar borki, To‘qayev hokimiyatda uzoq o‘tirishni emas, jiddiy islohotlar qilish orqali ijobiy reputatsiya olish va tarixda qolishga intiladi. Jumladan, Qozog‘iston jamiyati ham shaxsga sig‘inishdan, avtoritarizmdan, oligarxatdan, siyosiy o‘yinlardan juda qattiq charchagan. Jamiyat real islohotlar istaydi. Oxirgi voqealar Qozog‘iston hokimiyatiga o‘ta jiddiy signal bo‘ldi.

Toqayev shu paytgacha jiddiy islohotlarni amalga oshirishga harakat qilib kelayotgan edi, lekin bunga Nazarboyev va uni komandasi to‘sqinlik qilib keldi. Endi Qozog‘iston hokimiyati to‘laligicha Toqayev qo‘lida. Aynan shuning uchun ham, Toqayev o‘zining siyosiy ambitsiyalarini ko‘rsatish maqsadida, jiddiy siyosiy islohotlar boshlashi va bu islohotlar aynan fuqarolik jamiyati, siyosiy plyuralizm, ijtimoiy davlatchilikni rivojlantirishga qaratilishi ehtimoli har doimgidan ham yuqori.

Markaziy Osiyoda yangi davr boshlanayapti. Mintaqa demokratiya tomon yangi qadamlar tashlashi kutilmoqda. Va bu qadamni, mintaqaning ikkinchi yirik davlati Qozog‘iston tashlashi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov,
Azon.uz portali siyosiy eksperti

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston buyuk islohotlar oldida(mi?)..