
13 dekabrdan 14 dekabrga o‘tar kechasi O‘zbekiston aholisi yilning eng yorqin meteor oqimlaridan biri — Geminidalarni kuzatishi mumkin. Bu haqda NASAning «What’s Up: December 2025 Skywatching Tips» sharhida ma’lum qilingan.
NASA prognozlariga ko‘ra, faoliyatning eng yuqori cho‘qqisi 14 dekabr kuni soat 03:00–04:00 (UTC) oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. O‘zbekiston vaqti bo‘yicha bu 08:00–09:00 ga to‘g‘ri keladi.
Biroq, bu vaqt tong otganiga to‘g‘ri kelgani sababli, oqimning maksimal darajasi amalda ko‘rinmasligi mumkin. Shunga qaramay, astronomlar faoliyatning yuqori bosqichi cho‘qqidan bir necha soat oldin va keyin davom etishini ta’kidlamoqda.
Bu esa oqimni 14 dekabr kuni yarim tundan tonggacha kuzatishga imkoniyat yaratadi. Meteor oqimi faoliyatining maksimal darajasida soatiga 120 tagacha meteorit kuzatilishi mumkin, agar osmon ochiq va qorong‘i bo‘lsa.
Geminidalar yorqin va sekin harakatlanuvchi «qulayotgan yulduzlari» bilan tanilgan bo‘lib, ular hattoki shahar yorug‘ligida ham yaxshi ko‘rinadi. Geminidalar har yili dekabr oyida kuzatiladi va ular 3200 Fayeton asteroidi qoldirgan zarrachalardan hosil bo‘ladi.
Ko‘pchilik meteor oqimlari kometalar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Geminidalar asteroid kelib chiqishiga ega. Bu ularning yuqori zichligi va yorqinligini izohlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.