Rossiyaning Ukrainaga ochgan urushi sababli ta’minot tizimida yuz berayotgan uzilishlar arab davlatlarini oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga ro‘baro‘ qildi. Boshqa tarafdan esa arablarga oziq-ovqat sohasida o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatini ham yuzaga keltirdi.
Darhaqiqat, Ukrainada kechayotgan urush arab davlatlarining oziq-ovqat borasida boshqa mamlakatlarga naqadar qaramligini ko‘rsatib qo‘ydi. Katta qismi qishloq xo‘jaligiga yaroqsiz va suv resurslari kam bo‘lgan mazkur davlatlar oldida juda katta muammo turibdi. Mutaxassislarning fikricha, bu muammo o‘zaro hamkorlikning yangi ufqlarini ochishlariga turtki bo‘lishi mumkin.
“Arab davlatlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmadi”
Iroqlik tadqiqotchi va yozuvchi Nazir al-Kanduriyning aytishicha, arablar uchun Rossiya va Ukraina o‘rniga boshqa mamlakatlardan oziq-ovqat import qilish oson emas, buni amalga oshirish bir necha oy talab etadi, uddalangan taqdirda ham bu mahsulotlarning narxlari urushdan oldingi davrdagi arzon bo‘lmaydi.
"Har bir davlatning oziq-ovqat xavfsizligini urush yoki tinchlik davrida ham ta’minlashi shart. Lekin arab davlatlari import bilan qanoatlanib yuraverdi. Bu o‘lkalarning aksariyatida don zaxiralari yetarli emas. Masalan, Iroqning g‘allasi ehtiyojga nisbatan juda ham oz. Qishloq xo‘jaligiga moslashmagan Ko‘rfaz mamlakatlari suv tanqisligidan aziyat chekmoqda, xuddi shu narsa mag‘rib davlatlariga ham tegishli. Iroq, Misr, Sudan va Shom mintaqasidagi (Suriya-Falastin-Livan) davlatlarda ekin yerlari va suv zaxiralari yetarli, ammo shunday bo‘lishiga qaramay ular ham oziq ovqat xavfsizligiga deyarli ahamiyat bermadi. Arab rasmiylarining bayonotlari oziq-ovqat ta’minoti masalasiga jiddiy yondashmayotganini ko‘rsatib turibdi. Rasmiylar bu vaqtinchalik muammo va qisqa vaqt ichida hammasi o‘z joyiga qaytadi, deb o‘ylaydi", dedi u.
Kanduri arab davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari haqida esa quyidagicha mulohaza yuritdi: "Qishloq xo‘jaligi sarmoyalari bo‘yicha hamkorlik ko‘zga tashlanmayapti. Biroq hozirgi vaziyatda global oziq-ovqat ta’minoti inqirozini yengish uchun birlashishga sharoit yuzaga keldi".
Kandurining fikricha, arab davlatlari oziq-ovqat ehtiyojlarini o‘zaro qondirishi uchun bir yo‘l bor. Ya’ni suvi va ekin maydonlari yetarli bo‘lmagan neft o‘lkalari bu ikki resurga boy, ammo ulardan foydalanishga “qo‘li qisqalik” qilayotgan Misr, Sudan, Iroq va Suriya kabi mamlakatlarga sarmoya kiritishlari lozim.
“Arab davlatlari o‘zaro strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari kerak”
Suriyalik siyosiy tahlilchi Hishom Munavvarga ko‘ra, Ukraina urushi tufayli bir qator arab davlatlari aholining oziq-ovqat ehtiyojlarini qondirish kabi katta muammoga duch kelmoqda.
Munavvarning fikricha, arab davlatlari yirik qishloq xo‘jalik yerlaridan foydalanishi, bug‘doy, makkajo‘xori va sholi kabi strategik mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun zarur sarmoya kiritishi va oziq-ovqat xilma-xilligini oshirishi shart. "Arab davlatlarining bir qismi moliyaviy resurslarga ega bo‘lsa, boshqalarida ekin maydonlari mavjud. Shular orqali iqtisodiy-qishloq xo‘jaligi sherikliklarini yo‘lga qo‘yish mumkin". Uning aytishicha, global ocharchilik yoki falokatni kutmasdan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun choralar ko‘rishni boshlash kerak.
"Ba’zi arab mamlakatlari qishloq xo‘jaligida katta salohiyatga ega bo‘lsa-da, bu mamlakatlardagi siyosiy iroda tinchlik davrida qishloq xo‘jaligi integratsiyasiga erisha olmadi. Agar bu integratsiya oziq-ovqat xavfsizligidan qo‘rqib erishilsa, bu mamlakatlar o‘zini o‘zi oziq-ovqat bilan ta’minlashga erishishi mumkin. Qilish kerak bo‘lgan narsa shoshilinch chora-tadbirlar va Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealardir. Lekin afsuski, Arab Ligasi davlatlari tashqi ishlar vazirlari darajasida hozirgacha navbatdan tashqari yig‘ilish ham o‘tkazmagan".
Urush imkoniyatga aylanishi mumkin
Jazoirlik yozuvchi va siyosiy tahlilchi Rizo Budra "Urushlar tarix davomida davlatlarning imkoniyatlarini ko‘rsatib beradigan sinovdir. Arab dunyosi o‘z hududidan tashqarida kechayotgan urushning salbiy ta’siridan ham unumli foydalanishi kerak" dedi.
Uning fikricha, Ukrainadagi urush arab davlatlari uchun tashqi ittifoqchilar va ichki siyosatlarini qayta ko‘rib chiqish uchun ideal imkoniyatdir. U oziq-ovqat yetishmovchiligining oldini olish uchun endi juda kech ekanligini, ammo uning uzoq muddatli ta’sirini yumshatish uchun imkoniyat borligini aytdi.
Budraga ko‘ra, hamkorlik arab mamlakatlari doirasidan tashqariga chiqish va ta’minot zanjirini ta’minlash uchun yangi iqtisodiy ittifoqlar, diplomatik birlik va tajriba almashishdan boshqa chora yo‘q.
“Turkiyaning qishloq xo‘jaligidagi tajribasi oziq-ovqat sanoatining ko‘pchiligida o‘zini-o‘zi ta’minlashning yaxshi namunasidir”, - dedi Budra. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
KXDR askarlarlari urushga kirdi. Razvedka nima demoqda?
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz