Qovoq – ko‘pchilik sevib isteʼmol qiladigan mahsulot. U shunchaki mazali emas, organizm uchun foydali hamdir. Qovoqning ilmiy jihatdan isbotlangan foydali xususiyatlari haqida quyida bilib olasiz.
1. Tarkibida katta miqdorda A vitamini saqlanadi
Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, qovoq tarkibida beta-karotin – organizmga tushganidan keyin A vitaminiga aylanadigan o‘simlik pigmenti miqdori juda ko‘p. Aynan beta-karotin qovoqqa to‘q sariq rang beradi.
A vitamini organizm uchun muhim moddalar sirasiga kiradi. Tanamiz bu vitaminni mustaqil ravishda ishlab chiqara olmaydi: vitamin organizm tomonidan tayyor holatda yoki karotinoidlar ko‘rinishida qabul qilinadi. Isteʼmol qilinayotgan mahsulotlar tarkibida A vitamini miqdori kam bo‘lsa, bu salomatlikka salbiy taʼsir ko‘rsatmasdan qolmaydi: ko‘rish qobiliyati yomonlashadi, immunitet tushib ketadi, tananing turli aʼzolari va to‘qimalari – suyaklardan tortib miya faoliyatigacha sekinlashadi.
Tarkibida katta miqdorda beta-karotin saqlanadigan mahsulot ehtimoliy gipovitaminozning oldini olishga yordam beradi. Organizm A vitaminining bir kunlik meʼyorini qabul qilishi uchun kuniga 300 gr qovoq yeyish kerak bo‘ladi. Uni o‘zingizga yoqqan ko‘rinishda – qirg‘ichdan o‘tkazilgan, qaynatilgan, dimlab pishirilgan, quritilgan yoki boshqa biror usul bilan tayyorlab isteʼmol qilishingiz mumkin.
2. Qovoq boshqa turdagi ozuqaviy moddalarga ham boy
Qovoq o‘z tarkibida A vitaminidan tashqari quyidagilarni ham saqlaydi:
– oqsil;
– uglevodlar, jumladan ovqat hazm qilish jarayoni uchun o‘ta muhim bo‘lgan kletchatka;
– C, E, B2 (riboflavin) vitaminlari;
– minerallar (kaliy, rux, marganes, temir, magniy)
Salomatlikka zarar keltiruvchi to‘yingan yog‘lar, xolesterin va natriy (ular odatda yurak, tomirlar, buyraklar, oshqozon va boshqa aʼzolarga zarar yetkazadi) qovoq tarkibida deyarli mavjud emas.
3. Qovoq yordamida ozish mumkin
Qovoq etining 94 foizi suvdan iborat. Bu esa uning kam kaloriyali mahsulot ekanligidan darak beradi: 100 gr qovoqning ozuqaviy qiymati bor-yo‘g‘i 20 kkal ga teng. Ustiga-ustak, kaloriyalarning katta qismi organizmga uglevodlar, jumladan kletchatka ko‘rinishida yetkaziladi. Kletchatka esa foydali xususiyatga ega: u oshqozon-ichak traktiga tushganidan keyin namlikni o‘ziga singdirib oladi, o‘lcham jihatidan kattalashadi va to‘qlik hissini paydo qiladi. Shuning uchun ham qovoq isteʼmol qilinayotgan kaloriyalar miqdorini kamaytirish, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va ochlik hissiga qarshi kurashishni istagan insonlar uchun mukammal darajada mos keladi.
4. Qovoq tarkibida antioksidantlar juda ko‘p
Antioksidantlar – tana hujayralarining erkin radikallar tomonidan zararlanishiga qarshi kurashuvchi moddalar bo‘lib, ushbu jarayon “Oksidlovchi stress” deb ataladi. Shifokorlar uni tez qarish, surunkali yallig‘lanish holatlarining paydo bo‘lishi, yurak-qontomir, endokrin tizimi va miya faoliyatidagi buzilishlar, baʼzan saraton kasalliklariga olib keluvchi hujayralar mutatsiyasi bilan bog‘lashadi.
Qovoq tarkibida antioksidantlardan alfa va beta-karotin, beta-kriptoksantin va boshqalar saqlanadi, ular organizmga oksidlovchi stress hamda uning asoratlariga qarshi kurashish uchun yordam beradi.
5. Qovoq yurak-qontomir tizimi salomatligini mustahkamlaydi
Qovoq tarkibidagi kaliy, B vitamini, kletchatka, antioksidantlar yurak-qontomir tizimi faoliyatini rag‘batlantiradi. Sanab o‘tilgan moddalar tizim faoliyatida o‘ta muhim o‘rin turadi.
6. Ko‘rish qobiliyatining yomonlashishiga qarshi kurashadi
Qovoq ko‘zlar salomatligi uchun muhim bo‘lgan A vitaminiga boyligi haqida yuqorida aytib o‘tdik. Bundan tashqari, uning tarkibida ko‘rish qobiliyati uchun zarur bo‘lgan boshqa moddalar ham bor.
Qovoq – lyutein va zeaksantinning eng yaxshi manbalaridan biri hisoblanadi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ushbu moddalar katarakta, yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar, jumladan sariq dog‘ paydo bo‘lishi kabi ko‘z kasalliklari xavfini kamaytiradi.
7. Teri holatini yaxshilaydi va erta qarishning oldini oladi.
Beta-karotin ultrabinafsha nurlari taʼsirida teriga yetkaziladigan zarar miqdorini kamaytiradi. B vitamini esa kollagen ishlab chiqarishga yordam beradi – u terining muhim elementi bo‘lib, teri tarangligini saqlaydi, natijada jarohatlardan keyin terining qayta tiklanishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmaydi. A vitamini, lyutein, zeaksantin va boshqa antioksidantlar esa qarish jarayonini sekinlashtiradi.
Qovoq isteʼmoli kimlar uchun zararli?
Qovoq – o‘ta mazali va foydali mahsulot. U aksariyat hollarda organizm uchun xavfsiz hisoblanadi. Biroq ayrim insonlar qovoqni shifokor bilan maslahatlashgan holda isteʼmol qilganlari maʼqul.
Qanday holatlarda deysizmi?
– Tarkibida A vitamini mavjud bo‘lgan qo‘shimchalar qabul qilayotgan bo‘lsangiz. A vitamini – organizm uchun juda kerak, ammo uning miqdori ko‘payib ketsa, vitamin tana uchun zaharga aylanadi, buyraklar, jigar faoliyatidagi buzilishlar, osteoporozga sabab bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida qovoq va A vitaminiga boy bo‘lgan mahsulotlarni isteʼmol qilib, gipervitaminozga duchor bo‘lish imkonsiz, boisi organizm ovqatdan qancha vitaminni ajratib olishi kerakligini juda yaxshi biladi. Ammo A vitaminini yetarli miqdorda qabul qila turib, sintetik qo‘shimcha ham ichsangiz, gipervitaminozni keltirib chiqarishingiz hech gap emas.
– Qovoq isteʼmolidan keyin o‘zingizni yomon his qilayotgan bo‘lsangiz. Misol uchun, terida toshmalar paydo bo‘lsa, qorin dam bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, diareya kuzatilsa, sizda katta ehtimol bilan qovoqqa allergiya bor.
– Maʼlum dori vositalari, misol uchun litiy asosidagi preparatlarni doimiy ravishda qabul qilsangiz. Qovoq siydik haydash xususiyatiga ega, bu esa dori vositalarining taʼsirini kesib qo‘yishi, ularni organizmdan chiqarib yuborishi mumkin.
– Oshqozon shirasi bilan bog‘liq muammo yoki gastritingiz bo‘lsa. Qovoq eti oshqozondagi kislota darajasini yanada pasaytirib yuboradi.
– Qandli diabetdan aziyat cheksangiz. Qovoq – yuqori glikemik indeksga ega mahsulot hisoblanadi, uni isteʼmol qilish qondagi qand miqdorining oshishiga sabab bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring