09:59 / 09.08.2024
271

Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan mevalar

Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan mevalar
Barchaga ma’lumki, ozish maqsadida muayyan parhezga amal qiladigan shaxslar qovurilgan ovqatlar, oq non va shirinliklarni kundalik taomnomadan chiqarib tashlashi hamda ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qilishi lozim. Ba’zi parhezshunos shifokorlarning fikricha, qo‘shimcha tarzda yana ayrim turdagi mevalarni ham cheklash ozish uchun sarf qilingan vaqtni qisqartiradi.

Yangi pishgan mevalar tarkibida foydali o‘simlik tolalari va antioksidantlar ko‘p bo‘lsa-da, ularning ba’zilari tarkibidagi shakar tufayli ozishga xalaqit beradigan mahsulotlar sirasiga kiritiladi. Quyida shifokor Janin Bouring tomonidan ozish paytida iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan mevalarni ko‘rib chiqamiz.

Banan

Banan — dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida eng ommabop bo‘lgan mevalardan biri bo‘lib, o‘zining yuqori ozuqaviy ahamiyatga ega tarkibi — minerallar va antioksidantlarga boy xususiyati bilan sog‘liq uchun foydali meva hisoblanadi. Ammo banan tarkibidagi shakar ozish istagida bo‘lganlarga o‘z maqsadiga yetishishga xalaqit berishi mumkin. Chunki og‘irligi 120-140 g bo‘lgan o‘rtacha kattalikdagi banan energetik qiymati taxminan 100-120 kilokaloriyani tashkil qiladi, ya’ni bir dona banan bir bo‘lak donat shirinligi bilan bir xil kaloriyaga ega. Agar banansiz hayotingizni tasavvur eta olmasangiz, yetilib pishmagan yashilsimon rangdagi bananni iste’mol qiling.

Gilos

Foto: Pixabay
Gilos ham tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan mevalar sirasiga kiradi, chunki bir stakan gilos ichida 20 g shakar mavjud.

Gilos antioksidantlar manbai bo‘lib, tarkibida polifenollar, melatonin, karotenoidlar, E va C vitaminlari mavjud bo‘lib, ular tanani hujayralarga zarar yetkazadigan erkin radikallardan va bir qancha kasalliklardan himoya qiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, gilos surunkali yallig‘lanish asoratlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Gilos tarkibidagi polifenollar artrit, qand kasalligi, saraton va gipertoniya kabi kasalliklarning oldini olishi mumkin. Shuningdek, gilosda melatonin miqdori yuqori bo‘lganligi sababli yaxshi uxlashga yordam beradi.

Uzum

Foto: Vista Create
Uzum saraton kasalligining oldini olishga yordam beradigan antioksidantlarni o‘z ichiga oladi. Ammo unda tabiiy shakar — glyukoza bisyor ekani hisobiga uzumni haddan ortiq iste’mol qilish semirishga olib kelishi mumkin. Qandli diabeti bor bemorlarga esa yaxshisi ushbu mahsulotdan tiyilish tavsiya qilinadi.

Mevaning bir shingilida C vitaminining kunlik, K va B1 vitaminining 15 foizga yaqin me’yori mujassamdir. Uzumda organizm uchun muhim bo‘lgan mineral moddalar — temir, natriy, rux moddasi, fosfor, temir va kaliy bisyor bo‘ladi. Uning iste’mol tromblar paydo bo‘lishining oldini oladi, miokard infarktidan keyin tiklanishga yordam beradi. Qonning ivishidan tashqari, aylanishini ham yaxshilaydi. Ushbu mahsulot organizmni yoshartirib, sochlar, tirnoq va teri ahvolini yaxshilaydigan antioksidantlarni o‘z ichiga oladi.

Mango

Foto: Shutterstock
Tadqiqotga ko‘ra, bir piyola mango bo‘laklarida 2,6 gramm o‘simlik tolasi va C vitaminining kunlik tavsiya etilgan qiymatining 67 foizi mavjud. Mango A, B6, E va K vitaminlarining manbai hisoblanadi.

Ammo ozish niyatida bo‘lganlar mangoni cheklashi zarur, chunki ushbu meva ham o‘ta shirin — bir dona mango tarkibida 46 gramm shakar mavjud.

Ananas

Foto: iStock
Ananas C vitaminining manbai bo‘lib, atigi bir stakan yangi ananas sharbati kundalik ehtiyojdan ham ko‘proq foydani o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ananasda suyaklarni sog‘lom va mustahkam saqlash uchun zarur bo‘lgan marganes ham mavjud. Ammo ushbu tropik meva ham shakarga boy mahsulot hisoblanadi. Bir stakan ananas bo‘laklari tarkibida 16 grammdan ortiq shakar mavjud.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan mevalar