14:18 / 19.09.2016
11 545

Kuchli jins zaifliklari yoki erkak kishiga ilmiy yondashuv

Kuchli jins zaifliklari yoki erkak kishiga ilmiy yondashuv

Erkaklar ayollarga qaraganda tezroq qarib, ularning umri davomiyligi esa kamayib bormoqda. Buni to‘g‘rilash mumkinmi?

60 yoshda aksariyat erkaklar organizmi o‘z biologik yoshiga nisbatan kattaroq bo‘ladi. Bunday tez qarish esa kuchli jins vakillarining o‘zini asramasligi, yomon odatlarga ruju qo‘yishi, sog‘lig‘i haqida qayg‘urmasligi tufayli yuzaga keladi. Ular ichishni, chekishni, yog‘li ovqatlar eb, keyin divanda oyoq uzatib yotishni yoqtirishadi. Sport bilan shug‘ullanib, loaqal ertalab uyi atrofida yuguradigan erkaklar esa barmoq bilan sanarlidir.

YoShGA DOIR XAVFLAR

Quloqqa g‘alati eshitilsa-da, erkaklarning sog‘lig‘ini saqlashiga ularni kuchli qilib ko‘rsatadigan testosteron gormoni xalaqit beradi. Aynan u erkakning psixologik o‘ziga xosligi va xatti-harakatiga ta’sir ko‘rsatadi. Sog‘liqqa oid shikoyatlarni erkaklar zaiflik belgisi sifatida qabul qilishadi. Shu bois faqat og‘ir betoblikkina ularni shifoxonaga etaklashi mumkin.

Ayni damda erkaklarga har qanday yoshda xavflar chang soladi. Bu haqda uning yonidagi ayollar – onasi, opa-singlisi, xotini, qizlari bilishlari kerak. Chunki ayollar tabiatida yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilish hissi mavjud. Oilali erkaklarning bo‘ydoqlarga nisbatan sog‘lomroq bo‘lib, uzoq umr ko‘rishi ham balki shundandir.


20 YoShDAN KEYIN

Bu yoshdagi yigit, hayot hali oldinda ekanligiga va sog‘liq ham tugamasligiga ishongani uchun ham, oxirini o‘ylamay, borini bebiliska sarf qilib yuboraveradi. Erkak hayotining ilk o‘n yilligida turli jarohatlar oladi, haddan ziyod ko‘p ishlab, yana kechqurunlari do‘stlari bilan o‘tirib, kam uxlaydi. Oqibatda u o‘z organizmining zaxirasini ishlatib yuboradi va bu bir kun kelib o‘z oqibatini ko‘rsatmay qo‘ymaydi.

QIRChILLAMA YoSh EMISh…

Qirqdan oshgan erkaklarda o‘rta yosh tanazzuli yuzaga keladi. Bu ruhiy tanglik holatini ba’zi erkaklar ichkilik yordamida engishga harakat qilishadi, tabiiyki, bu jigarga zarar etkazadi. Ko‘p eyish va keyin mizg‘ib olish odati esa ushbu a’zoni butkul ishdan chiqaradi: jigar atrofida yog‘ yig‘iladi, undan so‘ng metabolik sindrom paydo bo‘ladi. Mazkur sindrom esa 2-tip qandli diabetdan tortib, tomir buzilishlari, qon bosimi oshishi, erektil disfunksiya va uning oqibatida kelib chiqadigan ruhiy zo‘riqishgacha bo‘lgan bir dunyo kasalliklar boshlanishiga olib keladi. Qon bosimi kasalliklari yengil kechadi, shu bois ham erkaklar uni davolatishni lozim topishmaydi.

Shu bois ham 40 yoshli erkak albatta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim. Biroq bundan oldin unga o‘z sog‘lig‘iga befarqlik qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshilab tushuntirib berish zarur.

OLTMIShDAN OShGANLAR

Bu yoshda metabolik va tomirga oid xavflar yuzaga kelishi mumkin. Ayniqsa, shaharda yashovchi erkaklarda jismoniy va hissiy kuch etishmovchiligi kuzatiladi. Yurak og‘riq boshlaydi, qon bosimi o‘ynab, ba’zilar infarktni boshdan kechirishadi. Eng ko‘p uchraydigan xastaliklar – diabet, podagra, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari va prostata bezi adenomasidir. Va albatta ko‘p eyish, ichkilik ichish va kamharakatlik oqibatida jigarda yog‘ yig‘ilishi kuzatiladi.

Erkaklarning shifokorga borishdan ko‘ra noan’anaviy usullar bilan davolanishni ma’qul ko‘rishlari ishni yanayam chigallashtirib yuboradi. Natijada aksariyat erkaklar bu yoshda o‘tkir koronar sindrom yoki miokard infarktidan vafot etishadi.

TUZALISh YO‘LLARI

Erkak o‘ziga berilgan ma’lum bir genetik yoshga etishi uchun o‘zini o‘zgartirishi kerak. Buni uning bolaligidan, hali organizmida testosteron u qadar ko‘p bo‘lmagan paytdan boshlash kerak. Buni har kim bajara oladi. Talab etiladigani:


 Bir sutkada eyiladigan eguliklar quvvatdorligini 1700-2000 kaloriyagacha kamaytirish kerak.

 Yog‘lar iste’molini sutkasiga 10-20 grammga kamaytirish, ulardan yarim to‘yintirilgan lipidlar 10 grammdan oshmasligi lozim.

 Rafinadlashtirilgan, tez hazm bo‘ladigan, uglevodlarga boy eguliklarni kamroq iste’mol qilish kerak.

 Har kuni 500 grammdan kam bo‘lmagan miqdorda meva-sabzavot, o‘simlik kletchatkasiga boy mahsulotlarni eyish darkor.

 Iloji boricha ko‘p harakatlanish zarur.

 Ichkilikdan butkul voz kechish kerak.

 Statinlar, E vitamini, kalsiy preparati, polivitaminlar ichish lozim.

 Nutrisevtiklar, yarim to‘yintirilgan yog‘li omega-3 kislotasi va essensial fosfolitlarni iste’mol qilish kerak.

Yuqorida ko‘rsatilgan oxirgi preparatlar jigarning o‘zini qayta tiklashiga yordam beradi. Davolanish to‘liq va davomiy bo‘lishi, ya’ni kamida uch oy davom etishi lozim.

Uzoq umr ko‘rib, hamisha sog‘lom yurishni istagan erkaklar sport bilan oshno bo‘lishlari, albatta vaqtida shifokor huzuriga borib turishni o‘zlariga or bilmasliklari kerak.

ShABNAM tayyorladi.

Manba: Diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kuchli jins zaifliklari yoki erkak kishiga ilmiy yondashuv