Amsterdam shahrida o‘tkazilgan Yevropa nafas olish jamiyati (ERS) kongressida Buyuk Britaniyaning Lester universiteti olimlari havo ifloslanishidan himoyalanishning oddiy usuli haqida tadqiqot natijalarini taqdim etdi.
Mutaxassislar Buyuk Britaniya Biobankining 200 mingga yaqin ishtirokchilari ma’lumotlarini tahlil qilib, xulosaga kelishdi: agar inson kuniga kamida to‘rtta yoki undan ortiq xo‘l meva iste’mol qilsa, o‘pkalar havodagi zararli zarrachalar ta’siridan qisman himoyalanishi mumkin.
Tadqiqotda ayniqsa ayollarda bu ta’sir yaqqolroq namoyon bo‘lgani qayd etildi. Chunki ular meva iste’molini ko‘proq yo‘lga qo‘ygan. Erkaklar esa o‘rtacha hisobda kamroq mevalarni tanovvul qilgani bois himoya ta’siri unchalik kuchli kuzatilmagan.
Olimlar bu holatni mevalar tarkibidagi antioksidantlar va yallig‘lanishga qarshi moddalarning ko‘pligi bilan izohlashmoqda. Ularning fikricha, ushbu birikmalar havo ifloslanishidan kelib chiqadigan salbiy ta’sirni qisman kamaytiradi.
Shu bilan birga, olimlar ta’kidlashicha, sog‘lom ovqatlanish ekologik choralarning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Biroq meva va sabzavotlarga boy ratsion, ayniqsa katta shaharlarda yashovchilar uchun qo‘shimcha himoya vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, olimlar mango iste’moli haqida ham alohida to‘xtalib, ushbu meva har kuni tanovvul qilinsa, tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lishiga qaramasdan diabet xavfini pasaytirishi mumkinligini bildirishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!