Zamonaviy hayot sur’atida ko‘pchilik uchun smenali ish oddiy holatga aylandi. Kimdir kecha-kunduz mehnat qilib, oilasi uchun barqaror daromad topadi, yana kimdir noodatiy grafik evaziga vaqtni boshqacha taqsimlash imkoniyatiga ega. Bir qarashda bu qulay va samarali yechimdek ko‘rinadi. Biroq olimlarning oxirgi tadqiqotlari buning ortida jiddiy salomatlik xavflari yashiringanini ko‘rsatmoqda.
Sun Yatsen universiteti mutaxassislari Buyuk Britaniya Biobank loyihasida qatnashgan 220 mingdan ziyod kishi ma’lumotini o‘rganib chiqdi. Tekshiruv natijalari nufuzli Mayo Clinic Proceedings (MCP) jurnalida chop etildi. Ularga ko‘ra, tunda yoki noodatiy vaqtlarda ishlovchilarda buyrak-tosh kasalligi yuzaga kelish ehtimoli o‘rtacha 15 foizga yuqori ekan. Eng xavfli jihati — bu holat ayniqsa yoshlar va jismoniy faolligi past ish turlari bilan mashg‘ul bo‘lganlarda ko‘proq kuzatiladi.
Xavfning asosiy sabablari
Olimlar bu holatni bir nechta omil bilan bog‘lashmoqda. Avvalo, smenali ishchi ko‘pincha tez tayyor taom, sho‘r va yog‘li mahsulotlarni iste’mol qiladi. Bu esa siydikda minerallar ko‘payishiga va vaqt o‘tishi bilan ular toshga aylanishiga olib keladi.
Ikkinchi jiddiy sabab — yetarli suv ichmaslik. Organizm suyuqliksiz qolganda siydik quvurlarida tuzlar tezroq kristallanadi va buyraklar yuki yanada ortib boradi.
Shuningdek, jismoniy faollikning yetishmasligi va chekish odati ham vaziyatni og‘irlashtiradi. Harakatsiz turmush tarzi moddalar almashinuvini izdan chiqarib, buyraklar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eng katta muammo esa uyqu tartibining buzilishi. Tunda ishlash insonning biologik soatini almashtiradi, gormonal muvozanatni buzadi va natijada moddalar almashinuvida uzilishlar paydo bo‘ladi.
Qanday chora ko‘rish mumkin?
Mutaxassislar aytishicha, bu xavfni to‘liq yo‘qotish qiyin, ammo uni kamaytirish mumkin. Buning uchun:
yetarli miqdorda suv ichish,
tuz va yog‘li ovqatlarni cheklash,
har bir tanaffusda qisqa yurishlar qilish,
uyqu sifatini yaxshilash va chekishni tashlash muhim.
Olimlarning qiziq xulosasi
Tadqiqotning eng qiziq jihati — uzoq yillar davomida smenada ishlaganlarda tosh hosil bo‘lish xavfi biroz pastroq ekani. Bu «sog‘lom ishchi effekti» bilan izohlanadi: ya’ni og‘ir rejimga faqat sog‘lom insongina chiday oladi. Shu bilan birga, vaqt o‘tishi bilan organizm qisman tunda ishlashga moslashishi ham ehtimoldan xoli emas. Biroq bu jarayonning to‘liq mexanizmi hali o‘rganilmagan.
Xulosa
Smenali ishning salbiy ta’siri aniq va inkor etilmaydi. Biroq uning zararini yumshatish uchun ham ish beruvchilar, ham ishchilar qadam tashlashi shart. Korxonalarda sog‘lom ovqat burchaklari, sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari va muntazam tibbiy ko‘riklar yo‘lga qo‘yilishi zarur. Ishchilar esa o‘z navbatida suv ichish, vaznni me’yorda saqlash va faol hayot tarzini tanlashga e’tibor berishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar