
Yurak kasalliklari bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab o‘limning yetakchi sababi bo‘lib qolmoqda. Ammo so‘nggi yarim asr ichida bu borada sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Yaqinda AQSHda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotga ko‘ra, 25 yoshdan katta aholining yurak xurujidan o‘lish holatlari 90% ga kamaygan. Bu esa zamonaviy tibbiyotning yurak xastaliklarini aniqlash, davolash va oldini olishdagi yutuqlarini ko‘rsatadi.
Yurak xurujidan tirik qolish osonlashdi, ammo sog‘lom yashash esa hanuz muammo
Stanford universiteti olimlari olib borgan mazkur tadqiqotda aytilishicha, 1970 yillarda yurak xuruji yurak bilan bog‘liq o‘limlarning yarmidan ko‘pini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 29% atrofida. Bu natija yurak infarktini davolashda zamonaviy texnologiyalar, tez tibbiy yordam va profilaktikaning rolini ko‘rsatadi.
Ammo bu ijobiy yangilikning salbiy tomoni ham mavjud. Tadqiqotga ko‘ra, yurak yetishmovchiligi, yurak ritmidagi buzilishlar (masalan, aritmiya) va yuqori qon bosimi bilan bog‘liq yurak kasalliklaridan o‘lim holatlari keskin oshgan — umumiy hisobda 81% ga. Aritmiya holatlari bo‘yicha o‘limlar esa 450% ga ko‘tarilgan.
Yurak xurujidan omon qolgan odamlar ham ko‘pincha hayot sifatining pasayishi, doimiy dori qabul qilish, nafas qisishi va boshqa asoratlar bilan yuzlashmoqda.
“Yashash bir masala, sog‘lom yashash esa boshqa masala,” — deydi yurak salomatligi bo‘yicha mutaxassis doktor Endryu Friman.
Kasalliklar ortishiga nima sabab?
Tadqiqotchilar yurak kasalliklari bilan bog‘liq o‘limlarning ba’zilarining ortishini bir necha omillar bilan izohlaydi:
▪️Semirish: 1970 yilda semirish darajasi 15% bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 40% ga yetgan.
▪️Qandli diabet,
▪️Qon bosimi: Yuqori qon bosimi 1978 yildagi 30% dan, hozir 50% gacha oshgan.
▪️Jismoniy harakatsizlik, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress.
Ushbu omillar O‘zbekistonda ham dolzarb. So‘nggi yillarda yurtimizda ham semirish, diabet, gipertoniya holatlari ortib bormoqda. Ovqatlanishdagi muvozanatsizlik, jismoniy faoliyatning yetishmasligi va stress yurak salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Oldini olish — bolalikdan boshlanishi kerak
Stanford universiteti professori Lata Palaniappan shunday deydi:
“Yurak kasalliklari yo‘q bo‘lib ketgani yo‘q. Biz endi odamlarni yurak sog‘lig‘ini saqlab, uzoq va sifatli hayot kechirishga yo‘naltirishimiz kerak. Buning uchun profilaktika bolalikdan boshlanishi zarur.”
Bu fikr, ayniqsa, O‘zbekiston sharoitida dolzarb ahamiyatga ega. Sog‘lom ovqatlanish madaniyati, maktab yoshidan jismoniy faollik, tibbiy ko‘riklar yurak kasalliklarining oldini olishda muhim vositalardir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar