O‘zbekistonda noodatiy kelin salom: Messi tasviri oldida bajarildi (video)

O‘zbekistonda to‘y marosimlaridan birida noodatiy holat kuzatildi. Kelin qaynotasining iltimosiga binoan mashhur futbolchi Lionel Messi tasviri oldida kelin salom bajardi.
Ma’lum bo‘lishicha, kuyovning otasi — qaynota «Barselona» futbol klubining ashaddiy muxlisi hisoblanadi. U uyini klub bayroqlari bilan bezagan bo‘lib, devorga Lionel Messining bo‘yi bilan teng suratini ham o‘zining yoniga ilib qo‘ygan.
Shu sababli, kelin marosim davomida qaynotasining iltimosini inobatga olib, nafaqat oila a’zolari, balki Messi tasviri oldida ham hurmat bajo keltirgan. Bu holat to‘y mehmonlari uchun ham kutilmagan va qiziqarli lahzaga aylangan.
Mazkur jarayon videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqaldi. Foydalanuvchilar ushbu holatni turlicha baholab, ayrimlar buni kulgili va o‘ziga xos an’ana sifatida qabul qilgan bo‘lsa, boshqalar esa fikr-mulohazalarini bildirishmoqda.
Har holda, bu voqea o‘ziga xosligi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.