Gulxumorning kelin bo‘lganiga uch kundan oshib, to‘rtinchi kun boshlandi. Qizlar to‘rtta yaltir-yultur ko‘ylakka uchib, turmushga chiqib ketaveradi, degani rost ekan. Bo‘lmasa, orzulari osmon, Zebunnisodek shoira bo‘lishni istagan 18 yoshli qiz bugun obdasta ko‘tarib, hayajonlanib u yoqdan bu yoqqa chopib, ko‘ylaklarining zarini to‘kib, goh qo‘lini kuydirib, goh tekis yo‘lda qoqilib yurarmidi?
Hali uning hissiyotlari yangi, hali bu hayot yaxshimi yoki yomon, aniqlab olishga vaqti bo‘lgani yo‘q. Nimalar qilayotganini, kimga nima deyotganini tushunmayapti ham. Hamma uning chiroyli kelinchakligini aytadi, dasturxonidan shirinlik olib qaytadi. Gulxumor esa barchaga birdek kulib qarashga, ko‘nglini olishga harakat qiladi.
Kechki ovqat paytida o‘n besh jonga mos dasturxon tuzaldi, ularning har biriga uchtadan idish ketsa ham, ularni yuvish marosimi 45 daqiqaga cho‘ziladi. Ora-sira mehmonlarni kuzatish esa undan ham ko‘p vaqtni oladi. Oxiri tarvuz so‘yilgan laganni yuvib bo‘lgach, yengil tin oladi. Qaynota-qaynonasi tomon javdiraydi. Qaynota xorij telekanalidagi portlash oqibatida yakson bo‘layotgan shahar haqidagi jurnalistlarning ehtirosli gaplariga mahliyo. Qaynona esa katta kelinining bolasini tizzasiga o‘tkazib olganicha rasm chizdirish bilan band. Ular atayin emas, shunchaki yangi kelinchakni unutib qo‘ygandek, «Kelinposhsha, uyingizga kiraqoling», demaydi. Kelinchak ko‘zlari bilan soatni axtaradi. Kiyimini almashtirish bahonasida xonasiga kirib chiqsamikan? Yo‘q, negadir bunga jur’at etolmaydi. Onasining «Hadeb xonangga kirib olaverma!» degan nasihatiga amal qilishni burchi deb biladi. Oshxonadagi soat millari 22:00ni ko‘rsatadi. Ko‘cha eshigi jiringlaydi. Uyning an’anasiga muvofiq, qaynota borib eshikni ochadi. Ikki o‘g‘il kirib kelishadi. Qizaloq dadasiga quchog‘ini ochib yuguradi, mullakasi bolasini bag‘riga oladi. Ovsini ham uning qoshiga peshvoz chiqadi. Gulxumor oldinga yurishga iymanadi, yangi kuyov esa boshini xam qilganicha yog‘och so‘riga borib o‘tiradi. Kelinchak ularga yana boshidan choy, ovqat tayyorlaydi, yana tarvuz so‘yadi. Yana bo‘shagan idishlarni yig‘ishtirib oladi. Ovsini Gulxumorga yordamlashadi, ora-sira «bular (o‘zining turmush o‘rtog‘ini nazarda tutadi), ko‘k choy emas, achchiq pamil choy ichadilar, bular non emaydilar» kabi maslahatlar, tushuntirishlar berib turadi. Kelinchak «ha-a, ha-a» degancha yodda saqlashga harakat qiladi. O‘zining turmush o‘rtog‘i nimalarni yoqtiradi, unga qanday muomala qilish kerak — shularni so‘ragisi keladi-yu, uyaladi. Erkaklar va qaynonasining suhbati 23:30gacha cho‘ziladi. Ungacha kelinlar bir chekkada televizorga termulgancha o‘tiraverishadi. Uydan ovsinining bolasi tovush chiqargani uchun katta kelin yugurib kirib ketadi. Gulxumor yolg‘iz qoladi. Kuyovning nigohini axtaradi, turmush o‘rtog‘i uning bor-yo‘qligiga ahamiyat ham bermaydi. So‘ng hamma o‘z xonasiga tarqaladigan payt keladi. «Ming bor shukr», deydi ichida uch kunlik kelinchak. Avvaliga turmush o‘rtog‘i uyga kirib ketadi. U bir sidra yuvingan bo‘lib, so‘ng botinmaygina xobgohga kiradi. Turmush o‘rtog‘i kiyimlarini ham almashtirmasdan orqa o‘girgancha yotgan bo‘ladi. Gulxumor hozirgi qizlardan emas, u qadriyatlarni mahkam ushlagan. Turmush o‘rtog‘i bilan hatto yuzma-yuz qolganda ham ismini aytib chaqirmaydi. «Assalomu alaykum», deydi titrab, g‘o‘ldirab... U tomondan javob bo‘lmaydi. «Charchamadingizmi?» deydi yutinib. Yana javob bo‘lmaydi. Kelinchak «Nahotki besh daqiqa ichida uxlab qoldi?» deb o‘ylaydi ichida. Tilla taqinchoqlarini echadi, kiyimlarini almashtiradi. Karavotga omonat cho‘ziladi. Hozirgina uyqusi kelayotgandi, endi esa xuddi ikkinchi nafasi ochilgandek, o‘zini toliqmagandek his qiladi, lekin ruhiyatidagi tushkunlik vujudidagi yengillikni bosib ketadi. «To‘yga rozi bo‘lmaslik kerak edi, Toshkentga ketish kerak edi, o‘qishga topshirish kerak edi!!!» Gulxumor allamahalgacha o‘zi bilan o‘zi olishib yotadi. «Hali ham kech emas!!!» degan qarorga kelgan vaqtda uyqu uning ichidagi g‘alayonni enggadi...
Soat tonggi to‘rt. To‘rt kecha-yu to‘rt kunduz o‘tdi. Gulxumorning kelin bo‘lganiga to‘rt kundan oshib, beshinchi kun boshlandi. Qo‘shnining ko‘chasini ham supurayotgan mahalda, oq ipni qora ipdan ajratishning imkoni bo‘lmagan tong qorong‘usida o‘ziga o‘zi savol beradi: «Farhod Moniydan naqqoshlikni, Boniydan sangtaroshlikni o‘rganganmidi yoki Qorandanmi?» «Farhod va Shirin»ni Navoiy nechanchi yil yozgan edi?» Nahotki, bir yillik mehnati, yod olganlari, o‘qiganlari shunchalik tez esidan chiqib ketdi? Agar imtihon kuniga ruxsat ololsa, natijalari yomon chiqsa, hamma ustidan kulmaydimi? Yaxshilab o‘qimaganiga, endi hech qachon o‘qiy olmasligiga achinib, o‘zini o‘zi koyiydi.
Kun yana takrorlandi. Ikki mahal ovqat, kelganlarni kutib olib, ketganlarni kuzatib qo‘yish bilan kech tushdi. Darvoqe, bitta yangilik: kuyovning katta ammasi ertaga uyida yangi kelin uchun chaqiriq qilar ekan. O‘sha yoqqa mehmonga boriladigan bo‘ldi, Gulxumorga biror patnis to‘ldiradigan pishiriq tayyorlash vazifasi topshirildi. Rosti, har doim o‘ng qo‘lini o‘ynatib tayyorlaydigan tvorogli pishirig‘i pishib, ustiga qand upasi sepgunga qadar hayajonlanib, «Yaxshi chiqsin, shishib pishsin», deb necha martalar duo qildi bir o‘ziga, bir Xudoga ayon. Turmush o‘rtog‘i va mulla akasi kirib keldi. Tabiatan quvnoq aka «O-ho, oshxonadan nimaning shirin hidi chiqayapti, qani olib keling-chi, kelinposhsha!» dedi. Gulxumor taraddudlanib qoldi. Qaynonasi «Olib kelavering, ertaga boshqatdan pishirarsiz», dedi jilmayib. Gulxumorning mustaqil tayyorlagan birinchi pishirig‘i sinovdan o‘tdi, hamma maqtab edi, turmush o‘rtog‘idan sado chiqmadi, unga berilgan bo‘lakni og‘ziga ham olmadi. Gulxumor kuyovini kuzatdi. U oilaning boshqa a’zolari bilan gaplashadi, hatto kuladi, hazillashadi, jiyanini erkalaydi. Lekin o‘z kelinchagiga nisbatan umuman bee’tibor. «Shaharda 6 yil o‘qigan, ishlagan, yashagan yigit meni o‘ziga munosib ko‘rmaydi-da. Balki kimnidir qattiq sevgan. Men unga kulgili qiz bo‘lib ko‘rinsam kerak. Shuning uchun mulla akam bilan birga do‘konga ketib, unga qarashganini bahona qilib, kech qaytadi. Yuzimga tuzukroq qaramay, uylangan, menga ters o‘girilib yotadigan, hatto yangalarni ham aldagan kuyovning asl maqsadi nima? Nima qilay? Hech kimga aytmay to‘g‘ri qilayapmanmi?» Gulxumor shular haqida to yana xobgohga kirishga ruxsat bo‘lguncha o‘ylayverdi, o‘ylayverdi... Tushlikda dam ololmagani, erta turib, kech yotayotgani hammasi bir bo‘lib, charchoqqa aylandi-yu butun vujudini iskanjaga oldi. Biroq yana kechagi holat takrorlandi. Xonasiga kiriboq o‘zida yangi tug‘ilgan kuchni sezdi. Yana uxlab qolgan, ehtimol o‘zini uxlaganga solgan kuyovining ro‘parasiga borib uzoq termulib o‘tirdi. Piq-piq yig‘lay boshladi. «Uyg‘onar, e’tibor qaratar» degan maqsadi ham bor edi bu xo‘rlik yig‘isining. Lekin yigit «uyg‘onmadi».
Gulxumor shkafiga yashirib qo‘ygan kundaligini oldi. O‘sha har doim dilida saqlagani, yod olgan gaplarini takrorlab yoza boshladi: «Cevgi ham hurmat, ham qat’iy ishonch, ham tan harorati, ham dil otashi, ham yurak tepkisi, ham ko‘zlar yolqini, vujudni parchalovchi kuchli bir intilish, sadoqat-la tillashish, o‘zingni kimgadir ega va yana o‘sha kimgadir tobe’ kabi his qilish, asov otdek bo‘ysunmas MENni nazokat-la tutqazish, uning xayoli va uning hayoti bilan yashamoq va o‘zni har qachongidan baxtli his qilmoq...
Men shunday muhabbatni umid qilgandim, bilmayman, o‘qish haqidagi orzum sob bo‘layozdi, endi baxt ham tutqich bermasligi rostga o‘xshab qoldi»
Toshoynaning oldida shularni yozib turib uxlab qoldi...
Soat to‘rt bo‘lganida soat bong urdi, kelinchak seskanib uyg‘onib ketdi. Boshini ko‘tarishga zarra ham madori yo‘q, lekin amallab turdi. Karavotning narigi tomoniga istamaygina qaradi. Turmush o‘rtog‘i yo‘q! Apil-tapil kiyindi, hovliga chiqdi, yuvindi. Supurgi, hokandozini olib ko‘chaga chiqdi. Ajabo, turmush o‘rtog‘i katta supurgini olib, qo‘shnining darvozaxonasini ham tozalab yuribdi. Ko‘zlariga ishonmadi, boshqa birovmikan deb ikkilandi hatto. «Hoy» deb ovoz berib ko‘rdi qorong‘uda. «Men o‘zimman» dedi turmush o‘rtog‘i ham g‘udranib.
— Assalomu alaykum, — dedi qo‘rqibgina Gulxumor.
— Yaxshi dam oldingizmi? — ovozi dadillashdi kuyov bolaning.
— Rahmat, o‘zingiz-chi? — shivirlagandek tuyuldi kelinchak.
— Siz she’r yozasizmi?
— Oz-moz…
— Bu yil filologiyaga topshirmoqchimidingiz? — kuyov kelinchak tomon ikki qadam tashladi.
— Ha... — Gulxumor kundalikda shu kungacha nimalar yozganini eslashga urindi, kuyov barini o‘qib chiqqaniga hech shubha yo‘q edi-da…
— Hujjat qabul qilish yana ikki kundan keyin to‘xtaydi. Bugun tushdan so‘ng Toshkentga ketamiz. Hujjatlaringiz tayyormidi?
— Yo‘q, to‘y bir oyning ichida bo‘lib ketdi, ulgurolmadim...
Tushdan keyin kuyov mashinaning boshqarib, kelinchak orqa o‘rindiqda Toshkent tomon yo‘l olishdi.
Gulxumor kelin bo‘lganiga 40 kun bo‘lganida talaba ham bo‘ldi. Ta’tili tugashi bilan Toshkentga jo‘nab qolishni ko‘zlagan, bir turmush ko‘rib, so‘ng ajrashgan hamkasbiga ko‘ngil qo‘ygan kuyovto‘raning rejalari o‘zgarib ketdi. Ish joyini o‘zgartirdi, shaharda ham do‘koncha ochdi, axir u endi talaba va ijodkor rafiqasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni burchi deb bilardi. Gulxumorni o‘zi bilan olib ketdi va hech qachon ajralmadi. Bugun Gulxumor yosh ijodkor qizlarga beriladigan davlat mukofoti sohibasi, ikki bolaning onasi, qator kitoblarning muallifi, turmush o‘rtog‘ining sevimli yori...
Aziza QURBONOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Jigar uchun eng foydali bo‘lgan 9 ta mahsulot
Medvedev: "Tramp Ukraina mojarosiga barham berishi mumkin"
Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi