23:41 / 27.03.2017
7 063

Tabiatning shoh asari: "Qo‘sh ustunli ayvon"

Tabiatning shoh asari: "Qo‘sh ustunli ayvon"
Ajdodlarimiz oilaga ana shunday ta’rif berishgan. Chunonchi, insoniyat­ taraqqiyoti davomida u eng muhim ijtimoiy hodisa, chinakam qadriyatga aylangan.

Bizga hech erda oilamizdagichalik intiq bo‘lishmaydi. Hech bir makonda o‘zimizni oila davrasidagiday xotirjam, xushvaqt sezmaymiz. Yutuqlarimizdan eng ko‘p sevinib, g‘ururlanadiganlar ham, avvalo, yaqinlarimiz – ota-onamiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimizdir. Yo‘ldan toysak – yo‘llaydigan, qiynalsak – ko‘makka shoshilib, qo‘llaydiganlar ham shular.

Oila — muqaddas dargoh. Birgina shu muqaddas so‘zining oilaga nisbatan ishlatilishida chuqur ma’no va mohiyat mujassam. Zotan, millatning ertangi kuniga dastlab oilada poydevor qo‘yiladi, unda hayotning davomiyligini ta’minlovchi avlod shakllanadi, milliy madaniyat, urf-odatlar, axloqiy-ma’naviy qadriyatlar asrab-avaylanadi, jamiyat taraqqiyotining iqtisodiy farovonlik va madaniy yuksalishlariga asos solinadi, mustahkamlanadi.

Insonga xos bo‘lgan chinakam hayotni, farovon va baxtli turmush sharoitini mana shu amallarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, albatta. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatida inson va uning manfaatlari ustuvor ekan, biz ko‘zlagan maqsadlarga erishishda hayotimizning tayanchi va suyanchiga aylangan oilaning o‘rni benihoya kattadir.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladiki: “sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir”.

Oila insonning dunyoviy saodatini ta’minlovchi qo‘rg‘ondir. Oilada erkak kishining mas’uliyati alohida qayd etilgan.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir”, degan.

Erning o‘z xotini oldida ham ijtimoiy ham jismoniy, ham moliyaviy burchi mavjud. Alloh taolo marhamat qiladiki:

“…Ular bilan totuv turmush kechiringiz…”.

Darhaqiqat, Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.): “Sizlarning ichingizdagi yaxshi erkak o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganidir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman”.

Albatta, har to‘kisda bir ayb deganlaridek, inson zoti aybu nuqsondan xoli emas. Shunday ekan, erkaklar o‘z ayollarining ayblarini berkitib, oilaning bardavom bo‘lishligini ko‘zda tutgan holda ularga pandu nasihat qilib turishlik buyuriladi.

Payg‘ambarmiz (s.a.v.) marhamat qiladilar.

“Hech bir mo‘min hech qaysi mo‘mina ayolini yomon ko‘rmasin. Agar uning xulq atvoridan birini yoqtirmasa, boshqa xulqini yoqtirishi mumkin”.

Ma’lumki, mamlakatimizda ayollarni huquqi to‘la to‘kis himoya qilinadi. Chekka-chekka qishloqlarimizda ham ayollarni sog‘lig‘ini tiklash, shifoxonalarni tashkil qilingani, barcha ijtimoiy siyosiy sohalarda ularning faol qatnashib kelayotgani buning yorqin misolidir. Ayollardan katta va kichik rahbarlar, tadbirkorlar, siyosat arboblari, fan doktorlari va hatto O‘zbekiston qahramonlari mavjudligi dilimizni quvontiradi, albatta.

Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ba’zi bir oila boshliqlari ayni shu masalada o‘z vazifalarini unutib qo‘ymoqdalar. Hatto ba’zilari oriyatsizlik bilan o‘z jufti halollarini ayollar sha’niga mos kelmaydigan yo‘llar bilan pul topib kelish uchun ko‘cha-ko‘yga chiqarib, hatto mardikorchilik qilishga ham majbur qilayotganliklari ham sezilmoqda. Bunday xolatlarni paydo bo‘lishi achinarli holdir.

Rasululloh (s.a.v.) Hajjatul Vado’ xutbasda erkaklarga murojaat qilib shunday dedilar: “Ayollar haqida Allohdan qo‘rqinglar, darhaqiqat, ular sizning yordamchilaringiz bo‘lib, sizlarning ulardagi haqqingiz shundan iboratki, sizning uyingizga siz yoqtirmagan birorta kimsa bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik. Bordi-yu, shunday qilsalar ularni jarohat etkazmaydigan qilib urishib qo‘yingiz! O‘z navbatida sizlar ham ularni yaxshilik bilan edirib, kiydiringiz”.

Farzandlarni odatda onalar emizib tarbiya qiladilar. Moddiy ta’minot bo‘yicha ayol eridan uning toqati etmaydigan narsalarni talab qilish mumkin emas. Ulamolarimiz aytadilarki, erining topganiga qanoat qilmasdan, undan yanada ko‘proq narsalar talab qilgan ayollar gunohkor bo‘ladilar.

Jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oilani mustahkamlash, yurtimizdagi ma’naviy o‘zgarishlar asosida rivojlantirish, nufuzini oshirishga doir rejalashtirilgan dasturlarni bajarishda jamiyatning barcha institutlari, ayniqsa, o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar ham o‘z imkoniyatlaridan keng foydalangan holda faol ishtirok etmoqda.

Oila farovonligi mahallada ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlashda va jamiyat taraqqiyotida muhim omil hisoblanadi. Qolaversa, ming yillar davomida mahallalarda o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, kam ta’minlangan, ehtiyojmand kishilar holidan xabar olish, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham elkadosh bo‘lishdek xalqimizga xos urf-odat va an’analar shakllangan va rivojlangan. Bir so‘z bilan aytganda, mahalla oilaning asosiy tayanchi va suyanchi bo‘lib kelgan.

Mustaqillik tufayli xalqimizning bu an’analari yana hayotga qaytdi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi – mahalla institutini huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish, mavqeini mustahkamlash, nufuzini oshirish uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratildi. Natijada fuqarolar yig‘inlari qoshida oilalar ahvoli bilan yaqindan tanish, ularga o‘z vaqtida moddiy-ma’naviy ko‘mak bera oluvchi, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy farovon turmushi, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi o‘ziga xos demokratik darsxona shakllandi.

Inson tabiatidagi eng yaxshi fazilatlar, dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezonlar avvalo oila, mahalla, qolaversa, maktab bag‘rida kurtak yozadi. Har bir bolaning ertaga qanday inson bo‘lib voyaga etishi, iqtidorining shakllanishi mana shu uch muhim bo‘g‘in hamkorligi va ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq. Barchamizga yaxshi ma’lum, ta’limni tarbiyadan, tarbiyani ta’limdan ayro holda tasavvur qilish mumkin emas. Ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yosh avlodning har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib voyaga etishida nafaqat ota-ona yoki o‘qituvchi, balki qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y ham birdek javobgar.

Oiladagi uncha-muncha katta-kichik gaplar, ba’zi kechirsa bo‘ladigan xatolarga ko‘p xam e’tibor bermaslik, undan ulkan ish yasamaslik lozimdir. Shunda, inshoalloh, farzandlarimiz odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, iymon-e’tiqodli bo‘lib tarbiyalanadilar. Yoshlarimizning har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ma’naviyat qo‘rg‘oni bo‘lmish oilani mustahkamlash barchamizning burchimizdir.

Xullas, oila boshliqlari, ya’ni ota-onalar namunali, ahil oila qursalar, farzandlarning tarbiyasi ham oson bo‘ladi. Binobarin, oilaning muqaddas dargoh ekanini hech qachon unutmaslik lozim.


Manba: nasihat.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tabiatning shoh asari: "Qo‘sh ustunli ayvon"