Superliga 24-turidan o‘rin olgan OKMK - "Qo‘qon-1912" (0:1) uchrashuvidan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi va uchrashuv haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Qosimovning aytishicha, jamoa g‘alaba qozonishni juda xohlagan, ammo uchrashuvning boshidagi xato ularga qimmatga tushdi.
"Har bir futbolchi jamoasiga g‘alaba olib kelmoqchi bo‘ladi, lekin birinchi bo‘limdagi xato bizga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Jamoa harakat qildi, ammo gol ura olmadik. "Qo‘qon-1912"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun biz ko‘p xatolarni amalga oshirdik va ularning barchasini tahlil qilishimiz kerak. Hozir jamoaga kichik ta’til beradigan bo‘lsak, keyin yana mashg‘ulotlarga qaytamiz. Oldinda katta sinovlar bor, jamoamiz jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerak", — dedi Mirjalol Qosimov.
Undan tashqari, "OKMK"ning oxirgi ikki turda kutilmagan mag‘lubiyatga uchrashiga ham u o‘z fikrini bildirdi. "Futbolda shunday bo‘ladi, biz hamisha eng yaxshi natija uchun harakat qilamiz. "Andijon" bilan o‘tgan o‘yinda, birinchi bo‘limda to‘p o‘tkazgan bo‘lsakda, ikkinchi taymda barcha ustunliklarimizga qaramay gol ura olmadik. Shuningdek, "Qo‘qon-1912" bilan ham shunday bo‘ldi. Maydonimizning holati ham juda achinarli, bu bizga muammo bo‘lib turmbdi", — dedi u.
Shuningdek, Qosimov Abror Karimovning "Qo‘qon-1912" safidagi o‘yiniga ham to‘xtaldi. "Abror Karimov bizning klubga tegishli. Ijaraga berilgan futbolchimizning yangi imkoniyatlarga ega bo‘lishga urinishi va o‘yin amaliyotini topishga harakat qilishini tushunish mumkin. Abror har doim bizning jamoamizga kerak bo‘lgan futbolchi va kelajakda uning OKMKga qo‘shgan hissasi katta bo‘ladi", — deb qo‘shimcha qildi bosh murabbiy.
Qosimov "OKMK" darvozabonlaridagi ko‘p xatolar va buning sabablari haqida ham gapirdi. "Ha, bu yil darvozabonlarimiz tomonidan katta xatolar va ularning ko‘pligi kuzatildi. Biz ularni almashtirishga ham harakat qildik. Chempionatimizda oson o‘yinlar bo‘lmaydi, har bir bahs juda katta raqobat bilan o‘tadi, bu esa ularning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsa-da, biz faoliyatimizni davom ettiramiz va xatolardan o‘rganishga harakat qilamiz", — deb o‘z fikrlarini bayon etdi.
Mirjalol Qosimovning fikrlariga qaraganda, jamoa yanada kuchliroq bo‘lishi uchun har bir futbolchi xatolardan o‘rganib, yaxshi natijalarga erishish va muxlislar uchun xursandchilik olib kelishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!