Odamlar nega shunaqa ekan? Birovning taqdirini hal qilishga o‘zlarini haqliman, deb o‘ylashadi. Sizga tilayotgan yaxshiliklari ko‘nglingizga og‘ir botishini xayollariga ham keltirishmaydi. Bu so‘zlarni tilimga ko‘chirmadim. Hamkasbim Malika opaning gaplaridan shunchalik esimni yo‘qotgandimki, nimadir deyishga ojiz qolgandim.
Ish joyimga qaytsam, abiturientlar qatorlashib turishardi.
Keldingizmi? Bu ishni ham eplaganga chiqargan ekan, Yulduz. Yarim soatda atigi bitta abiturientning hujjatini qabul qildim, — meni dekan xonasiga chaqirgani uchun o‘rnimda ishlab turishga qolgan hamkasbim o‘rnidan turdi. — Aytgancha, nima gap ekan o‘zi? — dedi u tund qiyofamdan noxushlikning hidini sezgandek.
Ey, arzimagan gap uchun ovora qilishibdi bizni, — dedim xushlamaygina.
Shu abiturientlarga ham hayronsan kishi, oxirgi kunga taqab hujjat topshirish shartmi? — Lola menga achingan kishi bo‘lib so‘zlashda davom etdi.
Bular ham o‘zimga o‘xshaydi-da, yaxshiroq variant chiqib qolar, deb yuraverishadi, — deya jilmaydim. Hazil qilmasam, Lola o‘zi bilmagan holda alamimga yog‘ purkashda davom etardi.
Hazillaringiz bor bo‘lsin, Yulduz, — deya u fakultet binosi tomon ketdi.
Har yili qabul komissiyasida ishlayman. Istasam-istamasam, bu ishni shundoq bo‘ynimga yuklab qo‘ya qolishadi.
Yulduzning qachon ishga borib kelishini hisob-kitob qiladigan eri bo‘lmasa!
Yozi bilan bizga o‘xshab yuzlab banka yopmasa!
Uyda yig‘lab qoladigan bolasi yo‘q, Yulduz ishlasin!
Bu iddaolar ba’zida oshkora, ba’zida orqavarotdan aytiladi. Aybim — oilam yo‘qligi sanalib, nimaki ishdan keyin qilinadigan yumush bo‘lsa, ko‘ngilli askardek men bajarishim kerak.
Yo‘q, hamkasblarimdan nolimayman. Ular doim men haqimda qayg‘urishadi, ayniqsa, baxtim ochilishini o‘zimdan-da ortiq istashadi. Hali biri sovchilarni etaklab kelgan, hali boshqasi meni kimgadir tavsiya qilgan.
Bugun esa ularning jonbozligidan ko‘nglim og‘ridi. Dekanimiz xonasida ko‘rgan kishimning ne sabab men bilan uchrashayotganini avvaliga tushunmadim. Uning sovchi emas, aynan kuyovlikka nomzodligini eshitib esa nafasim bo‘g‘ilib ketdi.
Ko‘rdingizmi? — Malika opa dekan xonasidan chiqishimni poylab turgan shekilli, ko‘zi tushishi bilan savol berdi.
Ha deyishga ham hafsala qilmay boshimni qimirlatdim.
Xo‘sh, qanaqa? — Malika opa qo‘limdan tortib o‘z xonasiga boshladi. Noiloj ergashdim.
Yoshlari katta ekan, — tilimga kelgan birinchi so‘z shu bo‘ldi.
Voy, nima bo‘libdi? Endi oltmishdan oshgan.
Menga to‘g‘ri kelmaydi, ko‘rinishlari ham, yoshlari ham, oilaviy ahvollari ham, — deya o‘rnimdan turishga shaylandim.
Yulduz, siz ham o‘ttiz oltiga kirib qo‘ydingiz. Endi bu yog‘iga yosh yigitlarning og‘iz solishi amrimahol. O‘zi asli ziyoli insonligini, qolaversa, siz uchun barcha sharoitlarni yaratishini o‘ylab uchrashtirgandik. Dekanimiz bilan birga o‘qishgan ekan, ilmni ham tushunadi, ertaga fan nomzodligi qilishingiz ham oson ko‘chadi, — suhbatdoshim barcha sovchilar kabi «kuyov»ning ta’rifini keltira boshladi.
Axir ayollari... — dedim-u gapimni davom ettira olmay qoldim.
Xotini bir omi ayol ekan, shundoq erning qadriga etmapti. Necha yilki, birga yashashmas ekan. Bolalar o‘rtada sarson bo‘lib ketgach, bu kishi uylanmoqchi bo‘layaptilar. Axir issiq-sovug‘iga qaraydigan bir ayol kerak. Siz rozi bo‘lsangiz, xotini bilan qonunan ajrashar ham, — dedi opa oxirgi aytganlariga o‘zi ham ishonmay.
Malika opa hozir ko‘nglimdan kechayotgan tuyg‘ularni tushunmasligini o‘ylab, «Qabulga borishim kerak», deya shoshib xonadan chiqib ketdim.
Nima ham derdim? Mening ham o‘z orzularim borligini aytaymi? Yillar davomida umid bilan baxt kutganimnimi? Hamon o‘z tengimni uchratishimga ich-ichimdan ishonishimnimi?
Bir xayolim ortimga qaytib, bo‘g‘zimni kuydirayotgan alamli so‘zlarni to‘kib solmoqchi bo‘ldim. Lekin yoshi katta ayol, qolaversa, meni o‘ziga yaqin olganidan bu ishga qo‘l urganini o‘ylab, yana shaytonga hay berdim. Bugun esa aynan shu ayoldan juda minnatdorman. Axir uning eslatmasi sabab hayotimda muhim qaror qabul qilish payti kelganini anglab etdim.
Hujjatlaringiz? — qarshimda ko‘zlari javdirab turadigan, «Hujjatlaringiz joyida» degan so‘zni xuddi «O‘qishga qabul qilindingiz?» deya eshitguvchi abiturentlardan ko‘rinishi ham, nigohlari ham farq qiluvchi yigitga yuzlandim.
Mana, — yigit stolimga bejirim o‘ramli shokoladni qo‘ydi. Pora degan xayolga bordim.
Men hujjatlaringizni so‘radim, — deya qat’iy gapirdim.
Hujjatlarim yo‘q.
«Dovdirab yurgani uchun ham o‘qishga kirolmagandir-da shu paytgacha» degan fikr o‘tdi xayolimdan.
Unda nima qilayapsiz bu erda?
Yigit jim. Ko‘zlarini olib qochgani-ku hayron qolarli.
Bugun qabulning oxirgi kuni. Agar u-bu joyda unutib qoldirgan bo‘lsangiz, tezroq harakatingizni qiling, — dedim-da, shokoladni o‘zi tomon surdim.
U esa lom-lim demasdan o‘rnidan turib ketdi. Negadir, kayfiyatim ko‘tarildi. Shu bilan kechgacha abiturientlar bilan ovora bo‘lib institutda qolib ketdim. Qanchalik ishga ko‘milmay, Malika opaning so‘zlari hech tinchlik bermasdi. O‘zimni hamma narsani, eng muhimi, yoshligini yo‘qotgan insondek his qildim. Shu kungacha ko‘p nomzodlar bilan uchrashdim. To‘g‘ri, ular orasida ajrashganlar, oilasidan kuyganlar, ayolini manguga yo‘qotganlar bor edi. Lekin hech bir nomzod bugungidek dilimga og‘ir botmagandi. Tag‘in hamkasbimning endi sizga yigitlar og‘iz solmaydi, chiqqan cholga rozi bo‘lavering, degan ma’nodagi gaplari haqiqatga o‘xshab tuyulardi.
Og‘ir qadamlar tashlagancha institut binosidan chiqarkanman, kutilmaganda yonimda paydo bo‘lgan yigitni ko‘rib hushim boshimdan uchdi.
Voy, qabul tugadi-ku! — dedim qo‘rquv aralash hayajon bilan.
Bilaman, — u meni battar hayratga solib tabassum qildi.
Axir endi o‘qishga topshira olmaysiz! — o‘z tashvishimni unutish uchun ham uning muammosiga kuyina boshladim, shekilli.
O‘qishga topshirishim shartmas... — shunday deya yigit qo‘lidagi guldastani menga uzatdi.
Harholda bu erda menga guldasta berish uchun yurmagandirsiz? — endi achchig‘im keldi.
Albatta, shuning uchun. Chiqishingizni poylab turgandim-da.
Kimsiz o‘zi?
Yigit xotirjam o‘zini tanishtirdi. Ismi Sherzod ekan. Yana bir hamkasbim — Zilola uning onasiga meni tavsiya qilibdi. Bu gapdan keyin yuzimga qizillik yugurdi. «Mendan necha yosh kichik ekan?» degan savol esa o‘ylantirib qo‘ydi.
Yoshim o‘ttiz ettida, — dedi u xayolimni o‘qigandek.
***
Yaxshilab surishtirish kerak. Nega shu paytgacha uylanmagan ekan, — sovchilar kelishini eshitib hovliqib qolgan xolam Sherzodning tumanida ishlovchi tanishlarini eslay boshladi.
Aytdim-ku, boshqa millat vakili bo‘lgan qizni yaxshi ko‘rgan ekan. Onasi olib bermagach, boshqasiga uylanmayman, deb o‘jarlik qilib yuraveribdi. U qiz «Qonuniy oila qurmasak, meni tinch qo‘ying», deb ikki yil oldin o‘z millatdoshiga turmushga chiqib ketibdi. Hozir bolasi ham bormish.
Voy, soddaligingni, balkim aldayotgandir. U bilan ham ajrashmagandir. Senga onasining xizmatini qilishing uchun uylanmoqchidir, — xolam siz ham bir nima deng degandek oyimga imo qildi.
Qani, ota-onasi kelsin-chi, bafurja gaplashib olamiz, — oyim doimgidek bosiqliq bilan so‘zladi.
Men esa Sherzodga ishondim. Axir, doim kulib turuvchi qora ko‘zlari aldashga qodirmas. Qolaversa, hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin-ku! Gohida biz sevgi deb o‘ylaganimiz shunchaki havas bo‘lishi, vaqti kelganida buni tushunib etishimiz hech gapmas. Haqiqiy muhabbat esa, baribir, bir kun qalbimizga tashrif buyuradi. Men muhabbatning, baxtning kechikkani bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Shunchaki, hamma narsaning o‘z vaqti-soati bor.
Sherzodning ota-onasi uyimdagilarga ma’qul kelishgach, yoshlar nimani istashsa, shu degan xulosaga kelishdi. Shu bilan to‘y harakatlari boshlanib ketdi. Men katta nikoh oqshomidan umid qilmayotgandim. Shunchaki, kichik davrada baxt kunimizni nishonlaymiz, oppoq kelinlik libosini ham shu yoshimda kiymasman, degan o‘yda edim.
— Nima uchun? Sizning ham, mening ham birinchi turmushimiz bo‘lsa, albatta, chiroyli qilib nishonlashimiz shart! Buning ustiga, ikkimiz ham juda yosh ko‘rinamiz, — dedi Sherzod bu fikrimni eshitib.
Bu insoning menga yoqqan tomoni ham shu, doim kayfiyatimni ko‘tarishga harakat qiladi, odamni umidlantiradi, hamma narsaning yaxshi tomonini ko‘radi.
To‘y kuni esa nafaqat men, mehmonlar ham ko‘zlariga ishonishmadi. Dabdabali emas, shunday chiroyli oqshom bo‘ldiki, uzoq payt hamkasblarim «Hali bunday fayzli to‘yni ko‘rmagandik», deya eslab yurishdi.
Men esa shunchalik yuksak baxtga musharraf bo‘lishimni tushimda ham ko‘rmagandim. Faqat meni tushunadigan, ardoqlaydigan, sevadigan insonga albatta, taqdir ro‘para qilishiga doim ich-ichimdan ishongandim.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin