Angliyaning Liverpul shahrida o‘tkazilayotgan kattalar o‘rtasidagi 2025 yilgi jahon chempionati qizg‘in pallaga kirdi. 9-sentyabr kuni milliy terma jamoamiz sharafini himoya qilayotgan 9 nafar charmqo‘lqop ustasi ringga ko‘tarildi va ularning barchasi o‘z raqiblarini mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, O‘zbekiston boks jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi uzilmasdan davom etmoqda.
1/8 final
— Kunning dastlabki bahsi -51 kg vaznda bo‘lib o‘tdi. Unda Feruza Kazakova braziliyalik Karoline De Almeydani ustunlik bilan ortda qoldirdi va hakamlarning bir ovozdan qaroriga ko‘ra chorakfinalga yo‘l oldi.
— Shundan so‘ng, -60 kg toifasida ringga chiqqan samarqandlik Sitora Turdibekova italiyalik Rebekka Nikoliga hech qanday imkon bermadi va 5:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.
— -55 kg vaznda Mirazizbek Mirzahalilov eronlik Mehdi Kozimiyga qarshi jangda qiyinchiliksiz ustunlikka erishdi. Uning g‘alabasi milliy terma jamoa oldidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirdi.
— -80 kgdagi Javohir Ummataliyev janubiy koreyalik Kim Min Seongga qarshi bahsda ringda mutlaq ustunlik namoyon qildi va 5:0 hisobida raqibidan ustun keldi. Endi u chorakfinalda qozog‘istonlik Nurbek Oralbayga qarshi jang qiladi.
— Ayollar o‘rtasida -48 kg vazn toifasida Sabina Boboqulova ham o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, polshalik Angelika Kristoforskani yirik hisobda mag‘lub etdi va navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.
— -50 kg vazn toifasida Shodiyorjon Meliqo‘ziyev avstraliyalik Omer Izazni mutlaq ustunlik bilan ortda qoldirdi. Jang davomida u raqibini nokdaunga ham tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
— Olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev -65 kg vaznda finlyandiyalik Ismoil Umarga qarshi jangda maydon egasi sifatida o‘z kuchini ko‘rsatdi va 5:0 hisobida ustunlikka erishdi. Endi u chorakfinalda qozog‘istonlik Yertug‘an Zeynulinov bilan ringga chiqadi.
— -85 kg vazn toifasida Akmaljon Isroilov ham avstraliyalik Lachlan Lavsonga imkoniyat qoldirmay, 5:0 hisobida chorakfinalga chiqdi.
1/4 final
— Kunning muhim bahslaridan biri -70 kg vazn toifasidagi chorakfinal bo‘ldi. Unda Aziza Zokirova germaniyalik Leoniye Myullerni mag‘lubiyatga uchratib, yarimfinalga yo‘l oldi va shu tariqa medalni oldindan naqd qildi.
Shu tariqa, 9 sentyabr kuni ringga chiqqan barcha 9 nafar o‘zbekistonlik bokschi g‘alaba qozondi. Milliy terma jamoamiz jahon chempionatida hanuzgacha birorta mag‘lubiyatsiz ishtirok etib, o‘z muxlislarini quvontirayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!