AQSHdagi tibbiyot mutaxassislari olib borgan so‘nggi izlanishlarda aniqlanishicha, hojatxonada smartfondan foydalanib, uzoq vaqt o‘tirish bavosil kasalligiga olib kelishi ehtimoli katta. Sababi shundaki, bunday holatda to‘g‘ri ichakdagi qon tomirlariga bosim ortadi, paylar hamda biriktiruvchi to‘qimalar kuchsizlanadi va natijada og‘riqli tugunlar hosil bo‘ladi.
Ushbu xastalik xalq orasida ko‘pincha bavosil (gemorroy) nomi bilan yuritiladi. Tadqiqot 2024-yilning 8-yanvaridan 15-dekabrigacha Boston shahrida kolonoskopiya tekshiruvidan o‘tgan katta yoshlilar orasida o‘tkazilgan. Jami 125 kishi ishtirok etgan bu izlanishda ko‘ngillilar demografik ma’lumotlari, ovqatlanish tartibi, jismoniy faollik, ichak faoliyati va hojatxonadagi odatlari haqida onlayn so‘rovnomaga javob berishgan.
Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 66 foizi — ya’ni 83 kishi hojatxonada telefondan foydalanishini ma’lum qilgan. Ularning 43 foizida kolonoskopiya jarayonida gemorroy aniqlangan. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan batafsil tekshiruvlar bu holatni ikki mustaqil endoskopist hamda ko‘z bilan ko‘rish orqali tasdiqlagan.
Tahlil natijasi shuni ko‘rsatdiki, telefon bilan hojatxonada o‘tirish bavosilga chalinganlik xavfini 46 foizgacha oshiradi. Olimlar buning asosiy sababini bir holat bilan izohlashdi: smartfon odamga vaqtni sezdirmaydi va natijada unitazda o‘tirish vaqti ortib ketadi. Uzoq vaqtlik bosim esa qon tomirlarining kengayishi va og‘riqli tugunlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari odamlarga oddiy tavsiya ham berishgan: hojatxonaga kirganda telefonni tashqarida qoldirish, u yerda 5 daqiqadan ortiq vaqt o‘tkazmaslik, agar jarayon cho‘zilsa, tanaffus qilib keyin qayta o‘tirish. Bunday qoidalar xavfni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Shu tariqa, zamonaviy turmush tarzida oddiy ko‘rinadigan odatlar sog‘liqqa jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi yana bir bor isbotlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!